platina.uz
Iqtisod

Iqtisodiyotdagi prognozlar va kutilmalar eʼlon qilindi

Hisobot loyihasiga koʻra, 2025 yil yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston davlat qarzi 45,1 milliard dollarga yetishi (YaIMga nisbatan 36,7 foiz) mumkin. 

Iqtisodiyotdagi prognozlar va kutilmalar eʼlon qilindi

Geosiyosiy keskinliklar, global iqtisodiy oʻsish surʼatlarining sekinlashuvi va yuqori inflyatsiya sharoitida Oʻzbekiston iqtisodiyotining real ahvoli qanday? Yaqinda eʼlon qilingan “Fuqarolar uchun byudjet” nashrining keyingi yil uchun ishlab chiqilgan loyihasida bu boradagi prognozlar va kutilmalar bilan tanishish mumkin.

Jumladan, 2025 yilda konsolidatsiyalashgan byudjet defitsiti 49,3 trln soʻm (YaIMga nisbatan 3,0 foiz), 2026-2027 yillardagi moʻljallarda mos ravishda 55,5 trln soʻm (YaIMga nisbatan 3,0 foiz) va 64,1 trln soʻm (YaIMga nisbatan 3,0 foiz) miyoqsida boʻlishi prognoz qilinmoqda.

Xususan, kelasi yilda davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalarining daromadlari va xarajatlari oʻrtasidagi saldo farqi 32,4 trln soʻm miqdoridagi defitsit bilan ifodalanadi. Tashqi qarz hisobidan davlat dasturlari borasidagi defitsit esa 18,8 trln hajmida boʻlishi kutilyapti.

Rejalashtirilgan xarajatlarni qoplash uchun yetmaydigan mablagʻni (49,3 trln soʻm) va 46,1 trln soʻm miqdoridagi asosiy qarzni qoplash uchun esa xalqaro moliya institutlarining kreditlari va yevrobondlar chiqarish (38,3 trln soʻm), davlat maqsadli dasturlarini amalga oshirish uchun qarzlar olish (18,8 trln soʻm) kabi tashqi manbalardan, shu bilan birga, davlat gʻaznachilik obligatsiyalarini chiqarish (25,2 trln soʻm), davlat aktivlarini xususiylashtirish (10 trln soʻm), avvalgi yillarda berilgan byudjet ssudalarining qaytishi (3,1 trln soʻm) kabi ichki manbalardan (jami 57,1 trln soʻm, manbalarning 60 foizi) foydalanish koʻzda tutilgan.

Umumlashtiradigan boʻlsak, tashqi manbalar jami 38,3 trln soʻm (40%), ichki manbalar esa 57,1 trln soʻm (60%) miqdorida boʻlishi maʼlum qilingan.

Hisobot loyihasiga koʻra, 2025 yil yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston davlat qarzi 45,1 milliard dollarga yetishi (YaIMga nisbatan 36,7 foiz) mumkin.

2024 yil yakuni boʻyicha hisob-kitoblar esa davlat tashqi qarzi joriy yildap 33,9 mlrd dollar (YaIMga nisbatan 30,3 foiz), 2025 yilda 39,4 mlrd dollar (YaIMga nisbatan 32,1 foiz) boʻlishi kutilyapti.

Avval ham maʼlum qilganimizdek, joriy yilda tashqi qarz olish chegarasi 5 mlrd dollarni tashkil etgan boʻlsa, 2025 yilda bu koʻrsatkich 5,5 mlrd dollargacha oshiriladi. Ushbu mablagʻning 3 mlrd dollari davlat byudjetini qoʻllab-quvvatlashga, 2,5 mlrd dollari esa investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi. Keyingi yilda Oʻzbekiston nomidan 30 trln soʻmlik davlat qimmatli qogʻozlari chiqarilishi ham rejalashtirilmoqda.

Hisob-kitoblarga koʻra, kelasi 3 yilda Oʻzbekiston davlat qarzi 40 foizdan ortishi mumkin. Jumladan, joriy yil oxirida mazkur koʻrsatkich 39,7 mlrd dollarga, 2027 yilning yakuniga borib esa 55,9 mlrd dollarni tashkil etadi.

Umuman olganda, ayni paytda Oʻzbekiston iqtisodiyoti barqarorligicha qolmoqda. Prognozlarga koʻra, 2025 yilda iqtisodiy oʻsish surʼati 6 foizni tashkil etadi. Bu koʻrsatkich 2026 yilda 6,1 foizga, 2027 yilda esa 6,3 foizga yetishi kutilmoqda.

Tavsiya etamiz

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid