platina.uz

Donald Tramp qamaladimi?

AQSh prezidenti saylovigacha bir necha jinoyatlarda ayblangan va hatto bir muddat hibsda turgan yangi prezidentning sud jarayoni endi nima boʻladi?

Video
9-noyabr 2024 yil

Donald Trampning AQSh prezidenti boʻlishi siyosiy tarixda kutilmagan hodisalardan biriga aylandi. U dastlab mashhur tadbirkor va telekoʻrsatuv yulduzi sifatida tanilgan boʻlib, 2016 yilgi saylovda siyosiy tajribasizligiga qaramay, gʻalaba qozongan. Trampning shiori, "Amerikani yana buyuk davlatga aylantiramiz", millatchilik va iqtisodiy muammolarni oʻrtaga qoʻyish orqali millionlab saylovchilar eʼtiborini tortdi. U global savdoni tanqid qildi, immigratsiyani cheklashga va Amerika sanoatini kuchaytirishga urgʻu berdi.

Gʻalaba nutqida Tramp “oddiy shior boʻyicha hukumatni boshqarishga vaʼda berdi: berilgan vaʼdalar albatta bajariladi. Biz vaʼdalarimizga vafo qilamiz”.

U oʻz maqsadlariga qanday erishish mumkinligi haqida baʼzi maʼlumotlarni berib oʻtgan. Xoʻsh, u nimalarni oʻzgartirmoqchi?

Hujjatsiz migrantlarni deportatsiya qilish

Saylov vaqtida Tramp AQSh tarixidagi hujjatsiz muhojirlarning eng yirik ommaviy deportatsiyasiga, Meksika bilan chegarada birinchi prezidentlik davrida boshlangan devor qurilishini yakunlashga vaʼda berdi. AQShning janubiy chegarasidagi oʻtishlar soni oʻtgan yilning oxirida Bayden-Xarris maʼmuriyati davrida rekord darajaga yetgan.

Mutaxassislarning BBC’ga aytishicha, Tramp vaʼda qilgan miqyosdagi deportatsiyalar katta huquqiy va logistik muammolarga duch keladi – bu iqtisodiy oʻsishni sekinlashtirishi mumkin.

Iqtisodiyot, soliq va tariflar

Iqtisodni rivojlantirish doim saylovchilar uchun asosiy masala boʻlib qoladi. Tramp ham "inflyatsiyani tugatishga" vaʼda berdi. Ammo bir narsa bor, AQShda prezidentning narxlarga bevosita taʼsir qilish huquqi cheklangan.

U, shuningdek, kapital taʼmirlanishini uzaytirib, soliqlarni keskin qisqartirishni, ijtimoiy toʻlovlar boʻyicha soliqni bekor qilishni va korporativ soliqni olib tashlashni taklif qildi.

U savdo kamomadini qisqartirish uchun koʻpgina xorijiy tovarlarga kamida 10% yangi tariflarni taklif qildi. Xitoydan import qilinadigan mahsulotlarga qoʻshimcha 60% boj toʻlanishi mumkin. Ayrim iqtisodchilar bu kabi harakatlar oddiy odamlar uchun narxlarni oshirishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Ukraina urushini tugatish

Tramp AQShning Ukrainani Rossiya bilan urushida qoʻllab-quvvatlash uchun sarflagan oʻnlab milliard dollarlarini qoraladi va muzokaralar orqali “24 soat ichida” mojaroga barham berishni vaʼda qildi. Ammo demokratlar fikricha, bu harakat prezident Vladimir Putingayon bosish boʻladi.

Tramp AQShni umuman xorijiy mojarolardan xalos boʻlishini istaydi. Gʻazodagi urushga kelsak, Tramp oʻzini Isroilning ashaddiy tarafdori sifatida koʻrsatdi, ammo Amerika ittifoqchisini operatsiyani toʻxtatishga undagan. U, shuningdek, Livandagi zoʻravonliklarni toʻxtatishga vaʼda berdi, ammo batafsil maʼlumot keltirmagan.

Abortni taqiqlash yoʻq!

Baʼzi tarafdorlarining xohishiga qarshi, Tramp Kamala Xarris bilan prezidentlik debati chogʻida abortni taqiqlash boʻyicha milliy qonunni imzolamasligini aytdi.

Reproduktiv huquqlar Xarris uchun asosiy kampaniya mavzusiga aylandi va bir nechta shtatlar ovoz berish kuni abort huquqlarini himoya qilish yoki kengaytirish choralarini maʼqulladi. Trampning oʻzi muntazam ravishda shtatlar abortga oid qonunlarni hal qilishda erkin boʻlishi kerakligini aytdi.

Tramp Nyu-Yorkda biznes hujjatlarini soxtalashtirishda aybdor deb topilib, jinoiy javobgarlikka tortilgan birinchi prezident sifatida Oq uyga qaytadi. Bu qanday boʻldi?

Jinoiy ish

Tramp 2020 yilgi saylovda Jo Baydenga yutqazganida, odamlar bayram qilish uchun Oq uy oldida yigʻilib, “Oq yoʻl”, “Demokratiya gʻalaba qozondi!”, “Tramp, ishdan boʻshading” va “Omadsiz" kabi yozuvlarni koʻtarishgan. Ammo bu yigi saylovda oʻsha odamlar yana Trampga ovoz bergan, deydi baʼzi AQSh nashrlari.

Vakillar palatasi Trampga ikkinchi marta impichment eʼlon qilgandi va uni saylovda boshqa qatnashishiga yoʻl qoʻymaslik uchun taqiqlashni aytgan. Ammo qandaydir vaziyat oʻzgarib qoldi va Tramp oqlandi. Trampning siyosatga qaytishi vahimasida Demokratlar Baydenni oʻz vitse-prezidenti Kamala Xarrisga saylovga yuz kun qolganda almashtirdilar.

Tramp 2016yilda porno aktrisa Stormi Daniyelsga 2016yilgi saylov davomida “ogʻiz ochmasligi” uchun katta miqdorda oʻtkazgan pul toʻlovini yashirishda hamda shunga oʻxshash bpshqa biznes hujjatlarini berkitish va soxtalashtirishda 34 ta ayblov boʻyicha ish ochilgan. Hukm oʻqish uchun Nyu-York sud zalida 26 noyabrda chiqishi rejalashtirilgan edi. Prezidentlikka saylangandan soʻng bu sodir boʻladimi yoki yoʻq, savol ostida.

Ukraina bilan aloqalar va birinchi impichment (2019)

Trampning birinchi impichment jarayoni 2019 yilda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan boʻlgan telefon suhbati tufayli boshlandi. Ayblovga koʻra, Tramp Zelenskiyga prezidentlikka daʼvogarlardan biri boʻlgan Jo Bayden va uning oʻgʻli haqida tekshiruv oʻtkazishni soʻragan. Tramp bu ayblovlarni rad etdi va Senat tomonidan oqlangan boʻlsa-da, bu jarayon uning siyosiy imijiga taʼsir qildi.

6 yanvar voqealari va ikkinchi impichment (2021)

Tramp 2021 yilning 6 yanvar kuni tarafdorlarini Kapitoliyga yurishga undaganidan soʻng, ommaviy tartibsizliklar yuzaga keldi va bu holat impichment jarayoniga sabab boʻldi. U “qoʻzgʻolon uyushtirish” va "davlatga qarshi harakat"da ayblandi. Ammo Senatda yetarlicha ovoz toʻplanmagani sababli u yana oqlangan.

Moliyaviy ayblovlar

Trampning shaxsiy va oilaviy bizneslari ham katta qiziqish uygʻotdi. Nyu-York shtati prokuraturasi Trump Organization kompaniyasiga nisbatan moliyaviy firibgarlik va soliq toʻlashdan qochish boʻyicha tekshiruv olib bordi. Ayblovlarga koʻra, u kompaniya aktivlari qiymatini oshirib koʻrsatgan va soliq imtiyozlaridan noqonuniy foydalangan. Hozirga kelib, Tramp bu tergovlardan katta jarimalar bilan qutulib, jinoiy javobgarlikka tortilmagan.

Maxfiy hujjatlar bilan bogʻliq tergov (2022)

Tramp prezidentlikdan ketganidan keyin Mar-a-Lago rezidensiyasida maxfiy davlat hujjatlari saqlanib qolgani aniqlandi. Bu holat AQSh milliy xavfsizligi uchun xavf tugʻdirishi mumkinligi aytilib, tergov qilindi. Hujjatlar rasmiylar tomonidan qaytarib olingan boʻlsa-da, Tramp bu hujjatlarni tasodifan qoldirganini taʼkidlagan va jinoyat ayblovidan qutulgan.

Trampning oʻziga xos shaxsiyati va bahsli qarorlari sababli, uning qamalish xavfi va ayblovlarga munosabati koʻp marta omma eʼtiborida boʻldi. Ammo u doimo oʻzini qonuniy yoʻl bilan himoya qilgan va jinoiy jazodan qutulib qolgan.

Trampdan oʻzining jinoiy ishlarini tekshirayotgan prokuror Jek Smit haqida soʻralganda ochiqchasiga uni ishdan boʻshatishini aytgan. “Bu juda oson, men uni ikki soniya ichida ishdan boʻshatgan boʻlardim", degan Tramp.

Oliy sudning shu yozda prezidentga daxlsizlikni berish toʻgʻrisidagi qarori tufayli Trampning sudlanishini bekor qilish uchun ariza topshirish kutilmoqda. Agar sud bunga qaror qilsa, ayblovlar bekor qilinadi va Tramp hukm qilinmaydi.

Ammo agar sudya ayblov hukmini oʻzgarmaslikka qaror qilsa, prezidentning advokatlari Merchandan Trampga hukm chiqarishni kechiktirishni soʻrashlari va apellyatsiya berishlari mumkin. Agar sud hukm chiqarishni davom ettirsa, Tramp toʻrt yillik qamoq muddatini oʻtashi mumkin, ammo sudya saylangan prezidentni qamoq jazosiga hukm qilishi shart emas va u kamroq jazo tayinlashi mumkin, masalan, uy qamogʻi, jamoat ishlariga jalb etish yoki jarima. Shu bilan prezidentlikka saylangani ortida ayblovlar yumshashi mumkin.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+