“Mening yurtim” telekanali 10 yillik yubileyini nishonlamoqda
MY5 telekanali yoshlarga oid davlat siyosati va ijtimoiy-siyosiy masalalarni faol yoritadigan kam sonli nodavlat telekanallardan biri hisoblanadi.
Platina.uz tahririyati “Mening yurtim” telekanali jamosini bugungi bayram bilan samimiy tabriklab, yutuqlari bardavom boʻlishini tilaydi.

“Mening yurtim” telekanali 2014 yilning 12 noyabrida tashkil topgan. Bugungi kunga kelib tomoshabinlar mehrini qozona oldi va bosqichma-bosqich qamrovni kengaytirish maqsadida reja asosida ishlar olib bormoqda.
Telekanal 10 yil davomida izlandi, yangi loyihalarni amalga oshirdi, media olamida isteʼdodli kadrlarni kashf etdi. Boshqa nodavlat telekanallar orasida birinchilardan boʻlib davlat va xalq oʻrtasida koʻprik vazifasini oʻtadi. Jamiyatdagi muammolarning ildiziga yechim topishda ham oʻzining munosib hissasini qoʻshib kelmoqda.
MY5 telekanali auditoriya jihatidan yoshlar hisoblanadi. Shu boisdan yoshlarga oid koʻplab loyihilar amalga oshirdi. Telekanal 200 dan ortiq xodimlarni qamrab olgan boʻlsa, ularning oʻrtacha yoshi 23 ni tashkil qiladi. Bu yoshlardan 14 nafari davlat mukofotlariga sazovor boʻldi.
Xususan, jamoada mehnat qilayotgan oʻz ishining ustalari “Shuhrat”, “Jasorat”, “Kelajak bunyodkori”, “Sogʻlom turmush” medallari; “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi”, “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist” faxriy unvonlari; “Mehnat shuhrati” ordeni kabi davlat mukofotlari va “Oltin qalam” milliy mukofoti bilan taqdirlanishgan.
Telekanal har doim yoshlarga keng imkoniyatlar beradi, ijodkorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydi.
MY5 telekanalida faoliyatini boshlab vazirlik va idoralarda rahbarlik faoliyatini davom ettirayotgan kadrlar ham juda koʻpchilikni tashkil etadi. Oʻz navbatida bu — telekanal “sotsial lift” vazifasini aʼlo darajada uddalayotganini ham koʻrsatadi.
Telekanal bugunga kelib xalqaro miqyosda ham efirga chiqmoqda.
“Mening yurtim”da kino va seriallarni dublyaj qilish ham telekanalning oʻzida amalga oshiriladi. Ijodkor va xodimlarga qulaylik yaratish maqsadida dublyaj studiyalarining qurilmalari eng soʻnggi rusmdagisi bilan jihozlangan.
Shuningdek, kino komissiyadagi tajribali mutaxassislar yordamida serial va kinolarning badiiy saviyasiga alohida eʼtibor qaratiladi. Har bir serial yoshlarning ongiga ijobiy taʼsiri, qadriyat va anʼanalarni saqlab qolish prizmasida koʻrib chiqiladi.
MY5 telekanali xorijiy davlatlarga kino va seriallarni eksport qilishi bilan ham ajralib turadi.
Platina.uz tahririyati “Mening yurtim” telekanali jamosini bugungi bayram bilan samimiy tabriklab, yutuqlari bardavom boʻlishini tilaydi.