Oʻzbekiston oltin-valyuta zaxiralari 43 mlrd dollardan oshdi
Bu oltin zaxiralarining davom etayotgan oʻsishi bilan bogʻliqdir. Oltin qiymati ham rekord koʻrsatkichni – 33,36 mlrd AQSh dollarini (oʻtgan oyga nisbatan 1,5 mlrd AQSh dollariga koʻp) tashkil etdi.
Oʻzbekiston oltin-valyuta zaxiralari oktabr oyida 2 milliard dollarga oshib, 43,14 milliard dollarga yetdi. Bu haqda Markaziy bank eʼlon qilgan maʼlumotda maʼlum qilingan.
Unga koʻra, joriy yilning 1 noyabr holatiga mamlakat zaxiralari bir oyda 2 mlrd AQSh dollaridan koʻproqqa oshgan va 43,14 mlrd AQSh dollarini tashkil etgan.
Bunga asosiy sabab sifatida oltin zaxiralarining davom etayotgan oʻsishi bilan bogʻliq boʻldi. Yaʼni, uning qiymati ham rekord koʻrsatkichni – 33,36 mlrd AQSh dollarini (oʻtgan oyga nisbatan 1,5 mlrd AQSh dollariga koʻp) tashkil qilgan.
Oʻz navbatida, zaxiralarning sof hajmi 12 mln troya unsiyada (373 tonnadan ortiq) oʻzgarishsiz qolmoqda.
Erkin konvertatsiya qilinuvchi valyutadagi aktivlar hajmi sezilarli darajada oshib, oktabr oyi oxirida 9,22 mlrd AQSh dollarini tashkil etdi.
Markaziy bankning xorijiy hisobvaraqlaridagi naqd valyuta hajmi 445,5 mln AQSh dollariga oshib, 9,11 mlrd AQSh dollariga yetdi. Shundan 414,4 mln AQSh dollari boshqa Markaziy banklar va XVFda, qolgan 8,67 mlrd AQSh dollari esa boshqa xorijiy moliya institutlarida saqlanadi.
Xorijiy valyutadagi boshqa aktivlari miqdori 131 mln dollarni tashkil etdi. Shundan rasmiy zaxira aktivlariga kirmagan depozitlar miqdori 121 mln dollardir.