platina.uz

Turoperatorlik va mehmonxona xizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlarga soliqning bir qismi qaytariladi

Buning uchun hisobot davrida umumiy ovqatlanish, turoperatorlik yoki mehmonxona xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha umumiy tovar aylanmasi jami tovar aylanmasining 90 foizidan kam boʻlmasligi zarur. 

Iqtisod
8-noyabr, 15:34
Turoperatorlik va mehmonxona xizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlarga soliqning bir qismi qaytariladi

Ayrim tadbirkorlarga toʻlangan soligʻining bir qismi qaytarib beriladi.

Hukumat Qarori (745-son, 07.11.2024 y.) bilan Umumiy ovqatlanish, turoperatorlik va mehmonxona xizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlik subʼektlariga byudjetga toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻining bir qismini qaytarish tartibi toʻgʻrisidagi Vaqtinchalik Nizomi tasdiqlandi.

Vaqtinchalik Nizomga koʻra, 2024 yil 1 oktabrdan boshlab turoperatorlik va mehmonxona xizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlik subʼektlariga - byudjetga toʻlangan soliqning 20 foizi qaytariladi.

2025 yil 1 yanvardan boshlab umumiy ovqatlanish xizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlik subʼektlariga oylik tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish boʻyicha aylanmasining naqd pulsiz qismi:

-60 foiz va undan yuqori boʻlganda — byudjetga toʻlangan soliqning 40 foizi;

-60 foizdan kam boʻlganda — byudjetga toʻlangan soliqning 20 foizi qaytariladi.

Tadbirkorlik subʼekti soliq hisobotini taqdim etgandan soʻng, lekin 3 oydan kechiktirmasdan soliqning bir qismini qaytarish uchun murojaat qilishga haqli.

Soliqning bir qismi quyidagi shartlar toʻliq bajarilganda avtomatik ravishda qaytariladi:

-hisobot davrida soliq boʻyicha taqdim etilgan soliq hisobotiga muvofiq hisoblangan soliq byudjetga toʻliq toʻlanganda;

-hisobot davrida umumiy ovqatlanish, turoperatorlik yoki mehmonxona xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha umumiy tovar aylanmasi jami tovar aylanmasining 90 foizidan kam boʻlmaganda;

-hisobvaraq-fakturalarda yoki nazorat-kassa texnikasi cheklarida realizatsiya qilingan tovarlar (xizmatlar) nomenklaturasi hamda faoliyatining oʻziga xos xususiyatlariga yoki amalga oshiriladigan turlariga muvofiq boʻlgan identifikatsiya kodlari aks ettirilgan qismiga nisbatan.

Vaqtinchalik Nizom 2028 yil 1 yanvarga qadar amal qiladi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+