platina.uz
Siyosat

Xonkandi shahrida Oʻzbekiston bilan hamkorlikda tikuv fabrikasi ochildi

Prezident Mirziyoyev Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyev, Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Petr Fiala, Gretsiya Bosh vaziri Kiriakos Mitsotakislar bilan uchrashuv oʻtkazdi. 

Xonkandi shahrida Oʻzbekiston bilan hamkorlikda tikuv fabrikasi ochildi

Boku shahriga amaliy tashrif doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Ozarbayjon yetakchisini BMTning Iqlim boʻyicha sammiti (COP29) muvaffaqiyatli tashkil etilgani bilan samimiy muborakbod etdi.

Joriy yil avgust oyida oliy darajada erishilgan kelishuvlar doirasida Oʻzbekiston-Ozarbayjon doʻstlik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi

Ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlarni jadal rivojlantirish yilida hamkorlik yuksak darajaga yetgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Tovar ayirboshlash hajmi oshmoqda, avtomobilsozlik, toʻqimachilik, elektrotexnika, qishloq xoʻjaligi, qurilish va shaharsozlik hamda boshqa yoʻnalishlarda kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Loyihalar portfelini, shu jumladan Qoʻshma investitsiya kompaniyasi mablagʻlarini jalb etgan holda yanada kengaytirish muhimligi taʼkidlandi.

Afgʻonistonning iqtisodiy rivojlanishiga koʻmaklashishga qaratilgan amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi.

Faol madaniy-gumanitar va hududlararo almashinuvni davom ettirish, shuningdek, 2025 yilda diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligini nishonlash doirasida keng qamrovli tadbirlar dasturini tayyorlashga alohida eʼtibor qaratildi.

Uchrashuv doirasida Xonkandi shahrida qoʻshma tikuvchilik fabrikasini ishga tushirish marosimi ham boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Boku shahrida oʻtayotgan BMTning Iqlim boʻyicha konferensiyasi doirasida Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Petr Fiala bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Oʻzbekiston-Chexiya munosabatlarini yanada rivojlantirish va ustuvor yoʻnalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Chexiya anʼanaviy ravishda mamlakatimizning Yevropadagi muhim hamkori hisoblanadi. Keyingi yillarda oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 2 barobar, qoʻshma korxona va loyihalar soni 3 barobar koʻpaydi.

Hukumatlararo komissiya ishini faollashtirish, tovar ayirboshlashni koʻpaytirish boʻyicha "yoʻl xaritasi" va aniq loyihalardan iborat sanoat kooperatsiyasi dasturini ishlab chiqish zarurligi taʼkidlandi.

Madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Boku shahrida boʻlib oʻtayotgan BMTning iqlim oʻzgarishi boʻyicha COP29 sammiti doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Gretsiya Bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Suhbatda ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash va amaliy aloqalarni rivojlantirish masalalari, ayniqsa, siyosiy hamda savdo-iqtisodiy sohalardagi munosabatlar muhokama qilindi.

Tovar ayirboshlash hajmini koʻpaytirish choralarini ishlab chiqish, farmatsevtika, elektrotexnika, qishloq xoʻjaligi hamda boshqa sohalarda kooperatsiya loyihalarini shakllantirish muhimligi taʼkidlandi.

Shuningdek, madaniy-gumanitar va sayyohlik yoʻnalishlaridagi almashinuvlarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Kelgusi yilda siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasini Afinada hamda Iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiya yigʻilishini Toshkentda oʻtkazishga kelishib olindi.

Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid