platina.uz

Gigantlar jangi: Marvel Comics va DC Comics

Ular sahna ortidagi urushni toʻxtatmay, bir-birlarining resurslaridan faol foydalanmoqda. Bu esa bozorni yaxshiroq qamrab olish uchun bevosita raqobat xavfini kamaytirish imkonini beryapti.

Maqola
16-noyabr, 19:17
Gigantlar jangi: Marvel Comics va DC Comics
Fotokollaj: Platina.uz

Suratli hikoyalar – komikslar va kino bozorining eng yirik oʻyinchilaridan boʻlgan Marvel va DC Comics koʻp yillar davomida butun dunyo boʻylab muxlislar qalbi uchun raqobatlashmoqda. Ularning raqobati komikslar, kino, televideniye, animatsiya va, albatta, pop-madaniyat sohalarini qamrab oladi.

DC Comics

DC Comics 1934 yilda tashkil etilgan va Supermen, Betmen va Moʻʼjiza-ayol kabi super qahramonlarni oʻylab topib, ommaviy madaniyatga kiritgan media kontentlar manbai sifatida tanilgan.

1934 yilda mayor, jurnalist va tadbirkor Malkolm Uiler-Nikolson National Allied Publications nashriyotiga asos solgan edi. (Keyinchalik u DC deb nomlanadi). Uiler ishni yumoristik va dramatik kontentni oʻzida mujassam qilgan, New Fun nomli 36 betlik tasviriy hikoyalar antologiyasini nashr qilishdan boshladi. Keyinchalik bu yoshlar oʻrtasida komikslarning keng ommalashuviga sabab boʻladi. Mazkur turkumdagi suratli kitobchalarning 6-sonidan boshlab, Supermenning boʻlajak ijodkorlari – Jerri Sigel va Jo Shuster New Fun’da ishlay boshlaydi.

1937 yil Detective Comics, Inc kompaniyasi tashkil topdi. Keyinchalik uning nomi qisqartirilgan tarzda DC comics deb atala boshladi.

DC Comics bosh qarorgohi avval Nyu-York shahrida joylashgan edi, 2015 yilda Kaliforniyaning Byorbankiga koʻchirildi.

1969 yilda kompaniya yirik kinostudiya – Warner Bros. tomonidan sotib olindi. Oʻshandan buyon DC comics mazkur kinostudiya koʻmagida mediabozorda oʻz mavqeini mustahkamlab, suratli va kinomahsulotlarini taqdim etib kelmoqda.

DC Comics Supermen, Betmen, Moʻʼjiza-ayol, Flesh, Akvamen, Shazam, Kiborg, Mars ovchisi, Yashil nayza, Lochin odam, Qora Odam, Atom, Superqiz, Mushuk ayol va boshqa koʻplab taniqli qahramonlarni ilgari surib keladi. DC olamida, shuningdek, “Adolat ligasi”, “Yosh titanlar”, “Muhofizlar”, “Xudkushlar guruhi” kabi jamoalar mavjud. Eng mashhur yovuz personajlar orasida esa Joker, Harli Kuinn, Topishmoqchi, Ekinzor qoʻriqchisi kabi qahramonlar ham ommaga maʼlum.

Marvel Comics

Marvel Comics (inglizcha – “moʻʼjiza” soʻzidan) – Amerika komikslar nashriyoti boʻlib, The Walt Disney Company media-konglomeratining shuʼba korxonasi hisoblanadi. Kompaniya bosh qarorgohi AQShning Nyu-York shahrida joylashgan.

Marvel kompaniyasi "Fantastik toʻrtlik", "Iks odamlar", "Qasoskorlar", "Galaktika qoʻriqchilari", "Oʻrgimchak odam", "Rosomaxa", "Temir odam", "Kapitan Amerika", "Tor", "Xalk", "Dedpul", "Doktor Strenj", “Qora pantera”, “Chumoli odam”, “Ari odam”, “Qora mushuk”, “Miss Marvel”, “Kapitan Marvel”, “Venom”, “Arvoh poygachi”, “Bleyd”, “Qora beva” kabi turkum komikslari bilan mashhur. Undagi koʻpchilik qahramonlar “Yer-616” deb nomlangan toʻqima olamda yashaydi.

1939 yilda “sariq” (bulvar) asarlar nashriyotchisi Martin Gudman Timely Publications kompaniyasiga asos soldi. Gudman avval vesternlarni chiqarish bilan shugʻullandi, biroq komikslarning ommalashib borayotganini kuzatib, “trend”dan chetda turgisi kelmadi.

Gudman shu yili oktabr oyida Marvel Comics №1 jurnalini chop etdi. Unda Mashʼala-odam va Nemor – suv osti dengizchisi qahramonlari ilk marta oʻquvchilarga tanishtirildi. Marvel superqahramonlarining kelib chiqishi afsonalar bilan emas, balki ilm-fan va texnologiya bilan bogʻliq edi. Masalan, Mashʼala-odam – bu inson tomonidan yaratilgan android deya taqdim etilgan.

1961 yil Marvel Comics brendi paydo boʻldi. U birinchi marta “Fantastictik toʻrtovlon” komikslari sahifalarida qoʻllanildi. Serial odatiy superqahramonlikni qaytadan kashf qildi: qahramonlar urishadi, sevib qoladi, janjallashadi, tashvishlanadi – bir soʻz bilan aytganda, ular oʻzlarini oddiy odamlar kabi tutadi. Buning uchun Sten Li taxallusi bilan tanilgan yozuvchi va muharrir Stenli Liberdan minnatdor boʻlishimiz kerak. 1960-yillarda komikslarni oʻqish faqat bolalarga xoslikdan chiqib, oʻsmirlar va oʻrta yoshdagilarni ham oʻziga jalb qila boshladi. Bu esa Marvel bozorini gullatdi.

1960-yillarda DC comics oʻziga raqobatchilar koʻpayib qolganidan xavotirga tushdi. DC muharrirlari raqobatchilar muvaffaqiyatining sabablarini bilish uchun Marvel komikslarini sinchkovlik bilan oʻrganishga kirishdi. Shunga qaramasdan, DC raqobatchi asarlaridagi syujetlar yoki personajlar suratining chizilish uslublariga eʼtibor bermasdan, komikslardagi qizil rang miqdori va matnli muqovadagi “havo” – boʻsh joylar kabi arzimas mayda-chuydalarga diqqat qaratar edi (ular suratlarning psixologik taʼsiriga eʼtibor qaratishgan – muallif). Sten Li bundan xabar topib, ataylab qizil rang miqdorini kamaytirish orqali DCni yashirincha masxara qildi.

1964 yilga kelib, ushbu ikki yirik komikschi bir-birini zimdan kuzatishga tushdi. Ular orasida oʻziga xos sanoat josusligi shakllana boshladi. Masalan, Marvel kompaniyasi Moʻʼjiza-erkakni taqdim etdi. Bu DC comics’ni gʻazablantirdi, chunki ularda Moʻʼjiza-ayol qahramoni bor edi. Bir-biridan koʻchirish, muvaffaqiyatli taktika va uslublarni koʻchirish odatiy holga aylanib qoldi va bu davom etmoqda.

Lekin noshirlar "superqahramon" soʻzidan foydalanishda yakdil kelishuvga erishdi. Bu soʻz DC uchun ham, Marvel uchun ham roʻyxatga olingan savdo belgisi hisoblanadi.

