Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni va Ozarbayjonga boradi
Prezident Gʻazo va Livandagi vaziyatning keskinlashuvi hamda Yaqin Sharqdagi mojaroga tez fursatda yechim topish choralarini ishlab chiqishga bagʻishlangan navbatdan tashqari Arab-islom sammitida qatnashadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-13 noyabr kunlari xalqaro sammitlarda ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Saudiya Arabistoni va Ozarbayjon Respublikasida boʻladi.
Ikki muqaddas masjid xodimi - Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saudning taklifiga binoan davlat rahbari 11 noyabr kuni Gʻazo va Livandagi vaziyatning keskinlashuvi hamda Yaqin Sharqdagi mojaroga tez fursatda yechim topish choralarini ishlab chiqishga bagʻishlangan navbatdan tashqari Arab-islom sammitida ishtirok etadi.
12-13 noyabr kunlari Oʻzbekiston yetakchisi Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga koʻra BMTning Iqlim oʻzgarishi boʻyicha hadli konvensiyasi Tomonlari konferensiyasining 29-sessiyasi (COP29) tadbirlarida qatnashadi.
Oʻzbekiston Prezidentining mazkur sammitlarda nutq soʻzlashi, shuningdek, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan bir qator uchrashuvlar oʻtkazishi rejalashtirilgan.