platina.uz
Maqola

Ochilmagan sirlar. Oʻz-oʻzidan yonib ketish fenomeni

Yongʻindan xonadagi boshqa narsalar zarar koʻrmagan – hatto yaqin atrofdagi gazetalarga olov oʻtmagan. Devorlarda ham, shiftda ham kuyish izlari topilmagan, xonada tutun hidi deyarli sezilmasdi.

Ochilmagan sirlar. Oʻz-oʻzidan yonib ketish fenomeni
Fotokollaj: Platina.uz

1951 yil 1 iyul kuni ertalab Sankt-Peterburg shahrida (AQShning Florida shtati) yashovchi bir yigit onasidan xabar olgani borganida, katta fojea ustidan chiqadi. Uning 67 yoshli onasi butunlay yonib kul boʻlgan edi. 79 kilogrammlik keksa amerikalik Meri Rizerdan bir uyum kul va .... bus-butun oyoqlari qolgan edi xolos. Qaygʻuga tushgan yigit onasi yotgan xona eshigining tutqichlari hamon issiq ekani payqaydi...

Bu Meri Rizer, uning dahshatli voqeasi haqida deyarli butun dunyo bilgan.

Toʻxtab qolgan soat yongʻin sodir boʻlgan vaqtni – ertalabki 4:20 ni koʻrsatib turardi. Katta ehtimol bilan Meri yumshoq oromkursida mudrab oʻtirgan boʻlgan. Yongʻin roʻy bergach, oromkursi ham yonib ketgan. Eng qizigʻi, yongʻindan xonadagi boshqa narsalar zarar koʻrmagan – hatto yaqin atrofdagi gazetalarga olov oʻtmagan. Devorlarda ham, shiftda ham kuyish izlari topilmagan, xonada tutun hidi deyarli sezilmasdi.

"Bu men koʻrgan eng hayratlanarli manzara, – degan edi oʻshanda Pensilvaniya universiteti tibbiyot fakultetining sud-tibbiy eksperti, keyinchalik tergovda ishtirok etgan doktor Uilton Krogman. – Tananing kuchli yonishi qanday qilib atrofni keng qamrab oluvchi yongʻinga sabab boʻlmaganini tushunish qiyin. Bunday kuchli alanga albatta xonada yongʻin chiqarib, undagi barcha jihozlarni kuydirib kul qilishi kerak edi. Mutaxassislar turli tekshiruvlar va oʻrganishlar natijasida yakdil xulosaga kelishdi: ayolni hech kim yoqib yubormagan, u oʻz-oʻzidan yonib ketgan!

Qora tuflidagi oyoq va bir hovuch kul – Meri Rizerdan faqat shular qolgan.
Politsiya oʻz-oʻzidan yonish sodir boʻlgan xonani tekshirmoqda.

Ilmiy fenomen

Meri Rizerning yonib ketgani hozirda “odamning oʻz-oʻzidan yonishi (Spontaneous Human Combustion – SHC) deb ataladigan dahshatli hodisaning klassik namunasi hisoblanadi.

Bu kabi hodisalar 2 asr oldin ham qayd etilgan. Masalan, 1870 yilda Shotlandiyadagi Aberdin universitetida bir risola nashr etilgan. Uning mualliflari hamkasblarining bunday sirli hodisalarga munosabatini tahlil qilishgan. Fikri soʻralgan 35 olimdan faqat 8 nafari buni yolgʻon degan yoki boshqalar tomonidan yoqilgan deya baho bergan. Qolganlari esa odamning oʻz-oʻzidan yonib ketishi mumkinligiga shubha qilmagan.

SHC’dan oʻlganlar soni unchalik koʻp emas – oxirgi 300 yil davomida 200 ta (baʼzi maʼlumotlarda – 120 ta) shunday holat hujjatlashtirilgan xolos. Oʻzbekistonga yaqin mintaqalardan faqat Rossiyada, faqat bir kishining oʻz-oʻzidan yonib ketgani qayd etilgan. Choʻpon Bisen Mamayev 1990 yil 11 noyabrda Saratov va Volgograd viloyatlari chegarasidagi dalada toʻsatdan yonib ketgan. Uning qoldiqlarini akasi topgan. Yongʻin choʻponning ichki aʼzolarini butunlay kuydirgan, terisi biroz kuygan boʻlsa-da, ichki kiyimini kuydirib kul qilgan. Ustki kiyimlariga deyarli shikast yetmagan.

Tarixga nazar

Odamning oʻz-oʻzidan yonib ketish hodisasi ilk marta 1470 yilda dalillar bilan hujjatlashtirilgan. Bir kuni italiyalik ritsar Poloniy Vortiy haddan ziyod koʻp sharob ichib qoʻyadi. Bir mahal u, qarindoshlarining koʻz oʻngida, ogʻzidan alanga purkay boshlaydi, soʻngra bir necha daqiqa ichida alangalanib, yonib ketadi. Bu va boshqa shunday holatlarda shayton oʻt qoʻyadi degan izohlar tarqala boshlagan...

1725 yilda esa Fransiyaning Reyms shahrida yashovchi Nikolya Mille tun yarmida quyuq tutun va kuyish hididan boʻgʻilib, uygʻonib ketadi. U qoʻrqib, qoʻshni xonada yotgan xotinini qutqarish uchun otiladi. Biroq xotinining toʻshagida bir uyum kul, bosh suyagi va olov tegmagan oyoqlari qolgan edi xolos (hatto qovurgʻalari va umurtqa suyaklari ham yonib kul boʻlgan!). Politsiya bunday hodisaga birinchi bor duch kelgani bois, Nikolyani xotinini oʻldirishda ayblaydi. Biroq sud vaziyatni oʻrganib chiqqach, ayolning oʻz-oʻzidan yonib ketish natijasida vafot etganiga ishonch hosil qiladi va Nikolyadan qotillik boʻyicha ayblovni olib tashlaydi. Aytish joiz, Nikolyaning xotini spirtli ichimliklarga mukkasidan ketgan piyonista boʻlgan. Gʻalati joyi – ayol yotgan somon toʻshak yonmagan, butun qolgan.

1763 yilda fransuz Jan Dyupon De Incendiis Corporis Humani Spontaneis nomli kitobini chop ettirdi. Unda odamlarning oʻz-oʻzidan yonib ketish holatlari qayd etilgan.

1850 yilda esa nemis kimyogari Yastus fon Leybig odamlarda oʻz-oʻzidan yonish boʻyicha dastlabki ilmiy tadqiqotini oʻtkazdi. Oʻsha paytda keng tarqalgan gipoteza boʻyicha, faqat aroqqa “boʻkkan” odamlar oʻz-oʻzidan yonib ketadi deb oʻylashgan. Kimyogar bu taxminning notoʻgʻri ekanini isbotlashga harakat qilgan.

1986 yilda esa Nyu-Yorkda yanada gʻalati hodisa roʻy berdi. Bir erkak oʻz uyida yonib ketdi. Shunga oʻxshash hodisalarda boʻlgani kabi, faqat odamning oʻzi yongan, xonadagi barcha buyumlar yonmay qolgan. Hatto murda qoldiqlari yonida yotgan gugurt qutisi ham yonmagan! Taqdir hazilini qarangki, yongan erkakning oʻzi oʻt oʻchiruvchi boʻlib ishlagan.

Eng oxirgi hujjatlashtirilgan dalil 2010 yil 22 dekabrda qayd etilgan. Oʻshanda Irlandiyada yolgʻiz chol, 76 yoshli Maykl Fogerti yonib ketgan edi. Bir yil davomida tergovchilar bilan kurashgan ekspertlar, nihoyat, pensionerning oʻlimiga oʻz-oʻzidan yonish sabab boʻlgani haqida xulosa berishgan.

Sabab nimada: aroqning kasofatimi?

Uzoq vaqt davomida jiddiy tadqiqotchilar faqat piyonistalarning oʻz-oʻzidan yonib ketishi mumkinligiga ishongan. Yaʼni, butun umr ichib, tanasi spirtga boʻkkan odam, yana aroq ichganida qandaydir uchqun yoki tamaki chekmoqchi boʻlganida yondirgich uchqunidan alanga olib, butun tanasini kuydirib yuborar emish.

Biroq bu taxminni tajriba yordamida tekshirib koʻrishganida, u isbotini topmadi. Germaniyalik olim Yastus fon Leybig odamning spirtga boʻktirilgan toʻqimalari ham darrov yonib ketmasligini aniqlagan. Bundan tashqari, u hatto kalamushlarning oʻliklariga bevosita 70 foizli spirtni yuborib, yoqishga uringan, biroq uddasidan chiqmagan. Shu tarzda spirt aybsiz boʻlib chiqqan.

“Shar chaqmoq” taxmini

Baʼzilar bu kabi sirli yonib ketish hodisalarida shar chaqmoqni aybdor qilishadi – goʻyoki shar chaqmoq odamlarning ichiga kirib ketib, ularning yonib ketishiga sabab boʻlar emish. Xususan, Yangi Zelandiyada yashovchi olim Jon Abraxamson shunday fikr tarafdori. Ammo bu faraz shu paytgacha ilmiy tarzda tasdiqlanmagan. Bunga misollar ham yoʻq, aslini olganda.

Shar chaqmoqning hosil boʻlishi.

"Pilik gipotezasi"

Bu hodisalarni tushuntirishga urinuvchi "Pilik gipotezasi" hozir ham mashhur boʻlib, toʻliq rad etilmagan.

"Tirik sham" deb ham nomlanuvchi ushbu gipoteza 1961 yilda londonlik shifokor Gevin Turston tomonidan Medico-Legal Journal nashrida eʼlon qilingan. U kiyimdagi odam pilikka aylanadi, deb ishongan. Aytaylik, odam yona boshlasa, uning badanidagi yogʻlar erib tushib, butun tananning yonib bitishini taʼminlar emish.

“Pilik nazariya”si boʻyicha tajriba jarayoni televizorda ikki marta – 1986 va 1998 yillarda BBC’ning ilmiy-ommabop dasturlarida namoyish etilgan. Tajriba doirasida mato bilan oʻralgan choʻchqa tanasi yoqilgan. Ammo murda juda uzoq – 12 soat yongan. Va uning ustiga yopilgan kiyimlari saqlanmagan, yonib ketgan. Shuningdek, oʻzi yongan odamlar kabi kuyib kul boʻlib ketmagan.

"Kiyingan" choʻchqa yaxshi yondi, lekin uzooooq yondi. Qiyinchilik bilan yondi.

“Ketoz” versiyasi

“Pilik” nazariyasi ilmiy jihatdan ham ishonchsiz. Chunki badanda spirt toʻplanmaydi. Lekin inson toʻqimalarida tez alangalanuvchi moddalar toʻplanishi mumkin. Shulardan asosiysi – atseton moddasi.

Tirik organizmdagi metabolik jarayonda atseton ishlab chiqarilishi qonda inson organizmidagi asosiy energiya manbai boʻlgan glyukoza darajasi pasayganda boshlanadi. Bunday tanqislik badanda muqobil mexanizmlarning faollashuviga olib keladi. Tanadagi yogʻ hujayralari parchalana boshlaydi. Jigar javobgar boʻlgan biokimyoviy reaksiyalar zanjiri oxir-oqibat qonga maxsus moddalar – ketonlar deb ataladigan moddalar chiqarilishiga sabab boʻladi. Ular glyukoza oʻrniga oʻrindosh boʻlib, oziqlanish manbalari va energiya tashuvchilarga aylanadi.

Aseton esa ketonning bir turi. Ketoz toʻplanishiga baʼzi parhez shakllari va ochlik sabab boʻladi. Bu baʼzan qandli diabet kabi kasalliklar ham olib keladi.

Eksperimental biolog Brayan J.Fordning fikricha, organizmda yonuvchi moddalarning ortiqcha toʻplanishi oʻz-oʻzidan yonib ketishni keltirib chiqaradi. Olim buni choʻchqa goʻshti boʻlaklarini atsetonda "marinatsiya qilish" orqali sinab koʻrdi.

Ford goʻsht lahmlaridan inson tanasining masshtabli modellarini yasadi. Keyin modelni kiyintirdi va olov qoʻydi. Model yarim soatdan kam vaqt ichida yonib tugadi. Baʼzi joylarda kiyim-kechaklarga olov tegmadi. Qoʻl-oyoqlari ham saqlanib qolgan. Bu manzara xuddi oʻz-oʻzidan yonish qurbonlari fotosuratiga oʻxshaydi.

