platina.uz
Siyosat

BMT bosh assambleyasi Rossiya rezolyutsiyasini maʼqulladi

U "natsizm va neonatsizmni ulugʻlashga qarshi" qaratilgan. Oʻzbekiston rezolyutsiyani qoʻllab ovoz berdi.  

BMT bosh assambleyasi Rossiya rezolyutsiyasini maʼqulladi

BMT bosh assambleyasining Uchinchi qoʻmitasi "Natsizm, neonatsizm va irqchilik, irqiy kamsitish, ksenofobiya va ular bilan bogʻliq murosasizlikning zamonaviy shakllarining kuchayishiga yordam beruvchi boshqa amaliyotlarni ulugʻlashga qarshi kurash" rezolyutsiyasini yoqlab ovoz berdi. Uni Rossiya koʻrib chiqish uchun taqdim etdi.

Hujjatga 116 davlat ovoz berdi, 54 davlat qarshi ovoz berdi. 11 davlat vakillari ovoz berishda betaraf qoldi. Oʻzbekiston rezolyutsiyani qoʻlladi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining Uchinchi qoʻmitasi rezolyutsiyaga Rossiyaning Ukrainadagi harbiy amaliyotini neonatsizmga qarshi kurash bilan oqlash istagini bildiruvchi tuzatish kiritdi.

Tuzatishni 66 davlat qoʻllab-quvvatladi, 43 davlat qarshi ovoz berdi, 51 davlat betaraf qoldi. Uchrashuvning yozuvi BMT saytida chop etildi.

Rossiya rezolyutsiyani boshqa davlatlar, jumladan, Xitoy, Janubiy Afrika, Shimoliy Koreya, Armaniston va Serbiya bilan hammualliflikda tayyorlagan.

Hujjatda davlatlarga "Ikkinchi jahon urushi tarixi va natijalarini qayta koʻrib chiqishga yoʻl qoʻymaslik uchun inson huquqlari boʻyicha xalqaro majburiyatlariga muvofiq, tegishli aniq choralarni, shu jumladan qonunchilik va taʼlim sohalarida" koʻrish tavsiya etiladi.

Rezolyutsiya 74 banddan iborat. Unda natsizmni targʻib qilish va ulugʻlash bilan bogʻliq voqealarni qoralash haqida ham soʻz boradi. Matn, shuningdek, natsizm bilan bogʻliq "har qanday tantanali bayramlarni" taqiqlashni tavsiya qiladi. Hujjat shuningdek, etnik kelib chiqishi, millati, dini yoki eʼtiqodiga koʻra irqchilik, kamsitish va nafratni targʻib qiluvchi oʻquv materiallaridan foydalanishni qoralaydi.

BMT Bosh Assambleyasining Uchinchi qoʻmitasi inson huquqlari bilan bir qatorda ijtimoiy va gumanitar masalalarni ham koʻrib chiqadi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid