platina.uz

Farosatsizlik – hissiy intellekt yoʻqligidan

Oʻz his-tuygʻularini boshqarish va boshqalarning his-tuygʻularini anglash qobiliyati insonning barcha hayotiy sohalarida muvaffaqiyat qozonishi, oʻz hayot tarzidan qoniqib yashashi uchun katta ahamiyatga ega

Maqola
14-noyabr, 20:14
Farosatsizlik – hissiy intellekt yoʻqligidan
Fotokollaj: Platina.uz

Rivoyatlarga koʻra, bir podsho tush koʻradi. Tushida uning barcha tishlari tushib ketgan emish. Uygʻonib, darrov tush taʼbirchisini huzuriga chaqirtiradi. Taʼbirchi “podshohi olam, bu tushingizning maʼnosi shulki, hamma qarindoshlaringiz oʻlib ketib, siz yolgʻiz qoladursiz” deydi.

Podshohning gʻazabi kelib, uni oʻlimga hukm qiladi. Boshqa tush taʼbirchini chaqirishadi.

Keyingi taʼbirchi esa “Aʼlo hazrat, bu tushni xushxabarga yoʻydim, siz hamma qarindoshlaringizdan ham uzoqroq umr koʻrar ekansiz”, deydi. Podshoh xursand boʻlib ketadi va bu taʼbirchiga katta mukofot berishlarini buyuradi.

Eʼtibor qilsangiz, har ikki taʼbirchi ham tushni bir xil yoʻygan, bir xil maʼlumotni podshoga aytgan. Ikkisining ham aqli – intellekti bir xil, kasbiy bilimi va tajribasi deyarli teng darajada. Ammo ikki taʼbirchining maʼlumotni yetkazish uslubi podshoda ikki xil hissiyot uygʻotgan.

Birinchi taʼbirchi oʻz soʻzlarining suhbatdoshida qanday tuygʻu uygʻotishi bilan qiziqmagan, suhbatdoshining hissiy chegaralari va oʻzining hissiy aqlini toʻgʻri anglay olmagan. Bir soʻz bilan aytganda, befarosat boʻlgan. Ikkinchisi esa buning aksi boʻlib, hozirgi til bilan aytganda, emotsional (hissiy) intellektga ega taʼbirchi boʻlgan!

Bundan anglashiladiki, insonda aql boʻlishining oʻzi kifoya emas. Biz hurmat qiladigan, ergashadigan va ishonadigan donishmand hamda buyuk shaxslarda intellektdan tashqari hissiy intellekt ham kuchli rivojlangan.

Hissiy intellekt (HI, inglizchada emotional intelligence, EI) – bu insonning oʻzi hamda boshqalarning his-tuygʻularini anglash, tushunish va boshqara olish qobiliyatidir. Bu nafaqat kundalik hayotdagi, balki kasbiy faoliyatdagi muvaffaqiyat garovi hamdir. (Taʼbirchilar rivoyatini eslang!)

Soʻnggi yillarda HI – ham shaxsiy, ham professional hayotda asosiy kasbiy kompetensiyalardan biriga aylandi. TalentSmart konsalting kompaniyasi oʻtkazgan tadqiqotlarga koʻra, HI barcha kasblarning qariyb 90 foizida muvaffaqiyatning hal qiluvchi omili boʻlib, professional muvaffaqiyatning taxminan 58 foizi aynan unga bogʻliq.

Tadqiqotchilar S.J.Steyn va Xovard Buk ilgari surgan, biroq kamroq tarqalgan taʼrifga koʻra, HI – ong va aqlga berilgan ommabop tushunchadan farqli oʻlaroq, "vaziyatni toʻgʻri talqin qilish va unga taʼsir etish, boshqa odamlar nimani xohlashini va nimaga muhtojligini intuitiv ravishda (ichki sezgi bilan) tushunish, stressga tushmaslik va jozibador boʻlish (boshqalarning u bilan muloqot qilish va pozitsiyasini maʼqullashga moyil boʻlishiga erishish), ularning kuchli va zaif tomonlarini payqay olish qobiliyatidir.

HI insonning oʻz his-tuygʻularini idrok etish va muammolarni samarali hal qilish uchun hissiyotini boshqara olish qobiliyatini anglatadi.

HIga qiziqish XX asr boshlarida klassik IQ (intellekt koeffitsiyenti) testlari odamlarning motivatsiyasi va xatti-harakatlarining xususiyatlarini tushuntira olmagani sababli paydo boʻldi. Yaʼni aqlli, ishni eplab keta oladigan, tez moslashuvchan, korporativ (jamoaviy) faoliyatda (team work) odamlar bilan muammosiz ishlay oladigan kadrlarni aniqlash maqsadida tuzilgan testlar faqat oddiy intellektni aniqlab bergan xolos. Testdan oʻta olgan kadrlarning hammasi ham kutilgan natija bermagan. Shunda aqlning oʻzi kifoya emasligi, yana “nimadir” omil borligi haqida gumonlar kuchaya boshlagan.

Aslini olganda, IQ testlari va uning kamchiligi topilgan XX asrdan minglab yillar avval qadimgi yunonlar ham HI ustida bosh qotirib, aql, mantiq va his-tuygʻularni anglash va boshqarish qobiliyatlarini oʻzida mujassam qilgan odamni aqlli va donishmand deb hisoblashgan. Garchi bunday yondashuvga 2500 yildan oshgan boʻlsa-da, inson his-tuygʻulari oʻzgarishsiz qolgan, albatta.

Taxminlarga koʻra, hozir bizning tushunchamizdagi HI – qadim davrlarda insoniyatning omon qolishi uchun kalit boʻlgan. Chunki insonda atrof-muhitga moslashish, oʻz qabilalari va qoʻshni qabilalar bilan til topisha olish qobiliyatining mavjudligi uning omon qolish va farovon hamda komfort hayot kechirishini taʼminlaydi. “Ish bilganga bir tanga, gap bilganga ming tanga”, degan maqollar oʻsha davrlardan qolgan boʻlsa ehtimol.

Qolaversa, HI tushunchasi atrofidagi bilimlar ilmiy qolipga solinib, tizimlashtirilishida, ularni amalda qoʻllash mexanizmlari ishlab chiqilishida ham asrlardan beri shakllangan soʻzlashuv hamda muomala odobi, suhbat etikasi borasidagi ming yillik tajribalar asos qilib olingan. Qisqacha aytganda, HI borasidagi bilimlarni tizimlashtirish muomala va munosabat madaniyati poydevori ustiga qurilgan.

HI masalasiga Charlz Darvin 1872 yilda oʻzining "Odamlar va hayvonlardagi his-tuygʻularning ifodasi" asarida toʻxtalib, u yerda omon qolish va moslashish uchun hissiyotlarning tashqi koʻrinishlarining ahamiyati haqida yozgan.

Psixoanaliz asoschisi Zigmund Freyd ham hissiyotlar va hissiyotlarni nazorat qilish muammosi bilan shugʻullangan. U, xususan, Xammurapi qonunlari toʻplami (miloddan avvalgi XVIII asr, Bobil) yoki imperator Ashokaning farmoni kabi axloqning birinchi qonunlari va qoidalarini madaniylashtirish va jilovlashning ilk urinishlari deb hisoblaydi.

Aslini olganda ham, tiliga kelganini gapirish, oʻz his tuygʻularini har qanday joyda va davrada ochiq namoyon qilish – hayvonlarga xos hodisa. Inson esa turli tabu, axloqiy va diniy meʼyorlar vositasida oʻzining insonligini, hayvonlardan ajratib turuvchi ustuvorligi – aql-idroki va hissiy hamda muloqot odobini anglay olish qobiliyati, yaʼni HI bilan ajralib turadi. Masalan, sharq madaniyatida HIga katta eʼtibor qaratishgan. Aytaylik, koʻzi ojizlar davrasida “koʻrmoq” feʼlini ishlatishdan ham ehtiyot boʻlishgan. Suhbatdoshning his-tuygʻularini anglash va avaylash odobi shakllangan. Yaʼni shunchaki aqldan tashqari, farosatli va eʼtiborli boʻlish, zukko boʻlish talab etilgan. Hatto odamlar orasida baland ovozda kulish yoki baqirib yigʻlash ham nomaqbul hisoblangan.

Hissiy intellekt nimalarni oʻz ichiga oladi?

Psixologlar Jon Meyer va Piter Selovey tomonidan taʼriflangan HI toʻrtta asosiy komponentni oʻz ichiga oladi:

  1. Oʻz his-tuygʻularini anglash – insonning oʻz his-tuygʻularini anglash va farqlay olish qobiliyati.
  2. Tuygʻularni boshqarish – tashqi taʼsirga reaksiyalarni (munosabatni) nazorat qilish va boshqarish qobiliyati.
  3. Ijtimoiy onglilik – boshqalarning hissiy signallarini sezish va anglay olish qobiliyati.
  4. Munosabatlarni boshqarish – samarali muloqot va muomala qilish hamda munosabatlar oʻrnatish qobiliyati.

Zamonaviy jamiyatda hissiy intellektning dolzarbligi

Zamonaviy jamiyat koʻplab stress omillariga duchor boʻlmoqda: hayotning tez surʼati, kasbiy mahoratga yuqori talablar, ijtimoiy oʻzgarishlar va tobora koʻpayib borayotgan maʼlumotlar shular jumlasidandir. Bularning barchasi, tabiiyki, hissiyotlarni boshqarish va boshqalar bilan muloqot qilishda yangi koʻnikmalarga ehtiyoj tugʻdiradi.

Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, yuqori darajadagi HI bunday sharoitlarga yaxshiroq moslashishga yordam beradi. Misol uchun, ijtimoiy soʻrovlarga ixtisoslashgan Gallup instituti eʼlon qilgan maʼlumotlarga koʻra, yuqori darajadagi HIga ega boʻlgan odamlarda depressiyani boshdan kechirish ehtimoli 32 foizga kamroq va hayotlaridan yuqori darajada qoniqish bildirish ehtimoli 50 foizga koʻproq boʻladi. Buning sababi shundaki, yuqori darajadagi HI stressga chidamlilikni oshiradi va boshqalar bilan yanada chuqurroq va mazmunli munosabatlar oʻrnatishga yordam beradi.

Ish joyida hissiy intellekt ahamiyati

Hozirda HI, ayniqsa, korporativ muhitda, zarur talabga aylandi. Ish beruvchilar unga samaradorlikni oshirish, stressni kamaytirish va jamoaviy ish faoliyatini yaxshilash uchun muhim vosita sifatida qarashmoqda.

Masalan, PepsiCo kompaniyasi birinchilardan boʻlib oʻz xodimlari orasida HI koʻnikmalarini rivojlantirishga kirishgan.

Harvard Business Review tomonidan chop etilgan tadqiqot shuni koʻrsatdiki, yuqori darajadagi HIga ega boʻlgan xodimlar oʻz hamkasblariga qaraganda 20% yuqori samaradorlik koʻrsatkichlariga erishgan. Bu albatta xodimning karrasi rivojiga gʻoyatda ijobiy taʼsir koʻrsatgan. Shuningdek, Johnson & Johnson kompaniyasida HI boʻyicha yuqori ballga ega menejerlarda ish joyidagi charchash 87% kamroq boʻlgan. Bunday imkoniyat yoki qobiliyat xodimlar beqarorligi (ishdan boʻshashlar koʻpayishi) darajasiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi, albatta.

Mavzuga yaqin bir misol: Yaponiyadagi ayrim korxonalar biror ishchisi kayfiyati yoʻq va bemor holda ishga kelsa, yoki u bilan suhbatlashib, psixologik koʻmak koʻrsatishadi, yoki uni uyiga joʻnatib yuborishadi. Zero bir xodimning kayfiyatsizligi va ruhan tushkunligi butun korxonadagi xodimlar kayfiyatiga va ish sifatiga salbiy taʼsir koʻrsatadi.

Yoki Gʻarb korporativ ofis madaniyatida rahbariyat va xodimlar orasidagi hissiy muloqotlarga alohida eʼtibor qaratilgan. Xodimlarga topshiriq yoki buyruq berish jarayonida rahbar va xodimning HI darajasi inobatga olinadi.

Boshqacha aytganda, teambuilding hamda teamwork masalalari borasida treninglar, jamoaviy psixologik va biznes-“oʻyin”lar, korporativ dam olishlar oʻtkazib turiladi. Mazkur chora-tadbirlar xodimlar oʻrtasidagi hissiy aloqani mustahkamlash hamda bir qator HI koʻnikmalarini rivojlantirish maqsadida tashkil etiladi.

HIga eʼtibor beriladigan jamoada xodimlar oʻrtasida nizolar kelib chiqish ehtimoli kamayadi. HI yuqori boʻlgan xodimlar oʻzlarining va boshqalarning his-tuygʻulari sabablarini yaxshiroq tushunadilar, bu ularga hissiy portlashlardan qochish va muammolarni konstruktiv hal qilish imkonini beradi. Bunday xodimlar, shuningdek, yanada uygʻun va jamoaning qoʻllab-quvvatlashi sezilib turadigan ideal ish muhitini yaratishga yordam beradi. Bu, ayniqsa, yuqori bosimli va stressli vaziyatlarda, jamoaning hissiy barqarorligi hal qiluvchi rol oʻynaydigan vaziyatlarda katta ahamiyatga ega.

Hissiy intellekt, shuningdek, xodimlarning motivatsiyasi va ishtirokini yaxshilashga yordam beradi. HI yuqori boʻlgan odamlar ish muhitida va topshiriqlarni bajarish jarayonida stressni yaxshiroq yengishadi, ijobiy kayfiyatni va ish kuni davomida yuqori quvvat darajasini saqlab qolishadi. Ular, shuningdek, hamkasblarini ragʻbatlantirishlari va qiyin paytlarda ularni qoʻllab-quvvatlashlari mumkin, bu esa umumiy samaradorlik va ishdan qoniqishni oshiradi. Oxir-oqibat, yuqori motivatsiyali, gʻayratli va ishchan xodimlar jamoaning ish faoliyatini yaxshilashga va qoʻygan maqsadlariga osonroq erishishiga olib keladi.

HI boʻyicha ilmiy tadqiqotlar va kitoblar muallifi hamda ushbu sohadagi yetakchi mutaxassislardan biri Deniyel Goulmanning fikricha, “bugungi kunda hissiyotlarni boshqarish qobiliyati raqamli texnologiyalar va masofaviy – onlayn ishlash ommalashayotgan davrda professional bilimlar kabi muhim ahamiyatga ega virtual makonda aloqalar va tushunishni yaratish uchun zarur".

Yoki boʻlmasa, liderlik mavzusini oʻrgatish borasida mashhur kouch Marshal Goldsmitning fikricha, "HI yaxshi jamoalarni buyuklaridan ajratib turadigan jihat hisoblanadi".

HI nafaqat xodimlar, balki rahbarlar uchun ham muhim. Biznesdagi bosslarning HI qobiliyatlari – ularning oʻzaro ishonchi kuchli munosabatlar oʻrnatish (chunki qoʻrqitish va tahdid bilan boshqaruvning koeffitsiyenti past hamda vaqtincha), boshqalarga taʼsir oʻtkazish, muloqot qilish va mojaroli vaziyatlardan chiqib keta olish qobiliyatini, pirovardida ish sifati va natijalarini belgilab beradi.

Bugungi kunda eng nufuzli biznes rahbarlarining aksariyati yuqori HI darajasi bilan tanilgan. Bu xususiyati ularni avtokratik yondashuvni afzal koʻrgan oʻtmishdagi rahbar-hamkasblaridan ajratib turadi.

Masalan, Microsoft bosh direktori boʻlgan Satya Nadella hamdardlik va sabr-toqat sohibi sifatida sifatida tanilgan. Yaqinda nafaqaga chiqqan PepsiCo bosh direktori Indra Nuyi esa tez-tez oʻz jamoasi aʼzolarining tashkilot muvaffaqiyatiga qoʻshgan hissalarini eʼtirof etib, ularning ota-onalariga minnatdorlik xatlarini yuborib turgan.

Hissiy intellektning shaxsiy munosabatlarga taʼsiri

HI nafaqat odamlarga ishxonadagi javobgarlik yukini yengillatishga koʻmaklashadi, balki shaxsiy munosabatlar sifatiga ham taʼsir qiladi. HI darajasi yuqori boʻlgan odamlar empatiyaga koʻproq moyil boʻlib, bu ularga sheriklarining his-tuygʻulari va ehtiyojlarini yaxshiroq tushunishga yordam beradi. Bunday yondashuv natijasida turli formatdagi oʻzaro muloqotlarda (juftliklar va oilalar, doʻstlar va qarindoshlar, qoʻshnilar va hokazolar oʻrtasida) turli nizolar va tushunmovchiliklar kelib chiqish ehtimoli kamayadi.

Ayrim sotsiologik tadqiqotlarga koʻra, HI darajasi yuqori boʻlgan juftliklar jiddiy mojarolarga kamroq roʻpara kelishadi, bu esa, oʻz navbatida, ajralish xavfini deyarli 35 foizga kamaytiradi.

Aql, bilim va tajribaning oʻzi yetarli emas...

Yuqorida koʻrib chiqilganidek, HI ham shaxsiy baxt, ham ijtimoiy muvaffaqiyat uchun juda muhim omil. Texnik koʻnikmalarni oʻrganish va kurslar yoki onlayn orqali olingan mahsulotlar va jarayonlar haqida bilim olish mumkin boʻlgan hozirgi muhitda odamlarga ajralib turishga imkon beradigan yagona jihat – bu hissiy intellektdir. HI stressni yengish, oʻzgaruvchan muhitga moslashish va boshqalar bilan samarali muloqot oʻrnatishda oʻta zarur omil.

Xulosa qilib aytganda, oʻz his-tuygʻularini boshqarish va boshqalarning his-tuygʻularini anglash qobiliyati insonning barcha hayotiy sohalarida muvaffaqiyat qozonishi va oʻz hayot tarzidan qoniqib yashashi uchun katta ahamiyatga ega. HIga ilmiy yondashuv, uni hayotga va ishga samarali tatbiq etish zamonamizdagi koʻplab dolzarb muammolarni hal qilishga yordam berishi shubhasiz.

Abulfayz Sayidasqarov

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+