platina.uz
Siyosat

Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Saudiya Arabistoniga bordi

Prezident navbatdan tashqari arab-islom sammiti doirasida Saudiya energetika va investitsiya vazirlari bilan uchrashdi. Oʻzbekistonda "yashil" vodorod ishlab chiqarish loyihalarini tezlashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Saudiya Arabistoniga bordi
Foto: Prezident matbuot xizmati.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11 noyabr kuni amaliy tashrif bilan Ar-Riyod shahriga keldi.

Podshoh Xolid nomidagi xalqaro aeroportda davlat rahbarini Ar-Riyod viloyati rahbariyati – shahzoda Muhammad bin Abdurahmon bin Abdulaziz va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

Bugun Oʻzbekiston yetakchisi navbatdan tashqari Arab-islom sammitida ishtirok etadi.

Tadbir kun tartibiga muvofiq, Gʻazo va Livandagi keskinlikni tez fursatda kamaytirish, mojaroni siyosiy-diplomatik yoʻl bilan hal etish masalalari koʻrib chiqiladi.

Jumladan, Mirziyoyev 11 noyabr kuni Ar-Riyod shahrida oʻtkazilayotgan navbatdan tashqari arab-islom sammiti doirasida Saudiya Arabistoni energetika vaziri shahzoda Abdulaziz bin Salmon Ol Saudni qabul qildi.

Qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish va "yashil" energetika sohasida amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Davlat rahbari Oʻzbekiston energetika sohasini toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar va ilgʻor texnologiyalar asosida modernizatsiya qilishda faol ishtirok etayotgan yetakchi "ACWA Power" kompaniyasi bilan samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyilganini alohida mamnuniyat bilan taʼkidladi.

Mamlakatimiz hududlarida shamol va quyosh elektr stansiyalarini qurish, shuningdek, "yashil" vodorod ishlab chiqarish loyihalarini tezlashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Oʻzbekistonda mahalliylashtirish va korxonalar energiya samaradorligini oshirish jarayonlariga Saudiya Arabistoni kompaniyalari va maslahatchilarini jalb etish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Prezident Ar-Riyod shahriga amaliy tashrif doirasida Saudiya Arabistoni investitsiyalar vaziri Xolid al-Falihni qabul qildi.

Oliy darajadagi kelishuvlar ijrosi doirasida amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish, eng avvalo, Oʻzbekistonda ustuvor investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Keyingi yillarda Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik jadal rivojlanayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi, kooperatsiya koʻlami va aviaqatnovlar soni ortib bormoqda.

Joriy yil yakuni bilan Oʻzbekistonga Saudiya Arabistoni kompaniyalarining qariyb 2,5 milliard dollarlik investitsiyalari jalb etilishi kutilmoqda.

"Yashil" energetika, sogʻliqni saqlash, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, issiqlik va suv taʼminoti, qishloq va uy-joy kommunal xoʻjaligi kabi sohalarda istiqbolli loyihalarni ilgari surish muhimligi taʼkidlandi.

Shu munosabat bilan Toshkent shahrida oʻtkaziladigan Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishiga puxta tayyorgarlik koʻrish zarurligi qayd etildi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid