platina.uz
Siyosat

Abdulla Aripov bosh vazir lavozimiga tasdiqlandi

Yangi hukumat kelgusi 5 yilga moʻljallangan harakatlar dasturini taqdim etdi.

Abdulla Aripov bosh vazir lavozimiga tasdiqlandi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida Abdulla Aripov nomzodi bosh vazirlikka tasdiqlandi. Majlisda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

“Abdulla Aripov katta tashkilotchilik salohiyatiga ega boʻlgan, ijro hokimiyati tizimida boy bilim va tajriba orttirgan, masʼuliyatni doimo chuqur his etadigan rahbar”, dedi prezident

Davlat rahbari oʻz nutqida mutlaqo yangi vakolat va vazifalarga ega boʻlgan hukumat shakllanayotganini qayd etdi.

"Buni Konstitutsiya darajasida birinchi marta kambagʻallikni qisqartirish, oziq-ovqat xavfsizligi, investitsiya, ekologiya kabi muhim yoʻnalishlarda Vazirlar Mahkamasining majburiyatlari belgilab qoʻyilgani ham tasdiqlaydi. Xalqimiz bugun ana shunday hal qiluvchi masalalar boʻyicha yangi hukumatdan aniq natijalarni kutmoqda", dedi prezident.

Qayd etilishicha, oʻtgan davrda Oʻzbekiston iqtisodiyoti 2 karra oʻsib, 100 milliard dollarlik tarixiy marradan oshdi. Aholi jon boshiga daromad 3 ming dollarga yetishi kutilmoqda (2018 yilda – 1 ming 600 dollar boʻlgan).

Xususan, Jahon banki 2024 yilda Oʻzbekiston Yevropa va Markaziy Osiyoda iqtisodiyoti eng tez oʻsayotgan 3 ta davlat qatoridan joy olganini eʼtirof etdi. Kambagʻallik darajasi soʻnggi 4 yilda 23 foizdan 11 foizga tushdi. Bu yil 9 foizga tushishi kutilmoqda.

Eksport qariyb 2 barobar oʻsib, ilk bor 25 milliard dollardan, oltin-valyuta zaxiralarimiz esa 40 milliard dollardan oshdi. Oʻzlashtirilgan xorijiy investitsiyalar hajmi 6 karra koʻpayib, buning hisobiga 1,5 millionta yuqori daromadli ish oʻrinlari yaratildi. Yalpi ichki mahsulotda investitsiyalar ulushi 30 foiz darajasida taʼminlandi.

Davlat rahbari hukumat faoliyatining eng muhim yoʻnalishlarini belgilab berdi.

Avvalo, makroiqtisodiy muvozanatni saqlab, kelgusi besh yilda iqtisodiy oʻsish surʼatini 6-7 foiz atrofida taʼminlash zarur. Bunda inflyatsiya darajasi 5-6 foiz, byudjet taqchilligi 3 foiz doirasida boʻlishiga erishish, yillik kreditlash hajmini 30 milliard dollarga olib chiqish asosiy vazifa boʻladi.

Ushbu davrda hukumat kamida 100 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalarni oʻzlashtirishga hamda yillik eksport hajmini 45 milliard dollarga olib chiqib, unda tayyor mahsulotlar ulushini 50 foizga yetkazishga erishishi lozim.

Shu bilan birga norasmiy iqtisodiyotni “soyadan chiqarish”da raqamli texnologiyalarni tayanch vositaga aylantirish lozim. Xususan, kelgusi yilda naqd pulsiz hisob-kitoblarni yanada ragʻbatlantirib, onlayn toʻlovlar ulushini 60 foizga yetkazish muhim vazifa boʻladi.

Jahon savdo tashkiloti bilan hamkorlik doirasida asosiy chora-tadbirlar amalga oshirilgani va yaqin yillarda ushbu tashkilotga albatta aʼzo boʻlib kirishimiz taʼkidlandi.

2025 yilda 1 million aholini kambagʻallikdan chiqarish Vazirlar Mahkamasi iqtisodiy kompleksining asosiy vazifasi etib belgilanadi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid