platina.uz
Siyosat

Parlamentda muxolifatni jonlantirish kerak – Shavkat Mirziyoyev

Prezident Oliy Majlis Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisida shu haqda gapirdi.

Parlamentda muxolifatni jonlantirish kerak – Shavkat Mirziyoyev

Shavkat Mirziyoyev parlamentda muxolifatni jonlantirish zarurligini aytdi. Prezident bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisida qatnashdi.

Buning uchun davlat rahbari parlamentdagi muxolifatga kafolatlangan huquqlari sonini 3 tadan 6 taga oshirish, 1 nafar qoʻmita raisi va 2 nafar qoʻmita raisi oʻrinbosari lavozimlarini kafolatli egallash, har chorakda “Hukumat soati” va parlament soʻrovi doirasida kamida bittadan masala kiritish kabi qoʻshimcha huquqlar berishni taklif qildi.

"Saylovlardagi sogʻlom raqobat, muxolif fikrlar kurashi parlamentga koʻchib oʻtsa, bu albatta xalq manfaatlariga mos qonunlar ishlab chiqilishiga xizmat qilishiga ishonamiz", dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyevning taʼkidlashicha, saylovlar toʻliq ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik muhitida oʻtgani, qoʻllangan zamonaviy texnologiyalar ham bu jarayonda muhim rol oʻynagan. Jumladan, saylovning barcha bosqichlari toʻliq raqamlashtirilib, “E-saylov” axborot tizimi joriy qilindi. Ovoz berish jarayonlarini onlayn kuzatish imkoni yaratildi, ilk bor elektron ovoz berish sinovdan oʻtkazildi.

Saylovlarni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi kabi 13 ta nufuzli xalqaro tashkilot, 40 dan ziyod davlatdan 850 nafar xorijiy va 65 mingdan ziyod mahalliy kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalarining mingdan ortiq vakillari kuzatib bordi.

Davlat rahbari parlament faoliyatida yutuqlar bilan birga eʼtibordan chetda qolgan masalalar ham boʻlganini ham qayd etdi. Xususan, toʻgʻridan-toʻgʻri ishlaydigan va aniq ijro mexanizmlariga ega qonunlar ulushi kamligicha, parlament va deputatlik nazorati ijtimoiy soha bilan cheklanib qolmoqda.

"Deputatlarning saylov okrugidagi faoliyati asosan uchrashuvlar tashkil etish, shikoyat va savollarga rasmiy javob berishdan iborat boʻlib qolmoqda. Misol uchun, islohotlarning muhim qismi boʻlgan kambagʻallikni qisqartirish masalasida deputatlarimiz hali oʻz oʻrnini topa olgani yoʻq.

Soʻnggi yillarda Birlashgan Millatlar Tashkiloti va mintaqa doirasida bir qator yirik tashabbuslar ilgari surildi. Ana shu tashabbuslarning mohiyati va ahamiyatini xalqimizga yetkazishda deputatlarda, afsuski, faollik yetishmayapti", deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Soʻnggi paytlarda uy-joy qurib berishni vaʼda qilgan quruvchi va unga ishonib sarmoya kiritgan aholi oʻrtasida nizolar koʻp uchrayapti. Shuning uchun aholi va keng jamoatchilikning fikrini oʻrganib, eskirgan uylar oʻrnida zamonaviy koʻp qavatli uy-joylar qurish uchun “Renovatsiya toʻgʻrisida”gi qonunni qabul qilish kerakligi taʼkidlandi.

Shuningdek, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, ajratilayotgan mablagʻlar oʻz egasiga yetib borishini taʼminlash uchun majburiy tibbiy sugʻurta tizimini qonun bilan mustahkamlab qoʻyish alohida aytildi. “Xususiy maktab va bogʻcha quraman”, degan investorlarni qoʻllab-quvvatlash, ularga yanada keng sharoitlarni yaratib berish masalalariga eʼtibor berildi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid