platina.uz

Koʻrinmas front askarlari: “Kanadacha ayyorlik” yoxud “Argo” operatsiyasi

Eronda xavf ostida qolgan diplomatlarni AQSh va Kanada josuslari ajoyib nayrang bilan qutqarib qolgani katta shov-shuv boʻlgan.

Maqola
20-noyabr, 20:12
Koʻrinmas front askarlari: “Kanadacha ayyorlik” yoxud “Argo” operatsiyasi

AQShning Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) oʻz imkoniyatlari va vakolatlaridan nafaqat dushmanga zarar yetkazish, balki falokatga uchragan doʻstlari hamda vatandoshlariga yordam berish uchun ham foydalanadi. Bunday operatsiyalar MRB rahbariyati yoki AQSh prezidentining bevosita topshirigʻi va ruxsati bilan amalga oshiriladi. Ammo ushbu operatsiyalarni tayyorlagan va amalga oshirgan MRB haqida gapirilmaydi, sir tutiladi, maqtovni boshqa tashkilot yoki davlatlar eshitadi. Faqat oradan bir necha yillar oʻtibgina, bu haqdagi mish-mishlar va taxminlarga chek qoʻyish uchun asl manzara fosh etiladi.

“Argo” operatsiyasi yoki rasmiy doiralarda “Kanadacha ayyorlik” (Operation "Canadian Caper") deb nomlangan amaliyot ham shunday xususiyatdagi maxfiy tadbir boʻlgan.

U nafaqat MRB oʻtkazgani yoki MRBga aloqadorlikni yashirish uchun maxfiylashtirilgan, balki shunday qilinmasa, butun operatsiyani oʻtkazishdan maʼno qolmas va bir necha amerikalik fuqaro johil inqilobchilar qoʻlida qiynoqdan halok boʻlishi mumkin edi.

Qutqaruv missiyasi

“Argo” operatsiyasi 1980 yil yanvar oyida, Eron islom inqilobi paytida olti nafar amerikalik diplomatni poytaxt Tehrondan olib chiqish uchun amalga oshirilgan muvaffaqiyatli qutqaruv operatsiyasi boʻlgan.

1979 yil 4 noyabrda bir guruh eronlik talabalar Amerikaning Erondagi elchixonasiga bostirib kirishdi. Ular Amerikaning Eron shohi Muhammad Rizo Pahlaviyga siyosiy boshpana berib, qoʻllab-quvvatlayotganiga noroziliklarini ifoda qilish uchun Amerikaning Tehrondagi elchixonasini egallab olishdi. Bu oʻtkir siyosiy inqirozga olib keldi. Bu orada olti amerikalik diplomat qochishga muvaffaq boʻldi va Kanada elchixonasi xodimlarining uylariga yashirindi. Bu “Kanadacha ayyorlik” operatsiyasini ishlab chiqishga turtki boʻldi.

Operatsiya ishtirokchilari

Operatsiyada kanadalik diplomatlar, xususan, Kanadaning Erondagi elchisi Ken Teylor muhim rol oʻynagan. U amerikalik diplomatlarga boshpana bergan, shuningdek, bir necha oy davomida ularning xavfsizligini taʼminlagan.

Operatsiyani tashkil qilish uchun AQSh hukumati MRBga murojaat qildi. Operatsiyani MRBning soxta hujjatlar va maxfiy “afsona” yaratish masalalariga ixtisoslashgan Toni Mendes ismli agenti boshqargan.

Operatsiyani rejalashtirish

Rejaning asosiy gʻoyasi quyidagicha edi. Avvalo Eronda “Argo” nomli ilmiy-fantastik filmni suratga olishni maqsad qilgan, Kanadaning soxta film ishlab chiqaruvchi kinokompaniyasini yaratish kerak edi. Keyin Amerika diplomatlarini Kanadaning yangi pasportlari va ushbu “film guruhi” aʼzosi ekanini tasdiqlovchi hujjatlar bilan taʼminlashadi. Oxirgi bosqichda AQSh diplomatlarni Eron xavfsizlik postlari va aeroportdagi nazorati orqali olib chiqib ketishning uddasidan chiqilsa bas, olam guliston.

Operatsiyani tayyorlash va amalga oshirish

Soxta film va soxta kinokompaniya uchun “afsona” yaratildi. “Argo” kinoloyihasi goʻyoki real ekanini isbotlash uchun ssenariy va reklama materiallari va boshqa soxta hujjatlar yaratildi. Hatto Hollivudda “Argo” kinofilmini suratga olish boshlangani haqida jiddiy maqolalar chop etildi.

Shu maqsadda soxta suratga olish guruhi tuzildi. Agent Toni Mendesning shaxsan oʻzi prodyuser niqobi ostida Tehronga tashrif buyurib, yashiringan diplomatlar bilan uchrashdi va ularga soxta hujjatlarni tarqatdi. Shuningdek, ularga yolgʻon tarjimai hol va tafsilotlarni yod oldirdi.

Prezident eʼtiboridagi operatsiya

AQSh prezidenti Jimmi Karter kursda edi. U Toni Mendesga omad tilab xatcha joʻnatdi. Prezidentning bunday qilishi gʻayrioddiy holat edi. Chunki AQShda prezident MRB agentlari bilan bevosita muloqotga kirishmaydi.

Tehronga uchib kelgan Mendes shaharda hukm surayotgan boshboshdoqliklardan hayrat edi.

Tunlari inqilobiy gvardiya jangarilari mashinalarda boʻm-boʻsh koʻchalarda poyga oʻynar, uylarning derazalarini avtomatdan oʻqqa tutishar edi.

Operatsiyaning kulminatsion nuqtasi

1980 yil 27 yanvarda Kanada pasportini qoʻlida ushlab olgan olti nafar diplomat yangi nomlar ostida Shveysariya aviakompaniyasining Tehrondagi reysiga chiqib olishga va Eronni tark etishga muvaffaq boʻldi. Operatsiyaning asosiy nuqtasi aeroportdagi xavfsizlik xizmatidan oʻtish edi, xayriyatki, bu jarayon ham muammosiz oʻtdi. Diplomatlar Shveysariyaning Syurix shahriga muvaffaqiyatli yetib kelishdi va ularni Amerika hukumati rasmiylari kutib olishdi.

Operatsiyadan keyin

“Kanadacha ayyorlik” operatsiyasi muvaffaqiyatli oʻtkazilgach, Kanadaning Tehrondagi elchisi Ken Teylor qahramonga aylanib, olqishlandi. Kanadada ham, AQShda ham koʻplab mukofotlarga sazovor boʻldi. Kanada hukumati oʻz xodimlari xavfsizligini taʼminlash maqsadida Tehrondagi elchixonasini vaqtincha yopdi.

Mazkur operatsiya uzoq vaqt sir saqlandi. Faqat 1997 yilda MRB mazkur operatsiya tafsilotlarini oshkor qildi va nihoyat uning hissasi keng jamoatchilikka maʼlum boʻldi.

Operatsiyaning maʼnosi va oqibatlari

"Kanadacha ayyorlik" Kanada va AQSh oʻrtasidagi diplomatik muvofiqlashtirish va samarali razvedka hamkorligining muhim namunasi boʻldi. Shuningdek, u insonning topqirligi va inqiroz davrida psixologik hiyla-nayranglardan foydalanish qobiliyatini taʼkidladi. Mazkur tarix 2012 yilda rejissyor Ben Afflek tomonidan suratga olingan “Argo” filmida oʻz aksini topdi. “Argo” operatsiyasi koʻplab mukofotlarga, jumladan, “Eng yaxshi film” uchun Oskar haykalchasiga sazovor boʻldi.

Tanqidchilar ham topiladi

“Kanadacha ayyorlik” operatsiyasi muvaffaqiyatli oʻtgan boʻlsa-da, baʼzi kanadaliklar "Argo" filmini kanadalik diplomatlarning rolini kamaytirgani va MRB roliga asosiy eʼtibor qaratgani uchun tanqid qilishdi. Bu ushbu missiyaning qahramoni sifatida kim tan olinishi kerakligi haqida yangi munozaralar toʻlqinini keltirib chiqardi. Biroq tan olish kerak, MRB agenti Toni Mendes boʻlmaganida mazkur operatsiya muvaffaqiyatli chiqmagan boʻlardi, ehtimol...

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+