“Koʻprikqurilish” AJ boshqaruvi raisi jarimaga tortildi
Zafar Maxamatov yangi qurilgan “Sergeli” va “Yer usti halqa yoʻli” metro yoʻnalishlaridagi kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etish choralarini koʻrmagan.

“Koʻprikqurilish” AJ boshqaruvi raisi Maxamatov Zafar Ergashboyevichga oʻrtacha oylik ish haqining 30 foizi miqdorida jarima qoʻllanildi.
Bu haqda Korporativ axborot yagona portalida maʼlum qilindi.
Intizomiy jazo sababi quyidagicha izohlangan: yangi qurilgan “Sergeli” va “Yer usti halqa yoʻli” metro yoʻnalishlaridagi kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etish choralarini koʻrmagani sababli Davlat qabul komissiyasi tomonidan hanuzgacha qabul qilinmagan.
Shuningdek, shaharsozlik kodeksi va sohaga oid boshqa qonunchilik hujjatlari ijrosini buzgan holda xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmasdan, masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻygan.
Maxamatov tomonidan 2024 yil 29 oktabrda imzolangan 178-sonli tushuntirish xati orqali qarorda keltirilgan "Toshkent shahrida yer usti halqa metro liniyalarining qurilishi" hamda "Toshkent metropoliteni Sergeli yoʻnalishi qurilishi" loyihalarini amalga oshirishning dastlabki bosqichlarida qatnashib, asosiy qurilish-montaj ishlari va obʼektlarni foydalanishga topshirish davrida korxonaga rahbarlik qilmaganligini; shu sababli, lavozimda boʻlmagan va mehnat majburiyatlari boʻlmagan shaxsga nisbatan intizomiy jazo qoʻllash mumkin emasligini bildirilgan. Tushuntirish xatida mazkur lavozimga tayinlanganidan buyon "Toshkent metropoliteni Sergeli yoʻnalshi qurilishi" va "Toshkent shahrida yer usti halqa metro liniyalarining qurilishi" obʼektlari Davlat qabul komissiyasi tomonidan hanuzgacha qabul qilinmaganligi sabablari koʻrsatilmagan.
Intizomiy jazo qarori ijrosini nazorat qilish direktorning birinchi oʻrinbosari N.Husanov zimmasiga yuklangan.