Oʻzbekistonlik oʻqituvchi uch yilda qariyb 1 mlrd soʻm mukofotni qoʻlga kiritdi
23 yoshli kimyo fani oʻqituvchisi Mohira Boltayevaning shogirdlari ketma-ket uch bora xalqaro olimpiadalarda sovrindor boʻlgan.

Oʻzbekistonlik oʻqituvchi ketma-ket uch yilda xalqaro olimpiadalarga sovrindor oʻquvchilar chiqargani uchun qariyb bir milliard soʻm oldi.
Toshkent shahridagi Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 23 yoshli kimyo fani oʻqituvchisi Mohira Boltayeva tayyorlagan oʻquvchilarning 10 ga yaqini mintaqaviy olimpiadalarda, 3 nafari esa nufuzli xalqaro olimpiadalarda gʻalabalarga erishdi. Joriy yilning oʻzida u 400 mln soʻmga yaqin mablagʻni mukofot sifatida oldi.
Jumladan, Boltayeva bu yil eng nufuzli xalqaro olimpiadalardagi yutuqlar uchun — 318 750 000 soʻm;
- umumiy hisobda eng katta mablagʻ — 378 750 000 soʻm pul mukofotini qoʻlga kiritdi.
Prezidentning 2024 yil 30 sentabrdagi 346-son Qaroriga koʻra, eng nufuzli va mintaqaviy xalqaro olimpiadalar gʻoliblarining ustozlari pul mukofotlarini qoʻlga kiritishi belgilangan.
Jami boʻlib 3 yil ketma-ket medalist oʻquvchilar chiqargani uchun unga qariyb 1 mlrd soʻm berildi (2022 yilda 250 mln, 2023 yilda 350 mln, 2024 yilda 400 mlnga yaqin).
