platina.uz

Oʻzbekiston uy-joy bozorida faollik pasaydi

Joriy yilning iyul-sentabr oylarida koʻp qavatli uylardagi kvartiralar oldi-sotdisi uchun 41861 ta shartnoma rasmiylashtirilgan boʻlib, bu koʻrsatkich oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 3362 taga (7,4 foizga) kam.

Iqtisod
14-noyabr, 11:10
Oʻzbekiston uy-joy bozorida faollik pasaydi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari tomonidan iqtisodiy faollik darajasini baholash va prognoz qilish uchun respublikada uy-joy va ipoteka bozoridagi faollik darajasi tahlil qilindi.

Tahlillarga koʻra quyidagilar aniqlandi:

2024 yilning III choragida Oʻzbekiston uy-joy bozorida faollik darajasi pasaydi. Xususan, joriy yilning iyul-sentabr oylarida koʻp qavatli uylardagi kvartiralar oldi-sotdisi uchun 41861 ta shartnoma rasmiylashtirilgan boʻlib, bu koʻrsatkich 2023 yilning mos davriga nisbatan 3362 taga (7,4 foizga) kam.

Tahlillar tijorat banklari tomonidan ajratilgan ipoteka kreditlari va aholi tasarrufidagi daromadlar uy-joy bozoriga taʼsir etuvchi muhim omillar ekanligini koʻrsatdi.

Xususan, 2021 yil yanvar oyidan 2024 yil sentabr oyigacha boʻlgan davrda uy-joy oldi-sotdisi va aholiga ajratilgan ipoteka kreditlari hajmi oʻrtasida (korrelyatsiya koyeffitsiyenti = 0,81), shuningdek, uy-joy oldi-sotdisi va aholining tasarrufdagi daromadlari oʻrtasida (korrelyatsiya koyeffitsiyenti = 0,48) sezilarli bogʻliqlik mavjudligi aniqlandi.

Maʼlumot uchun: Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki maʼlumotlariga koʻra, 2024-yilning III choragida aholiga ajratilgan ipoteka kreditlari hajmi 4,84 trln. soʻmni tashkil etgan boʻlib, bu koʻrsatkich 2023 yilning mos davriga nisbatan 7,3 foizga kam.

Tahlillarga koʻra, ajratilgan kreditlarning oʻsish surʼati soʻnggi 3 yildagi oʻrtacha darajada saqlanib qolsa, yil oxiriga qadar har oyda oʻrtacha 13,0-14,0 mingta uy-joy oldi-sotdi shartnomalari tuzilishini kutish mumkin, ddeyiladi maʼlumotda.

2023 yilning IV choragida har oyda oʻrtacha 12,9 mingta shartnoma imzolangan.

Tahlil jarayonida notarius idoralari tomonidan rasmiylashtirilgan uy-joy oldi-sotdi shartnomalari soni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining ipoteka kreditlari maʼlumotlaridan foydalanildi.

Prognoz koʻrib chiqilayotgan modelning bir nechta regressiyalarini oʻrtacha baholash asosida amalga oshirildi, deyiladi institut xulosasida.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+