platina.uz
Siyosat

Shavkat Mirziyoyev Bokuda muhim uchrashuvlar oʻtkazdi

Prezident Ozarbayjon poytaxtida oʻtgan iqlim boʻyicha sammit doirasida Finlyandiya va Chernogoriya rahbarlari,  Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti, Islom taraqqiyot banki boshligʻi va boshqa arboblar bilan koʻrishdi.  

Shavkat Mirziyoyev Bokuda muhim uchrashuvlar oʻtkazdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 noyabr kuni Boku shahrida oʻtgan iqlim boʻyicha sammit doirasida bir qator arboblar bilan uchrashdi.

Jumladan prezident Yevropa kengashi Raisi Sharl Mishel bilan uchrashdi.

Mamlakatimizning Yevropa Ittifoqi bilan koʻp qirrali hamkorligini yanada kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi yangi bitimni tez fursatda qabul qilish, shuningdek, "Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi" formatidagi birinchi sammitga tayyorgarlik koʻrishga alohida eʼtibor qaratildi.

Boku shahrida boʻlib oʻtayotgan COP29 sammiti doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubb bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Koʻp qirrali Oʻzbekiston-Finlandiya hamkorligini rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi. Faol siyosiy va parlamentlararo aloqalar mamnuniyat bilan qayd etildi.

Yangi iqtisodiy kun tartibini shakllantirish uchun metallurgiya, elektrotexnika, kimyo, telekommunikatsiya va boshqa sohalarda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish dasturini tayyorlash taklif etildi.

Shu maʼnoda, 2025 yil yanvar oyida Xelsinki shahrida boʻlib oʻtadigan Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishi va biznes forumiga puxta tayyorgarlik koʻrish muhimligi taʼkidlandi.

Taʼlim va ekologiya sohasidagi almashinuvlarni mustahkamlash, shu jumladan BMTning Orolboʻyi uchun Trast jamgʻarmasi faoliyatida Finlyandiyaning faol ishtirok etishi istiqbollariga alohida eʼtibor qaratildi.

Boʻlajak oliy darajadagi uchrashuvlar rejasi koʻrib chiqildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Chernogoriya Prezidenti Yakov Milatovich bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va turizm sohalarida oʻzaro manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilindi.

Iqtisodiy kun tartibini ishlab chiqish uchun Hukumatlararo komissiya tuzish va uning birinchi yigʻilishini kelgusi yilda Toshkent shahrida biznes forumi bilan birgalikda oʻtkazish taklif etildi.

Bundan tashqari, savdo-iqtisodiy hamkorlik va investitsiyalarni himoya qilish boʻyicha asosiy bitimlar tayyorlanadi, ustuvor yoʻnalishlarda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga doir "yoʻl xaritasi" ishlab chiqiladi.

Boʻlajak oliy darajadagi uchrashuvlar rejasi ham koʻrib chiqildi.

12 noyabr kuni Boku shahrida oʻtayotgan COP29 sammiti doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Ushbu nufuzli xalqaro moliya instituti bilan keng qamrovli hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlari koʻrib chiqildi.

Bankning mamlakatimizga investitsiyalari 5 milliard yevrodan oshgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Ushbu koʻrsatkich boʻyicha Oʻzbekiston bankning mintaqamizdagi eng yirik hamkori hisoblanadi.

YeTTBning faol ishtirokida bank sektorini xususiylashtirish chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda, investitsiyalar va yer qaʼridan foydalanish sohasidagi meʼyoriy-huquqiy baza takomillashtirilmoqda.

Davlatimiz rahbari loyihalarni tayyorlash sifati va samaradorligini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.

Oʻzbekiston va ETTB oʻrtasidagi hamkorlik strategiyasini amalga oshirish va uni yanada boyitish muhimligi taʼkidlandi. Energetika samaradorligi, kichik va oʻrta biznes, ayollar va yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash, ijtimoiy soha va infratuzilmada davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, "yashil" shaharlarni rivojlantirish sohalarida yangi loyiha va dasturlarni amalga oshirish hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari sifatida belgilandi.

Kelgusi yilda Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yigʻilishini tayyorlash va oʻtkazish yuzasidan ham fikr almashildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Boku shahriga amaliy tashrif doirasida Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad bin Sulaymon al-Jassir bilan uchrashdi.

Ushbu yetakchi xalqaro moliyaviy institut bilan hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari Islom taraqqiyot banki bilan sheriklik jadal rivojlanib borayotganini yuqori baholadi. Joriy yilning mart oyida Toshkentda islom dunyosining yetakchi moliya institutlari ishtirokida bank rahbarligidagi Arab muvofiqlashtirish guruhining yigʻilishi muvaffaqiyatli oʻtkazildi.

ITB bilan loyihalar portfeli 4 milliard dollardan oshdi, ularning 40 foizi xususiy sektorga toʻgʻri kelmoqda.

Bank ishtirokida tashkil etilgan Oʻzbekistonning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha qoʻshma jamgʻarma kapitali izchil shakllantirilmoqda.

Taʼlim, sogʻliqni saqlash, infratuzilma, tadbirkorlik, ekologiya sohalarida yangi loyiha va dasturlarni amalga oshirish boʻyicha hamkorlikni kengaytirish, xususiy investitsiyalarni safarbar etish, bank tuzilmalarini loyiha ishlariga faol jalb qilishga alohida eʼtibor qaratildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Boku shahriga amaliy tashrif doirasida Yashil iqlim fondi ijrochi direktori Mafalda Duerteni qabul qildi.

Iqlim oʻzgarishiga moslashish va uning oqibatlarini yumshatishga qaratilgan qoʻshma loyiha va dasturlarni amalga oshirish boʻyicha hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Jamgʻarma tomonidan Oʻzbekistonning tegishli tashkilotlari salohiyatini rivojlantirish va milliy moslashuv rejalarini ishlab chiqishga koʻmak koʻrsatilayotgani yuqori baholandi.

Hozirgi kunda qoʻshma loyihalar portfeli 160 million dollarni tashkil etib, suv resurslarini boshqarish, "yashil" energetikani rivojlantirish, "yashil" moliyalashtirish va boshqa bir qator ustuvor yoʻnalishlarni qamrab olgan. Bundan tashqari, 5 milliard dollarlik ikkita mintaqaviy va 500 million dollarlik uchta milliy loyiha ishlab chiqilmoqda.

Innovatsion koʻkalamzorlashtirish va yerlarni barqaror boshqarish, Orolboʻyidagi ijtimoiy-ekologik vaziyatni yaxshilash dasturlarini amalga oshirish orqali sheriklikni yanada kengaytirishga kelishib olindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Bokudagi iqlim sammiti doirasida Islom dunyosi taʼlim, fan va madaniyat tashkiloti (ICESCO) bosh direktori Salim al-Malikni qabul qildi.

Amaliy hamkorlikni kengaytirish va qoʻshma gumanitar loyihalarni ilgari surish masalalari koʻrib chiqildi.

ICESCO bilan hamkorlik boʻyicha milliy komissiyani tezroq tuzish muhimligi qayd etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Boku shahrida Global oʻzgarishlar instituti raisi Toni Bler bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston-Britaniya munosabatlarini yanada rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, Toni Bler rahbarlik qilayotgan Global oʻzgarishlar instituti bilan amaliy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilindi.

Sobiq bosh vazir Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli va ortga qaytmas islohotlar dasturini yuksak baholab, ularni amalga oshirishda ekspert-maslahat koʻmagini taklif etishga tayyorligini bildirdi.

Institut bilan birgalikda transport yoʻlaklarini rivojlantirish, yangi bozorlarga chiqish, xalqaro toʻlov tizimlarini joriy etish, investitsiya siyosati samaradorligini oshirish va boshqa sohalar hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari sifatida qayd etildi.

Sheriklikning aniq yoʻnalishlarini belgilab olish uchun tegishli idoralar ekspertlari darajasida qoʻshimcha uchrashuvlar oʻtkazishga kelishib olindi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid