platina.uz

Hokimlar kelaveradi, muammo qolaveradi

Izboskan tumanida soʻnggi 10 yilda 4 nafar hokim almashgan, ammo ularning birortasi xalq dardiga quloq solmagan.

Jamiyat
18-noyabr 2024 yil

Yaqinda ish bilan Izboskan tumaniga bordim, oʻzimning tugʻilib oʻsgan qishlogʻimga. U yerdan Toshkentga koʻchib ketganimga 15 yildan oshganiga qaramay, yoʻl muammosi hamon oʻzgarmaganiga yana bir karra amin boʻldim.

Tumandagi ichki yoʻllar shu qadar dabdala va chuqurlarga toʻlaki, goʻyo u yerning hokimi yoʻq yoki bor boʻlsa-da, oʻz nafsi bilan ovora, degan xulosaga keldim. Chunki taxminan 15 yildan beri shu ahvol, hech nima oʻzgarmagan, hokimlardan boshqa.

Masalan, tumandagi Moygir va Jonobod qishloqlaridagi asosiy koʻcha tuman markaziga va Andijon shahriga eltuvchi asosiy yoʻl hisoblanadi. Siza, Sorvosh, Qoʻshkoʻprik katta yoʻllari, Namangan viloyatiga olib boruvchi Toʻrtkoʻl yoʻllari shu qadar abgorki, bir marta oʻtgan odamning ichi toʻkiladi. Hali ichki yoʻllarni yozmadim, mahallalardagi yoʻllar yozda chang, qishda loyga aylanadi.

Bu joylarga respublikadan biror kattakon borishi tugul tumanning oʻz rahbarlari ham qadam bosmagan, deyish mumkin. Aks holda amaldor kelishi uchun nomiga boʻlsa-da, yoʻllarni asfalt qilishardi yoki yamab qoʻyishardi.

Shavkat Mirziyoyev hokimlar chekka qishloqlarga borishi, xalq kayfiyatini bilishi, muammolarini oʻrganishi kerakligini aytganda Izboskan rahbariyati qayerda yurgan boʻlsa, deb oʻylab qoladi odam.

Bu borada xalqning fikri ham deyarli bir xil: hokimlar kelaveradi, muammo qolaveradi. Koʻpchilikdan soʻraganimda odamlarning hafsalasi pir boʻlgan, shunday dabdala yoʻllarga koʻnikkan va hokimlardan biror najot yoʻqligini aniq bilishadi.

Oxirgi 10 yilda bu tumanga kimlar hokim boʻlgani bilan qiziqdim. 10 yil oldin Ulugʻbek Abdullayev hokim boʻlgan ekan, u tumanni 2017 yilgacha boshqargan. Soʻng boshqa Ulugʻbek, Rahimov degani bir yilcha tumanga bosh boʻlgan.

2018 yildan esa Serobiddin Ismoilov hokimlikka oʻtirgan va 5 yil shu lavozimda qolgan. U 2023 yil dekabrda ishdan ketgan, soʻng qamoqqa olingan. U noqonuniy qarorlar bilan yer maydonlari talon-toroj qilinishiga yoʻl qoʻygani aytilgan. Uning davrida ishlagan deyarli barcha oʻrinbosarlar yer savdosi bilan qamalgan edi.

Ismoilov ayblari haqida rasmiy xabar berilmagan, hozir uning taqdiri haqida maʼlumot ochiqlanmagan. Undan keyin Elyor Karimov hokimlikka kelgan va hozirgacha ishlab turibdi. Uning ish boshlaganigayam bir yil boʻlyapti, ammo natija yoʻq. Aslida Karimov Ismoilovga birinchi oʻrinbosar boʻlib ham ishlagan. Yaʼni tuman ichidagi muammolarni juda yaxshi biladi.

Izboskandagi bu muammolarni tuman mutasaddilari bilmasligi mayli, ammo 2013 yildan beri viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov biror marta qadam bosmaganmikin? Viloyat hokimi faqat markazga – Poytugʻ shahriga borgan xolos. Oʻsha yerdan qaytib ketgan. Undayam hokimlarni ishdan olib, yangisini qoʻyish uchun.

Izboskandagi katta va ichki yoʻllarning ahvoli qachon oʻnglanishi haqida bir necha yillar oldin oʻzim surishtiruv oʻtkazganman. Oʻsha paytda hozirgi hokim Elyor Karimov birinchi oʻrinbosar edi. U bilan koʻrishib, gaplashganmiz. Karimov yoʻlsozlarga roʻpara qilgan, yoʻlsozlarga borsam, pul yoʻq deyishgan. Xullas, natija chiqmagan.

Oʻylab qoladi odam, yoʻllarga radarlar qoʻyib, byudjetga pul tushirishga usta, faqat kamera "koʻzi" uchun chiziq chizib, jarima yigʻishda mohir YPX va yoʻlsozlar, hokimiyatlar shuncha mablagʻni qayerga sarflayapti ekan? Axir bulardan tushgan pullar eng avvalo yoʻllarni taʼmirlashga ishlatilishi kerak emasmi?

Andijon xalqi boshqacha hurmat qiladigan Shuhrat Abdurahmonov mazkur muammoga eʼtibor qaratishiga umid qilib qolamiz. Har holda 11 yildan beri aholi unga ishonch bildiradi, qachondir muammolari hal boʻlishiga, viloyat hokimi bir bor oʻsha yoʻllardan yurib koʻrishiga intiq.

Men faqat bitta tuman misolida yozdim. Balki boshqa hududlarda ham yillar davomida oʻzgarmay qolayotgan shunday muammolar bordir...

Bobur Jalolov,
Platina.uz sayti bosh muharriri

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+