NYT: Bayden Rossiya ichkarisiga uzoq masofaga uchuvchi raketalar bilan zarba berishga ruxsat berdi
Fransiya va Buyuk Britaniya ham Ukrainaga shunday imkoniyatni taqdim etdi, deya yozadi Yevropa nashrlari.

AQSh prezidenti Jo Bayden birinchi marta Ukraina uchun Rossiyaga zarba berishda AQSh tomonidan yetkazib berilgan uzoq masofaga uchuvchi raketalardan foydalanishga ruxsat berdi, deya yozadi The New York Times.
Nashrning yozishicha, gap ATACAMS tizimidagi Amerika ballistik raketalari haqida ketmoqda, ularning uchish masofasi 300 kilometrga etadi.
NYT suhbatdoshlariga koʻra, bu qurollar katta ehtimol bilan dastlab Ukraina kuchlari tomonidan Rossiya va Shimoliy Koreya qoʻshinlariga qarshi Ukraina qurolli kuchlarining Kursk viloyatidagi pozitsiyalarini himoya qilish uchun qoʻllaniladi.
Rossiya harbiylari avgust oyida ukrainaliklar tomonidan bosib olingan barcha Rossiya hududini qaytarib olish maqsadida Kursk viloyatidagi mustahkamlangan Ukraina pozitsiyalariga qarshi 50 mingga yaqin askar, jumladan, Shimoliy Koreya qoʻshinlari ishtirokida yirik hujumga oʻtmoqchi.
Ukrainaliklar ATACAMS raketalaridan Rossiya va Shimoliy Koreya qoʻshinlari konsentratsiyasiga, asosiy harbiy texnika qismlariga, logistika markazlariga, oʻq-dorilar omborlariga va Rossiya ichidagi taʼminot liniyalariga zarba berish uchun foydalanishi mumkin.
Bu Kiyevga Rossiya-Shimoliy Koreya hujumi samaradorligini kamaytirishga yordam beradi, deb yozadi nashr.
Baydenning prezidentlik muddati tugashiga va Donald Trampning lavozimga kirishishiga ikki oy qolganda qabul qilgan qarori AQSh siyosatidagi katta oʻzgarishdir, deb yozadi nashr.
Shuningdek, Fransiya va Buyuk Britaniya ham Ukrainaga Rossiyaga qarshi uzoq masofali qurolli zarbalar berishga ruxsat berdi. Bu haqda Le Figaro maʼlumot manbasini koʻrsatmasdan eʼlon qilgan.