Boʻzatov tumaniga hokim tayinlandi
Batirbek Ubbiniyazov bungacha Moʻynoq tumani hokimining ekologiya va Orolboʻyi hududini rivojlantirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari lavozimida ishlagan.

Qoraqalpogʻistonning Boʻzatov tumani hokimi tayinlandi.
16 noyabr kuni xalq deputatlari Boʻzatov tuman Kengashining birinchi sessiyasi boʻlib oʻtdi.
Sessiya kun tartibida Xalq deputatlari Boʻzatov tumani Kengashiga saylangan deputatlarning partiya guruhlarini roʻyxatga olish, Xalq deputatlari Boʻzatov tumani Kengashining Reglamenti va doimiy komissiyalar toʻgʻrisidagi Nizomini tasdiqlash hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisining Boʻzatov tumani hokimini tayinlash toʻgʻrisidagi farmoyishini tasdiqlash masalalari koʻrib chiqildi.
Unda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining Raisi Amanbay Orinbayev ishtirok etdi va soʻzga chiqdi.
Sessiyada Boʻzatov tumani hokimi lavozimiga Ubbiniyazov Batirbek Ongarbayevichni tayinlash masalasi koʻrib chiqildi.
Taklif etilgan nomzodni tuman Kengashining deputatlari qoʻllab-quvvatlab soʻzga chiqdi.
Sessiyada Ubbiniyazov Batirbek Ongarbayevich Boʻzatov tumani hokimi etib tayinlandi.
B.Ubbiniyazov faoliyati davomida qator masʼuliyatli lavozimlarda ishlagan.
U bugungi kunga qadar Moʻynoq tumani hokimining ekologiya va Orolboʻyi hududini rivojlantirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari lavozimida faoliyat olib borgan.