Hozirgacha bunday kelishuv, koʻchirmakashlik va hamkorliklar davom etib kelmoqda. Ular sahna ortidagi urushni toʻxtatmay, bir-birlarining resurslaridan faol foydalanmoqda. Bu esa bozorni yaxshiroq qamrab olish uchun bevosita raqobat xavfini kamaytirish imkonini beryapti. DC va Marvel endi qanday mavzular va qahramonlar oʻquvchilarni qiziqtirishini yaxshi bilishadi va isteʼmolchilar talablariga moslashib borishmoqda.

Moliyaviy koʻrsatkichlar va kassa tushumlari

Marvel va DC oxirgi 20-30 yillikda komikslardan koʻra videomahsulotlarga qiziqish kuchayganini ham koʻzdan qochirishmadi. Ularning fantastik qahramonlari va syujetlari endi kinofilm, serial va multfilmlarga koʻchgan. Bu ularga yaxshigina foyda keltiryapti.

DC brendi 1969 yilda Warner Bros.tasarrufiga oʻtgan boʻlsa, Marvel 2009 yilda The Walt Disney Company tomonidan 4,24 mlrd dollarga sotib olindi. Har ikki kompaniya ham keng moliyaviy, marketing hamda ijodiy imkoniyatlarga ega kompaniyalarga tayangan holda oʻz kino olamlarini faol rivojlantira boshlagan.

Masalan, 2008 yildan “Temir odam”ni sahnalashtirishdan start olgan Marvel filmlari jahon prokatida 29 mlrd dollardan ziyod daromad keltirib, kinomatografiya tarixidagi eng muvaffaqiyatli franshiza maqomini egalladi.

Marvel’ning eng koʻp daromad keltirgan filmi “Qasoskorlar: Final” (2019) loyihasi boʻldi. Ushbu kinofilm 2,798 mlrd dollar yigʻib, Jeyms Kemeronning “Avatar” filmi rekordini yangiladi.

DC Comics’ning kino olami keng ommaga rasman taqdim etilgach, 2013 yilda dunyo yuzini koʻrgan “Temir odam” filmidan soʻng, DC filmlari kompaniyaga qariyb 6 mlrd dollar daromad keltirdi. Eng muvaffaqiyatli DC filmi 2018 yilda prokatga chiqarilgan “Akvamen” boʻlib, u 1,148 mlrd dollar yigʻib, 1 mlrd dollarli chegaradan oʻtgan hozircha yagona DC filmiga aylandi.

Muvaffaqiyat sirlari

Koʻpgina mutaxassislar Marve’lning muvaffaqiyatlari izchillik va rejalashtirish tufayli yuzaga chiqqani tan olishadi. Ushbu kompaniya filmlari bir-biri bilan uzviy bogʻlangan boʻlib, bu yagona qissa tuygʻusini yuzaga keltiradi va har bir yangi loyihaga alohida qiymat bagʻishlaydi.

Boshqa tomondan, tanqidchilar DC Comics kompaniyasi Betmen va Joker kabi yovuzroq va murakkabroq personajlar bilan yaxshiroq ishlay olishini eʼtirof etishadi. DC filmlari mavzuga har doim jiddiy yondashgan va bu murakkab syujetli hikoyalar va murakkab qahramonlarni yoqtiradigan tomoshabinlarni oʻziga jalb etib kelgan.

Umuman olganda, Marvel Comics va DC Comics kompaniyalari oʻnlab yillardan beri raqobatlashib kelayotganiga qaramasdan, oʻzlarining kuchli tomonlariga ega va ularning bir sohada ijod qilishi koʻngilochar media sanoatni boyitadigan xilma-xillikni taʼminlab beradi. Eng muhimi, ular oʻzaro raqobat taʼsirida doimiy izlanish hamda takomillashuvdan, auditoriya hamda zamon kayfiyati va talablariga moslashuvdan toʻxtab qolgani yoʻq. Bu esa tomoshabinlar va oʻquvchilar hali uzoq yillar qiziqarli, foydali va sifatli media kontentdan bahramand boʻlaverishadi, deganidir.

Abulfayz Sayidasqarov

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+