"Biz oyoq va qoʻllar yonmay qolishini tabiiy, deb hisoblaymiz, chunki ularda yogʻ qatlami oz boʻlgani bois atseton yetarli miqdorda toʻplanmaydi", deydi olim.

Albatta, bir savol ochiqligicha qolmoqda: kuchli yongʻin qayerdan kelib chiqadi? Badanda tez yonadigan moddalar toʻplangani bilan, uni yoqib yuboradigan uchqun qayerdan paydo boʻladi? Ford bu borada aniq fikrga ega emas. U faqat ishqalanishlar natijasida hosil boʻladigan statik elektr toki odamni olovga qoʻyishda ishtirok etishi mumkinligiga ishonadi. Shuning uchun olim sintetik kiyim kiyishni maslahat bermaydi, chunki bunday mato tez-tez uchqun hosil qiladi. Bu, ayniqsa, tanasida ketoz koʻp odamlar uchun xavfli.

Mikrobiologik nazariya

Gʻayrioddiy, ammo qiziqarli tushuntirishlardan biri shundaki, oʻz-oʻzidan yonib ketishga tanadagi biologik jarayonlar sabab boʻlishi mumkin. Bunday holda, inson tanasiga taʼsir qiluvchi bakteriyalar yoki zamburugʻlar yalligʻlanishni kuchaytiradigan oʻziga xos reaksiyaga sabab boʻlishi mumkin. Shu kabi hodisalar boshqa sohalarda, masalan, organik materiallarning parchalanishi paytida kuzatiladi. Yaʼni mikroorganizmlar taʼsirida toʻsatdan tana harorati oshib ketib, yongʻin paydo boʻlar emish.

Qaysi taxminga ishonaylik?

Oʻz-oʻzidan yonib ketish fenomenini ilmiy tushuntirish tarafdorlari, bu kabi barcha holatlar pul olish uchun yoki shov-shuv koʻtarish maqsadlarida oʻylab topilgan oddiy yolgʻon yoki yaxshi rejalashtirilgan jinoyatlar deb hisoblashadi.

Masalan, 1938 yilda Britaniya tibbiyot jurnalida eʼlon qilingan bir maqolada shunday taxmin eʼlon qilingan: oʻz-oʻzidan yonib ketganlarning aksariyati keksa yoshdagi, aroqqa mukkasidan ketgan, yolgʻiz yashaydigan ayollar boʻlishgan. Guvohlarning aytishicha, ular yonib ketishdan oldin juda tushkun kayfiyatda yurishgan. Ularning murda qoldiqlari garchi kulga aylangan boʻlsa-da, oʻta noxush hid chiqargan.

Diqqatga sazovor jihati shuki, oʻz-oʻzidan yonib ketganlarning qoldiqlari bevosita olov manbalari, shamlar yoki oʻchoqlar oldidan topilgan. Biroq mazkur hodisa atrofida mistik atmosfera yaratish maqsadida ataylab bu maʼlumotni yashirishadi.

Paranormal hodisalar tadqiqotchisi Brayan Danning esa “bu hodisalarning yagona sababi – olov oldida uzoq oʻtirish boʻlganiga” ishonadi.

Ilmiy tushuntirishga urinishlar koʻpligiga qaramasdan, oʻz-oʻzidan yonish fenomeni hamon munozarali boʻlib qolmoqda. Asosiy muammo shundaki, oʻz-oʻzidan yonish holatlarining aksariyati notoʻgʻri hujjatlashtirilgan va koʻpincha bu hodisa guvohlar tomonidan tasvirlangan tarzda sodir boʻlgani haqida aniq dalillar yoʻq. Koʻpgina hollarda yongʻinlar chekish yoki boshqa olov manbalari sabab boʻlishi mumkin.

Turli taxminlarga qaramasdan, hamon bu fenomenni tushuntirib beradigan yakdil, tajribalar vositasida isbotlangan aniq ilmiy xulosa yoʻq. Shu bois bu boradagi barcha gipotezalar va nazariyalar shunchaki taxmin boʻlib qolmoqda. Ularni tekshirib koʻrish uchun qoʻshimcha tadqiqotlar talab etiladi. Nima boʻlganda ham, oʻz-oʻzidan yonish hodisasi hamon insoniyat uchun ochilmagan sir boʻlib qolmoqda.

Abulfayz Sayidasqarov

Tavsiya etamiz

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid