Andijondagi Bobur haykalini uchinchi marta koʻchirishmoqchi
Viloyat hokimligiga koʻra, haykalni koʻchirish uchun ilmiy kengash vakillari, boburshunoslar va oqsoqollar ruxsat bergan.

Andijon shahridagi Zahiriddin Muhammad Bobur haykali mustaqil Oʻzbekiston davrida uchinchi marta boshqa joyga koʻchirilishi kutilyapti.
"Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qaror loyihasining 16-bandida shunday taklif bor:
"Zaxiriddin Muhammad Bobur haykalini Andijon shahridagi "Registon" maydoniga koʻchirish, buning hisobiga boʻshaydigan 1,2 gektar yer uchastkasida 2 ta 20 va 16 qavatli turar-joy majmuasi barpo etilishi va 90 mln dollar miqdorida investitsiya kiritilishi koʻzda tutilgan".

Shuningdek, viloyat hokimligi taklifi bilan Alisher Navoiy nomidagi istirohat bogʻining 10,7 gektar qismida Andijon city ishbilarmonlik markazi, 19 ta 18 qavatli va 7 ta 28 qavatdan yuqori turar-joy va xizmat koʻrsatish majmualari barpo etiladi.
Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati Bobur haykali koʻchirilishiga munosabat berdi. Ularning izohiga koʻra, Bobur xotirasiga atab barpo etilgan maydon yangi qurilayotgan koʻprik yaqinida joylashgan boʻlib, loyiha qurilishi yakunlangach, ushbu maydon anchayin yopiq koʻrinishga kelib, maydonning bir qismi koʻprik ostida qoladi.
Qayd etilishicha, ilmiy kengash vakillari, boburshunoslar hamda Andijon oqsoqollari boshchiligida ushbu mavzu muhokama etilib, kerakli xulosa yasalgan. Ammo Navoiy bogʻidagi qurilishga izoh berilmagan.
Eslatib oʻtish kerak, Bobur haykali avval viloyat hokimligi binosida yonida joylashgan edi. Keyinchalik Pushkin maydoni yaqiniga koʻchirilgan.