Parlamentdan prezident qarorgohigacha: Abxaziyada yirik namoyishlar yuz berdi
Namoyishchilar hatto xalqaro miqyosda tan olinmagan respublika prezidenti Aslan Bjaniyadan lavozimdan ketishni talab qilishgan. Bjaniya mazkur talabga rozilik bildirgan.

15 noyabr kuni Abxaziya parlamenti binosi yonida Rossiya bilan investitsiya shartnomasini ratifikatsiya qilish masalasi koʻrib chiqilishi kerak boʻlgan yuzlab namoyishchilar yigʻildi.
Muxolifat vakillari parlament binosini toʻliq nazoratga oldi. Shu fonda Abxaziya prezidenti maʼmuriyati matbuot xizmati respublika hukumati investitsiya bitimini ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjatni parlamentdan qaytarib olayotgani haqida xabar berdi.
Investitsion bitim Rossiya kompaniyalariga Abxaziyada turli sohalarda, jumladan, turizmda sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish imkonini beradi. Hujjatda xorijiy investorlar uchun imtiyozlar va qoʻllab-quvvatlash choralari, jumladan, koʻp yillik soliq taʼtillari koʻrsatilgan.
Respublikaning muxolif jamoat tashkilotlari kelishuvga qarshi chiqdi va noyabr oyi boshida Suxumida shartnomani ratifikatsiya qilishga qarshi shtab tuzdi. Ularning fikricha, hujjatning qabul qilinishi Abxaziyaning iqtisodiy suvereniteti uchun halokatli boʻladi.
Sessiya kun tartibini tasdiqlash uchun 13 deputat ovoz berdi, toʻrt nafari qarshi, ikki nafari betaraf qoldi.
Keyinroq Abxaziya prezidenti Aslan Bjaniya norozilik namoyishlari fonida Abxaziya-Rossiya kelishuvini ratifikatsiya qilish haqidagi qonun loyihasini parlamentdan chaqirib olishga qaror qilgani maʼlum boʻldi. "Respublikadagi vaziyatni barqarorlashtirish uchun qaror qabul qilindi", — deya izoh berdi prezident maʼmuriyati matbuot xizmati.
Lekin holat bu bilan tugamadi. Namoyishchilar ilgarilab, parlament va prezident qarorgohi binosini egallashdi va Aslan Bjaniya isteʼfosini talab qilishdi. Tan olinmagan Abxaziya respublikasi rahbari bunga rozi boʻlgan.