platina.uz

Nega Eronda islomni tark etishmoqda?

Koʻpincha davlat bilan bogʻliq shia ruhoniylari koʻpchilik tomonidan ikkiyuzlamachilik va buzuqlik ramzi sifatida koʻriladi. Zohidlik va maʼnaviyatni targʻib qiluvchi rahbarlarning oʻzlari dabdabada yashaydilar, bu esa aholining noroziligiga sabab boʻladi.

Tahlil
18-noyabr, 16:50
Nega Eronda islomni tark etishmoqda?

Oxirgi paytlarda asosan Gʻarb OAVlarida Eron va qisman Iroqdagi musulmon-shia musulmonlarning oʻz dinidan voz kechayotganiga urgʻu berilgan xabar va maqolalar, ijtimoiy soʻrovnoma natijalari keng tarqatilmoqda. Hatto ijtimoiy tarmoqlarda dinlar tarqalishi borasidagi maqola postlarga yozilgan izohlarda oʻzlarini eronlik yoki iroqlik deb atagan profillar nomidan “Eronda bu qadar koʻp musulmon yoʻq, masalan, men oʻzimni musulmon hisoblamayman” qabilidagi izohlar koʻpaygan. “Yaqin Sharq mamlakatlari sodiq musulmon boʻlib qolmoqda”, degan stereotipdan farqli oʻlaroq, ayrim tendensiyalar bu mamlakatlar shia aholisining bir qismi oʻrtasida anʼanaviy dindan umidsizlik darajasi oshib borayotganini koʻrsatmoqda.

Shialar islomni tark etishayotgani naqadar haqiqat?

Baʼzi maʼlumotlarga ishonadigan boʻlsak, Eron va Iroqdagi shia musulmonlari orasida haqiqatdan ham Islomdan uzoqlashish tendensiyasi mavjud. Ammo shuni hisobga olish kerakki, aniq raqamlar va statistik maʼlumotlarni olish, faktcheking oʻtkazish qiyin, chunki Islomni tark etayotganlarning koʻpchiligi taʼqiblar yoki ijtimoiy chetlanish qoʻrquvi tufayli bu holatni pinhon tutishadi. Davlat idoralari esa faqat rasmiy maʼlumotlar berish bilan cheklanadi.

Faktlar va raqamlar

GAMAAN (Erondagi munosabatlarni tahlil qilish va oʻlchash guruhi) tomonidan 2020 yilda 50000 eronlik orasida oʻtkazilgan ijtimoiy soʻrov natijalariga koʻra, eronliklarning taxminan 47 foizi (deyarli yarmi) dindan voz kechishganini bildirishgan, Bu anʼanaviy islom taʼsiri sezilarli darajada pasayganini koʻrsatadi.

Xuddi shu tadqiqotga koʻra, eronliklarning 32 foizi shia musulmonlari, bu rasmiy hukumat maʼlumotlaridan ancha past, 22 foizi esa hech qanday dinga aloqasi yoʻq, 8 foizi oʻzini zardushtiy, 5 foizi sunniy musulmon va 9 foizi ateist deb taʼriflaydi.

Biroq, shu oʻrinda GAMAAN mustaqil nodavlat tashkiloti Niderlandiyada faoliyat koʻrsatayotgani, bu tashkilotga Niderlandiyaning Tilburg shahrida tahsil olgan doktor Ammar Malikiy asos solganini ham qayd etish joiz.

OAVlarda arab davlatlarida ham xuddi shunday tendensiyalar, ayniqsa, yoshlar orasida sezilayotgani maʼlum qilinmoqda. Bu davlatlarda 25 ming kishi orasida oʻtkazilgan soʻrovlar natijasida, 2019 yilda oʻzlarini dinsiz deb hisoblaydiganlar ulushi 2013 yilga nisbatan 8 foizdan 13 foizga oʻsgani aniqlangan. Hatto zardushtiylar va ateistlar oʻzlarini rasman tan olishlarini va jinoyatchi sifatida taʼqib etmasliklarini talab qilishmoqda. Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, agnostiklar, ateistlar va rasmiy dindan hafsalasi pir boʻlganlar, ayniqsa, IShID bilan urush voqealari, “rangli inqiloblar”, diktatorlarning agʻdarilishi, turli diniy mojarolar va davom etayotgan siyosiy beqarorlikdan keyin koʻpaygan.

Open World maʼlumotlariga koʻra, Eronda, masalan nasroniylar soni har yili 20 foizga koʻpaymoqda. Ayni paytda forscha soʻzlovchi nasroniylar uchun 1000 dan ziyod cherkov mavjud va ona tili fors tili boʻlgan nasroniylar soni 200 ming kishidan oshgan.

Dindan chiqishni qoʻllab-quvvatlovchi subʼektlar

Eronda Islomni tark etgan eronliklarni qoʻllab-quvvatlovchi "Sobiq musulmon eroniylar" (Ex-Muslim Iranians) harakati mavjud. U ijtimoiy tarmoqlarda faol boʻlib, shia diniy elitasi va davlat tuzumidan koʻngli qolganlarni oʻz “bagʻriga” oladi.

Iroqda, Saddam Husayn rejimi qulaganidan va undan keyingi yillardagi dinlararo zoʻravonliklar, IShIDning qoʻporuvchiliklaridan soʻng, koʻplab yosh shialarning umid va barqarorlik manbai sifatida dindan koʻngli qolgani iddao qilinadi. Vaziyat diniy yetakchilarga ishonchni susaytiradigan korrupsiya, iqtisodiy qiyinchiliklar va siyosiy beqarorlik natijasida yanada murakkablashgan.

Islomdan umidsizlikka tushish sabablari

1. Diniy elita va ikkiyuzlamachilik. Tarqatilayotan maʼlumotlarga koʻra, Eronda koʻpincha davlat bilan bogʻliq boʻlgan shia ruhoniylari koʻpchilik tomonidan ikkiyuzlamachilik va buzuqlik ramzi sifatida koʻriladi. Zohidlik va maʼnaviyatni targʻib qiluvchi rahbarlarning oʻzlari dabdabada yashaydilar, bu esa aholining noroziligiga sabab boʻladi. Ayniqsa, shialar orasida sunniylikda nojoiz boʻlgan vaqtincha (qisqa muddatli) mutʼa (yoki siygʻa) nikohining fohishalik uchun asos qilib olingani, Tehron koʻchalarida “shia-mulla”lari “nikoh uylari” ochib, aslida qoʻshmachilik bilan shugʻullanayotgani haqida dalillar mavjud. Bunday holat ham shia-musumlonlarining “burgaga achchiq qilib, koʻrpani kuydirishi”, yaʼni shialikdan yuz oʻgirishiga sabab boʻlmoqda.

Hatto Eron hukumati mamlakatda fohishalikning koʻpayib ketganidan xavotirga tushib, hech bulmasa 1 oylik mutʼa nikohlarini targʻib etayotgani aytiladi.

2. Dinning siyosiylashuvi. Eron va Iroqda shia kimligi siyosat bilan chambarchas bogʻliq. Koʻpgina yoshlar uchun diniy nutq manipulyatsiya va nazorat qilish usuli boʻlib tuyuladi. Misol tariqasida 2019 yilda Iroqdagi namoyishlar boʻlib, unda yosh namoyishchilar dunyoviy davlat qurishga chaqirgan va diniy partiyalarni tanqid qilgan.

Eronda esa hijobni notoʻgʻri oʻragani uchun qoʻlga olingan Mahsa Aminiyning vafot etgani ham nafaqat gʻalayonlar keltirib chiqardi, balki eronlik yoshlarda nafaqat hukumatga, balki islomga nisbatan norozilik kayfiyatini uygʻotdi. Zero, aholi mansabdorlarni din bilan bogʻlab tasavvur qiladi. Noqislik dinda emas, shaxslarda ekanini anglashni istamaydi, ehtimol.

3. Iqtisodiy vaziyat. Iqtisodiy qiyinchilik, yuqori ishsizlik va korrupsiya adolat va farovonlik haqidagi diniy vaʼdalar bajarilmaydi. Koʻpchilik dunyoni tushuntirish va muammolarini hal qilishning muqobil usullarini izlay boshlaydi.

4. Madaniy taʼsir va globallashuv. Internet, ijtimoiy tarmoqlar va axborotga kirish tanqidiy fikrlashni va dunyoni kengroq tushunishni rivojlantiradi. Yoshlar anʼanaviy diniy qarashlarga koʻproq shubha bilan qaraydi va javoblarni dindan tashqarida koʻproq izlaydil.

Umuman olganda, Islomni tark etayotganlar koʻpincha dinni zamonaviy dunyo bilan bogʻliq koʻplab masalalarni mantiqiy tushuntirish sifatida koʻrmasliklarini taʼkidlaydilar. Boshqalar esa islom dini shia ruhoniylari talqinida siyosiy qurolga aylanib, maʼnaviy maʼnosini yoʻqotganini taʼkidlaydilar. Koʻpchilik diniy yetakchilar bergan vaʼdalardan koʻngli qolganini va adolatli jamiyatga erishish uchun diniy urf-odatlar zarurligiga ishonmay qolganini aytadi.

Boshqalarning munosabati

Maʼlumki, musulmon jamiyati ichida islomni tark etganlarni konservativ musulmonlar murtad deb hisoblaydi va qattiq jazolanishini talab qiladi. Ayni paytda ayrim musulmonlar buni uygʻonish chaqirigʻi va Islom ichidagi islohotlarga undash belgisi, deb hisoblaydi.

Xalqaro maydonda. Gʻarb davlatlaridagi nomusulmonlar koʻpincha bu hodisani “zulmdan qutulish” belgisi sifatida qoʻllab-quvvatlaydi. Diniy erkinlik va islomni tark etganlarning huquqlarini qoʻllab-quvvatlovchi koʻplab xalqaro tashkilotlar mavjudligi ham buning isboti.

Shariat va Eron hamda Iroq qonunlarida murtadlar uchun jazolar

1. Shariat. Anʼanaviy shariatga koʻra, murtadlik (irtidod) ogʻir jinoyat hisoblanadi. Sunniy va shia fiqh maktablarida jazo qamoqdan oʻlimgacha boʻlishi mumkin. Biroq talqinlari turlicha va kamroq qatʼiy choralar taklif qiladigan maktablar ham mavjud.

2. Eron qonunlari. Eronda Islomdan chetga chiqish oʻlim bilan jazolanishi mumkin. Biroq, bunday holatlar koʻpincha yopiq eshiklar ortida koʻrib chiqiladi va kamdan-kam hollarda jamoatchilikka maʼlum boʻladi. Bunga misol qilib, murtadlik uchun oʻlimga hukm qilingan nasroniy pastori Yusuf Nadarxaniy hodisasining Gʻarbda qattiq qoralangani keltirish mumkin.

3. Iroq qonunlari. Iroqda qonunlar unchalik qattiq emas, lekin ijtimoiy bosim va radikal guruhlarning zoʻravonlik tahdidi dindan oshkora qaytishni xavfli qiladi. Rasmiy ravishda, mamlakat qonunlari shariat va dunyoviy huquq elementlarini oʻz ichiga olgan aralash tizimga asoslanadi, biroq ijtimoiy bosim muhimligicha qolmoqda. Ayni paytda Iroqda davlat tepasiga kelgan shialar ayollarning nikoh qurish yoshini 9 yoshga pasaytirishga urinayotgani ham ayrim shialarga salbiy taʼsir qilishi tabiiy.

Shamol qayoqqa esmoqda?

Katta ehtimol bilan, Eron va Iroqdagi shialarda, ayniqsa, yosh avlodda islomdan yuz oʻgirish va dinga tanqidiy munosabat tendensiyasi kuchayishi mumkin. Globallashuv, internet va diniy elitadan umidsizlikning kuchayishi bu jarayonga yordam beradi. Shu bilan birga, rasmiylar, xususan, Eronda oʻz dinidan qaytganini ochiq ifoda etganlarga nisbatan bosimni kuchaytirishi, bu esa ijtimoiy keskinlikni kuchaytirishi mumkinligi kutilmoqda.

Uzoq muddatli istiqbolda bu Eron va Iroq kabi islomiy mamlakatlarda dunyoviy davlat uchun harakatlarning kuchayishiga yoki hech boʻlmaganda yumshoqroq diniy islohotlarga olib kelishi mumkin. Ammo bu jarayon uzoq davom etadi va koʻplab ziddiyatlar va ijtimoiy-siyosiy oʻzgarishlar bilan bogʻliq boʻladi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+