Gigantlar jangi: Audi va BMW — reklama urushlari
Avtomobil ixlosmandlari orasida bir munozara hech qachon tugamaydi: nemis avtosanoati brendlari orasida qaysi biri yaxshiroq: Mercedes-Benz, BMW yoki Audi?
Mercedes-Benz avtomobillari zodagonlarga xos yuqori sifat va qulaylik timsoli boʻlsa-da, oʻrta qatlam xaridorlari uchun hamyonbop emas. Koʻpchilik uchun BMW yoki Audi avtombillari narx va sifat muvozanatiga yaqinroq keladigan tanlov hisoblanadi.
Kim birinchi bozorga kirgan?
BMW va Audi oʻzlarining raqobatini turli pozitsiyalardan boshlagan.
BMW (Bayerische Motoren Werke AG – Bavariya motor zavodlari) 1913 yilda aviatsion dvigatellar ishlab chiqarish uchun tashkil etilgan, keyinchalik qishloq xoʻjaligi texnikasi, poyezdlar uchun tormozlar ishlab chiqargan. 1923 yilda ilk mototsiklini taqdim etgan. Shu yildan yana samolyotlar uchun dvigatellar ishlab chiqarish ham yoʻlga qoʻyilgan. 1928 yilda ilk avtomobil – Dixi’ni konveyerdan chiqargan va 1970-yillarda premium sport avtomobillari ishlab chiqaruvchisiga aylangan.
BMW hozirda Mini, Rolls-Royce kabi brendlarga ham egalik qiladi. Bosh qarorgohi – Germaniyaning Myunxen shahrida joylashgan.
BMW oʻzining sport avtomobillari bilan mashhur boʻlgan nufuzli brend. BMW avtomobillari kuchli dvigatel va mukammal boshqaruvga ega. Bu avtomobillar tezlik va adrenalinni sevuvchilar uchun ideal mashinalardir.
Bundan tashqari, BMW oʻzining innovatsion texnologiyalari, masalan, haydovchiga avtomobilning koʻplab funksiyalarini bemalol boshqarish imkonini beruvchi iDrive navigatsiya tizimi bilan mashhur. Shu bilan birga, BMW oʻzining ekologik tozaligi bilan ham tilga tushgan: brendning aksariyat modellari samarali yoqilgʻi tejash tizimlari bilan jihozlangan.
Audi 1909 yilda tashkil etilgan boʻlib, hozirda Volkswagen AG konsernining bir qismi hisoblanadi. Mashhur Ducati, Lamborghini va Bentley Motors Ltd kompaniyalari Audi’ning filial korxonalaridir. Bosh qarorgohi – Germaniyaning Ingolshtadt shahrida joylashgan.
Audi oʻzining "Vorsprung durch Technik" ("Texnologiya orqali taraqqiyot") falsafasi bilan ilgʻor texnologiya va qulaylikka urgʻu beradi. Pozitsiyalashdagi bu farqlar premium segmentda hukmronlik uchun keyingi kurashga asos soldi.
Audi oʻzining qulayligi va xavfsizligi bilan mashhur brenddir. Audi avtomobillari keng va qulay salonga, shuningdek, har qanday yoʻlda oʻzini qulay his qilish imkonini beruvchi yumshoq osmaga ega. Bundan tashqari, Audi oʻzining innovatsion texnologiyalari bilan mashhur, masalan, Audi Pre Sense xavfsizlik tizimi haydovchini yoʻlda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavflardan ogohlantiradi.
Audi, shuningdek, dunyodagi eng tezkor avtomobillardan biri boʻlgan Audi R8 kabi sport avtomobillari bilan ham tanilgan.
Mijozlar qalbi uchun bir asrlik ov
Audi va BMW nafaqat turli tanlovlar va avtopoygalarda raqobat qiladi, balki reklama va marketing sohasida ham kurash olib boradi.
Kompaniyalar oʻrtasidagi raqobat avtomobilsozlik sanoatidagi reklama "urushlari"ning eng yorqin misollaridan biridir. Premium segmentda yetakchi ushbu kompaniyalar bir asrdan beri mijozlar eʼtibori va loyalligi uchun kurashib kelmoqda. Shiorlar, reklama bannerlari va raqobatchiga nisbatan muloyim kesatiq va kinoyalar mujassam videoroliklar ularning marketing strategiyasining bir qismiga aylandi, bu esa jamoatchilikning qiziqishini oshirishga xizmat qilmoqda.
Masalan, 2006 yilda BMW oʻz raqibini gʻalaba bilan samimiy tabrikladi. Kompaniya reklamasida Audi kompaniyasini Janubiy Afrikadagi "Yil avtomobili" tanlovida gʻolib chiqqani bilan tabriklagan. Tabrik tagiga “Jahon avtomobili tanlovi gʻolibidan" deya imzo chekilgan.
Yaʼni “sen Janubiy Afrikada zoʻr boʻlsang, biz butun dunyoda zoʻrmiz”, deya kinoya qilingan.
Audi ham bunga eʼlon bilan javob berdi, unda BMWni shunday faxriy unvon bilan tabriklab, “Le-Manning 24 soati” poygalarining 6 karra (2000-2006) gʻolibidan” deb imzo chekdi.
Kompaniyalarning reklama bannerlaridagi kurashlariga yana bir misol – 2009 yilda Kaliforniyaning Santa Monika shahrida, Santa Monika va Beverli Glen bulvarlari chorrahasida Audi yangi Audi A4 modelini reklama qiluvchi reklama billbordini oʻrnatib, unga “Yurish navbati senga, BMW” (Your move, BMW) deya imzo chekdi.
Bir necha kundan keyin BMW bunga javoban, xuddi shu banner yoniga BMW M3 modeli tasviri va “Shoh va mot!” (Checkmate!) shiori tushirilgan reklama bannerini oʻrnatdi. Ushbu misol ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida katta qiziqish uygʻotdi. Reklama Kaliforniyaning Juggernaut Advertising mustaqil reklama agentligi tomonidan Santa Monikadagi BMW avtosalonlari uchun maxsus yaratilgan boʻlib, ijodiy guruh gʻoyani mamnuniyat bilan maʼqullagan.
Halol raqobat
Amerikaning Car and Driver avtomobil nashri test drayvlar natijalariga koʻra bir necha bor BMW’ni chetda qoldirib, Audi’ga chempionlikni berganidan keyin Audi oʻzining asosiy raqibini magʻlub etishga qaror qildi. 2010 yilda Audi kompaniyasi BMW bilan doʻstona raqobat tarixi haqida yana bir videoni chiqardi, unda har doim gʻoliblar va magʻlublar boʻlishi taʼkidlanadi.
BMW esa bunga javoban oʻz reklamasini Honkongdagi Audi avtosalonlariga joylashtirib chiqdi.
2016 yilda BMW oʻzining aqlli boshqaruv tizimlari va kuchaytirilgan xavfsizlik kabi texnologik yutuqlarini yoritib beruvchi reklama roligini chiqardi. Bunga javoban Audi BMW reklamasining baʼzi jihatlarini masxara qilgan holda dizayn va dinamikada innovatsiyalarga eʼtibor qaratuvchi reklama eʼlon qildi.
Yana bir videoda Audi kompaniyasi BMW, Lexus va Mercedes haydovchilari Audi avtomobili rulida oʻtirishni xohlasalar, nima qilishlari mumkinligini koʻrsatdi.
Bundan bir yil oldin BMW boshqa voqeani oʻylab topdi, uning asosiy ishtirokchilari ikkala markadagi avtomobillarning egalari edi – BMW haydovchilari oʻz mashinalariga osongina sakrab oʻtirishga muvaffaq boʻlishsa, Audi egalari oʻzlarini xuddi haqiqiy mashinani koʻrib qolgan yovvoyidek tutishadi.
