platina.uz
Jamiyat

Samarqandda soliqchi, Milliy gvardiya xodimi va Mudofaa boʻlimi mansabdori qoʻlga olindi

Kadastrlar palatasi Narpay tuman filiali muxandisi esa kadastr hujjatini rasmiylashtirib berish evaziga 700 AQSh dollari olayotganda ushlangan. 

Samarqandda soliqchi, Milliy gvardiya xodimi va Mudofaa boʻlimi mansabdori qoʻlga olindi

DXX Samarqand viloyati boshqarmasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi tomonidan qator tadbirlar oʻtkazildi.

Jumladan, Kattaqoʻrgʻon tumani soliq inspeksiyasi inspektori, 1981 yilda tugʻilgan M.R. mazkur tumanda yashovchi mahalliy fuqaroning 11 million 500 ming soʻm miqdoridagi soliq qarzini elektron bazadan oʻchirish va qarzdorlik toʻlanganligi xususida soxta hujjat rasmiylashtirib berish evaziga fuqarodan talab qilingan 6 million soʻm pulni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.

Samarqand shahar mudofaa ishlari boʻlimi safarbarlik chaqiruv rezervi boʻlinmasi boshligʻi, Qurolli Kuchlar xizmatchisi, 1972 yilda tugʻilgan S.I. va uning yordamchisi, 1991 yilda tugʻilgan F.E. oʻzaro jinoiy til biriktirgan holda Samarqand shahrida yashovchi mahalliy fuqaroning AQShga ishlash uchun ketgan oʻgʻliga safarbarlik chaqiruv rezervida harbiy xizmatni oʻtaganligi xususida soxta harbiy guvohnoma rasmiylashtirib berish evaziga 600 AQSh dollari talab qilgan. Ular kelishilgan mablagʻni olayotgan vaqtda qoʻlga tushdi.

Poraxoʻrlik bilan bogʻliq jinoiy harakatlar Paxtachi va Narpay tumanlarida qayd etildi.

Jumladan, Milliy gvardiya Paxtachi tumanlararo qoʻriqlash boʻlimi xodimi, 1998 yilda tugʻilgan safdor Sh.A. mahalliy fuqaroga Paxtachi tumanida joylashgan “Qoraqoʻton oltin koni” hududidagi 25-sonli shaxtadan tarkibida oltin moddasi boʻlgan toshlarni qazib olishga sharoit yaratib berish evaziga 8 million soʻm va 600 AQSh dollari talab qilib, kelishilgan puldan qolgan 600 AQSh dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Kadastrlar palatasi Narpay tuman filiali muxandisi, 1998 yilda tugʻilgan, S.Sh. esa mahalliy fuqaroning yaqin qarindoshi nomidagi turar joyga kadastr hujjatini rasmiylashtirib berish evaziga 700 AQSh dollari talab qilib, bu pulni olgan vaqtda qilmishi fosh etildi.

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga muvofiq jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid