Qiz bola demang bizni... SMMchi qizlardan zoʻr motivatsiya
Toshkent shahar hokimligi va Yoshlar ishlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan SMM-maktab qizlarga qanday ilhom beryapti?

Toshkent shahar hokimligi poytaxtda 30 yoshgacha boʻlgan ayol-qizlarning zamonaviy kasblarni oʻrganishi, ularning bandligini taʼminlash va daromad topishlari uchun mega loyihani boshlagandi. Yaʼni hokimlik “Toshkent yoshlarni sevadi” oyligi doirasida poytaxtda 1000 nafar qizni SMM yoʻnalishiga bepul oʻqitmoqda.
Platina.uz mazkur loyiha doirasida SMM-maktabda oʻqiyotgan qizlar bilan suhbatlashdi, loyiha ayol-qizlarga nimalar berayotgani, oʻqish jarayoni qanday kechayotgani va galdagi rejalariga quloq tutdi.
Mubina Mirzaaliyeva, SMM-maktab oʻquvchisi:
– Darslar boshlanganiga bir hafta boʻlganiga qaramasdan, koʻchalarga chiqib kontentlar olishni boshladik. SMM sohasiga kirib kelishimga sabab – ajrim boʻldi. Oʻzimni chalgʻitish uchun sohaga [SMM] kirdim. Kelajakda, Xudo xohlasa, shu kasbni mahkam ushlab, oxirigacha olib borish.
SMM hamma sohaga kerak. Oʻzingizning biznesingiz boʻlsa, uni ham yurita olasiz, boshqalarning biznesini ham yurita olasiz. Hozirgi uyda oʻtirib ishlasa boʻladigan eng yaxshi kasb shu boʻlib qoldi. Maqsadim – oʻzimning biznesimni ochib, brend qilib tanitish.
Meni koʻrib turgan qizlarga qotib qolmaslikni, uyda oʻtirib, tushkunlikka tushmaslikni aytaman. Ayol kishining qoʻlidan hamma ish keladi. Xohish boʻlsa yetarli.
Nigora Qosimova, SMM-maktab oʻquvchisi:
– Mobilograflikka juda qiziqqanim uchun SMM sohasiga kirib keldim. Oʻzim shirinliklar pishirardim, jismoniy charchab qolardim. Hozir ham amaliy, ham nazariy darslar boʻlyapti.
Darslar bir yarim soat davom etadi, dastlabki 40 daqiqasi nazariya, keyin esa amaliy mashgʻulotlar boshlanadi. Hozirdan videolar tayyorlab, logolar yasayapmiz.
Boshlanishiga 3 mln soʻmdan 10 mln soʻmgacha daromad topsa boʻladi. Faqat harakat kerak. Kelajakda shu sohada ishlamoqchiman, oʻzimga oʻxshagan qizlarga dars bermoqchiman.
Rayhona Ahmadova, SMM-maktab oʻquvchisi:
– SMM sohasiga bepul oʻqitish loyihasini yoʻlga qoʻygani uchun Toshkent shahar hokimligi va Yoshlar ishlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasiga rahmat aytmoqchiman.