Ijtimoiy tarmoqlar – jang maydoni sifatida
Soʻnggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlar marketing uchun asosiy vositaga aylandi hamda BMW va Audi undan faol foydalanmoqda. 2020 yilda Audi kompaniyasi BMWni 100 yilligi bilan tabriklovchi post chiqardi, bu xayrixohlik ishorasidek tuyuldi, lekin unda Audi’ning ustunligiga ishora qilingan. Bunga javoban BMW muloyimlik bilan minnatdorlik bildirdi va bir asrlik tarix davomida erishgan yutuqlarini taʼkidladi.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, ikkala kompaniya ham turli auditoriya segmentlarini maqsad qilib qoʻygan, bu esa ularning reklama strategiyasini belgilaydi. BMW sport va dinamiklikni qadrlaydigan xaridorlarni oʻziga jalb qiladi, Audi esa qulaylik va zamonaviy texnologiyalarga eʼtibor qaratadi.
Bunday reklama urushlari nafaqat mahsulotlarga eʼtiborni jalb qiladi, balki tomoshabinlar koʻz oʻngida brend obrazini yaratadi, premium segmentga oʻyin va quvnoqlik elementlarini qoʻshadi.
Natija bormi?
Mazkur ikki kompaniya orasidagi kurash – aslida mijoz uchun kurash hisoblanadi. Xoʻsh, shuncha saʼy-harakatlardan natija chiqyaptimi? Bunday reklama urushlari mazkur kompaniyalarning moliyaviy koʻrsatkichlariga qanchalik ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda?
Oxirgi bir necha yildagi hisobotlarga koʻra, Audi va BMW jahon premium avtomobil bozorining qariyb 25 foizini egallaydi, BMW bozorning 13,6 foiziga, Audi esa 12 foiziga egalik qiladi.
2023 yilda BMW 2,5 milliondan ortiq avtomobil sotgan boʻlsa, Audi 1,8 millionga yaqin avtomobil sotgan. Bu raqamlar BMW kompaniyasining kuchli yetakchiligini aks ettiradi, biroq har ikki kompaniya ham global iqtisodiy qiyinchiliklarga qaramay muttasil oʻsib bormoqda. Xususan, 2021 yilda BMWning sof foydasi 12,382 mlrd yevroga teng boʻlgan.
Audi esa (2018 yilda) 3,5 mlrd yevro sof foyda koʻrgan xolos.
Qolaversa, premium tabaqadagi avtomobillar orasida BMW barcha raqobatchilarini, jumladan, Porsche, Audi va Mercedes kompaniyalarini ortda qoldirgan. Ushbu koʻrsatkichga hashamatli elektromobillar sotish orqali erishilgan.
2024 yilning 2-choragida BMW sotuvlari 34 foizga oshgan. Joriy yilning 1-yarmida kompaniya 180 mingga yaqin mutlaq (gibrid emas) elektromobillarni yetkazib bergan.
Kurash hech qachon toʻxtamaydi!
Albatta mazkur brendlarning har biri oʻzining afzalliklari va kamchiliklariga ega. Ulardan qaysi birini tanlash esa shaxsiy ustuvorlik va ehtiyojlarga bevosita bogʻliq. Agar tezlik va adrenalinni yaxshi koʻrsangiz, unda BMW sizga kerak boʻlgan avtomobil. Agar qulaylik va xavfsizlikni qidirsangiz, Audi – eng yaxshi tanlov.
Katta ehtimol bilan, Audi va BMW kelajakda reklama janglarini davom ettirishadi, ayniqsa premium segment doimiy eʼtibor va yangi yechimlarni talab qilishini hisobga olsak. Elektromobil va avtonom haydashga oʻtish jarayonida ular reklamaga yanada kuchliroq urgʻu berishlarini kutishimiz mumkin. BMW, ehtimol, elektromobil dinamikasidagi innovatsiyalarga eʼtibor qaratadi, Audi esa qulaylik va futuristik dizaynga koʻproq urgʻu beradi.
Abulfayz Sayidasqarov