"Yurak-qon tomir kasalliklari va saratonni rivojlantiradi": mutaxassislar kolbasa va sosiskalar boʻyicha ogohlantirdi
Bunday mahsulotlar uch yoshgacha boʻlgan bolalar uchun tavsiya etilmaydi. Qayta ishlangan goʻsht mahsulotlarida mavjud boʻlgan natriy nitrit nafas olish tizimiga taʼsir qilishi mumkin.

Qayta ishlangan goʻsht mahsulotlari, jumladan kolbasa, sosiska va goʻshtli pastalar koʻp miqdorda yogʻ va tuzni oʻz ichiga oladi. Ular yurak-qon tomir kasalliklari va saraton rivojlanish xavfini oshiradi.
Bunday mahsulotlar uch yoshgacha boʻlgan bolalar uchun tavsiya etilmaydi. Mutaxassislar RBK Life'ga kolbasa mahsulotlarining xavfliligi haqida gapirib berishdi.
Qayta ishlangan goʻsht mahsulotlarida mavjud boʻlgan natriy nitrit nafas olish tizimining ishiga taʼsir qilishi mumkin.
Pediatr, tibbiyot fanlari nomzodi Elmira Kashirina kolbasa va sosiskalarda koʻpincha yogʻ va tuzning katta miqdori borligini eslatdi. Hayvon mahsulotlarida toʻyingan yogʻlarni koʻp isteʼmol qilish yurak-qon tomir kasalliklarini rivojlanish xavfini oshiradi, dedi u.
Shifokorning aniqlik kiritishicha, qayta ishlangan goʻsht mahsulotlari tarkibidagi katta miqdordagi tuz konservantlar bilan birgalikda issiqlik bilan ishlov berish jarayonida nitrozaminlar hosil boʻlishiga yordam beradi.
Nitrozaminlar nitritlar va nitratlar aminokislotalar bilan reaksiyaga kirishganda hosil boʻladigan kimyoviy birikmalardir. Nitrozaminlar goʻshtda hosil boʻlishi mumkin, ayniqsa uni saqlab qolish va bakteriyalar oʻsishini oldini olish uchun nitritlar bilan ishlov berilgan boʻlsa. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti nitrozaminlarni kanserogenlar sifatida belgilaydi.
Parhezshunos Elena Solomatina kolbasa isteʼmol qilishning yana bir xavfli oqibati haqida gapirdi. Ularda mavjud boʻlgan natriy nitrit nafas olish tizimining ishiga taʼsir qilishi mumkin.
"U toʻqimalarning kislorod bilan taʼminlanishini buzadi. Boshqacha aytganda, u gemoglobinni metagemoglobinga, yaʼni faol boʻlmagan shaklga aylantiradi. Bu nafas olish muammolariga olib keladi. Oshqozon shirasining taʼsiri ostida natriy nitrit nitrozaminlarga aylanadi, ular aniq kanserogen taʼsirga ega, - dedi Solomatina.
Qayta ishlangan goʻsht mahsulotlarini isteʼmol qilishning ruxsat etilgan darajasi oyiga bir yoki ikki martagina xolos.
Doktor Solomatinaning taʼkidlashicha, bir marta isteʼmol qilingan kolbasa tanaga hech qanday zarar yetkazmaydi. Biroq, uzoq muddatda zararli moddalar tanada toʻplanishi mumkin. Xususan, nitrozaminlar koʻkrak, prostata va oshqozon-ichak saratoni rivojlanish xavfini oshiradi.
Tibbiyot fanlari nomzodi, diyetolog, Milliy Parhezshunoslar va Diyetologlar Assotsiatsiyasi ekspertlar kengashi aʼzosi Daria Rusakova kanserogen moddalarni oʻz ichiga olgan mahsulotlar shilliq qavatga taʼsir qilishi, surunkali yalligʻlanish va oshqozon-ichak trakti kasalliklarini keltirib chiqarishi haqida ogohlantirdi.