Raqobat qoʻmitasi uch telekanalga qarshi ish qoʻzgʻatdi
Jamoatchilik telekanallar tomonidan taqdim etilayotgan reklamalar hajmi koʻpligi, reklama roliklari efiri uzoq vaqt davom etishi yuzasidan norozilik bildirgan.

Raqobat qoʻmitasi reklama namoyishini meʼyordan oshirgan uch telekanalga qarshi ish qoʻzgʻatdi.
Qoʻmita telekanallarni reklamaga oid oʻz faoliyatini amaldagi qonunchilik talablaridan kelib chiqib muvofiqlashtirish va qayta koʻrib chiqish boʻyicha ogohlantirgan edi.
Biroq, ijtimoiy tarmoqlarda bir qator telekanallar tomonidan taqdim etilayotgan reklamalar hajmi koʻpligi, reklama roliklari efiri uzoq vaqt davom etishi yuzasidan qoldirilgan murojaatlar keskin muhokamalarga va keng jamoatchilikning eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda.
Bu borada Qoʻmita Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan hamkorlikda telekanallarda joylashtirilgan reklamalar hajmining reklama toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiqligini oʻrganish yuzasidan tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Olib borilgan tahlillar davomida 3 ta telekanalda, jumladan “FTV”, “Muloqot” va “Amudaryo” telekanallari tomonidan joriy yilning aprel-iyul oylarida joylashtirilgan reklamalar hajmi qonunchilik bilan belgilangan meʼyorlardan ortiqligi holatlari aniqlandi.
Yuqoridagilarga asosan, Qoʻmitaning Maxsus komissiyasi tomonidan “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonun talablari buzilish alomatlari yuzasidan bir necha telekanallariga nisbatan belgilangan tartibda ish qoʻzgʻatish toʻgʻrisida qaror qabul qilinib, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yoʻl qoʻymaslik boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Maʼlumot oʻrnida. “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonuning 27-moddasiga muvofiq, telekanallar efirida tarqatilayotgan reklamaning (shu jumladan teledoʻkon reklamasi kabi reklamaning) umumiy davomiyligi koʻrsatuv vaqtining bir soati davomida yigirma foizdan, biroq bir sutkada koʻrsatuv vaqtining oʻn besh foizidan oshishi mumkin emasligi belgilangan.
Shuningdek, yuqoridagi holatlar yuzasidan boshqa telekanallar faoliyati boʻyicha ham oʻrganishlar olib borilmoqda.