platina.uz
Jamiyat

Raqobat qoʻmitasi: "JEK"lar aholiga asossiz shartlar qoʻymoqda

Fargʻona viloyatida “Xumo Turon” MChJ shartnomasida esa 3 oy mobaynida toʻlov amalga oshirilmagan taqdirda elektr energiyasi, gaz va suv taʼminotidan uzib qoʻyilishi qayd etilgan. Qonunchilikda  boshqaruv servis korxonalariga kommunal taʼminotlardan uzib qoʻyish vakolati berilmagan.

Raqobat qoʻmitasi: "JEK"lar aholiga asossiz shartlar qoʻymoqda

Raqobat qoʻmitasi va uning hududiy tuzilmalariga fuqarolardan boshqaruv servis kompaniyalari ("JEK") va ular tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlardan norozilik bildirilgan koʻplab murojaatlar kelib tushgan.

Xususan, 2024 yilning yanvar-oktabr oylarida Qoʻmitaga uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish, qurilish va transport sohasida isteʼmolchilardan jami 8434 ta murojaatlar kelib tushgan boʻlsa, bulardan 380 tasi koʻp kvartirali uylarni boshqarish sohasiga toʻgʻri keladi.

Murojaatlar oʻrganilganda boshqaruv organlari tomonidan mulkdorlarning umumiy yigʻilishlarni oʻtkazilmasligi, amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobotlar ochiq taqdim etilmasligi va hisobotlar bilan tanishish uchun onlayn imkoniyatlarning mavjud emasligi shuningdek, koʻrsatilmagan xizmatlar uchun asossiz qarzdorliklar hisoblanayotganligi maʼlum boʻldi.

Oʻrganishlar jarayonida shartnomalarda belgilangan qonunchilik normalariga mos kelmaydigan yoki isteʼmolchining huquqini cheklab qoʻyuvchi bir nechta shartlarni kiritgan quyidagi Boshqaruv servis kompaniyalari aniqlandi.

Misol tariqasida Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahrida “Lochin-Sanjar BK” MChJning shartnoma shartlarida majburiy badallarni toʻlashda muddatdan kechiktirganlik uchun 0,1 foiz miqdorida jarima qoʻllanishi, biroq kompaniya oʻz majburiyatlarini muddatida bajarmaganlik uchun hech qanday javobgarlik belgilanmaganligi nazarda tutilganini keltirib oʻtish mumkin.

Bunday holatlar Toshkent viloyatining “Ascent Gold Story” MChJ, Qashqadaryo viloyati "Omad paxtazor kommunal PBK" MChJ, Sirdaryo viloyatida “Istiqlol kommunal xizmat ta’mir” MChJ, Samarqand viloyatida "Nurafshon tashabbusi” MChJ va “Afrosiyob Maroqand BSK” MChJ va “Pastdarg'om kommunalchi” MChJlarida ham kuzatilgan.

Fargʻona viloyatida faoliyat yurituvchi “Xumo Turon” MChJ shartnomasida esa 3 oy mobaynida toʻlov amalga oshirilmagan taqdirda elektr energiyasi, gaz va suv taʼminotidan uzib qoʻyilishi qayd etilganini ham keltirib oʻtish mumkin. Amaldagi qonunchilikka asosan BSKlarga kommunal taʼminotlardan uzib qoʻyish vakolati berilmagan.

Toshkent viloyati, Olmaliq shahrida yashovchi fuqaroning “Ascent Gold Story” MChJ boshqaruv servis kompaniyasi oʻrtasida tuzilgan umumiy mol-mulkni saqlash, undan foydalanish va uni taʼmirlash boʻyicha tuzilgan shartnomada BSK oʻz majburiyatlarini bajarmaganda yoki lozim darajada bajarilmaganlik natijasida yetkazilgan zarar Davlat tomonidan qoplab berilishi toʻgʻrisida asoslanmagan shart belgilangan.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining “Koʻp kvartirali uylarni boshqarish toʻgʻrisida”gi Qonuni 28-moddasining 11-xatboshida belgilangan agar boshqaruvchi tashkilot yoki boshqaruvchi shartnoma shartlarini bajarmasa, koʻp kvartirali uydagi joylarning mulkdorlari umumiy yigʻilish qaroriga asosan koʻp kvartirali uyni boshqarish shartnomasini bajarishdan bir tomonlama tartibda voz kechishga va boshqa boshqaruvchi tashkilotni yoki boshqaruvchini tanlash toʻgʻrisida qaror qabul qilishi asosiy huquqlaridan biri boʻlib, lekin shartnomaning tomonlarning majburiyatlari va huquqlari toʻgʻrisidagi boʻlimida mulkdorning hech qanday huquqi aks ettirilmagan.

Maʼlumot uchun: Oʻzbekiston Respublikasi “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasiga muvofiq, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) isteʼmolchiga oʻzi realizatsiya qilayotgan tovar (ish, xizmat)lar haqida oʻz vaqtida zarur, toʻgʻri va tushunarli maʼlumot berishi shart. 19-moddaga muvofiq, ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar koʻrsatish)qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi(xizmat koʻrsatishi) shart.

Yuqorida muammolar yechimi boʻyicha Raqobat qoʻmitasi tomonidan Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasiga tegishli takliflar bilan maʼlumot yuborildi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid