Biologik faol qoʻshimchalar boʻyicha zararli va chalgʻituvchi maʼlumotlarga chek qoʻyilmoqda
Namanganda “Mahalla” telekanali orqali “Fito-Plyus” hamda “Gemorroid” mahsulotlari reklamasi boʻrttiruvchi va chalgʻituvchi iboralar asosida efirga uzatilganligi aniqlangan.

Raqobat qoʻmitasi tomonidan biologik qoʻshimchalar boʻyicha chalgʻituvchi maʼlumotlarga chek qoʻyilmoqda.
Soʻnggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalari orqali biologik faol qoʻshimchalar (BFQ), oziq-ovqat qoʻshimchalari va turli ozdiruvchi yoki semirtiruvchi preparatlarning reklama materiallari ortib bormoqda.
Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish maqsadida Raqobat qoʻmitasi tomonidan ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardagi reklama materiallarining qonun xujjatlariga muvofiqligini muntazam monitoring qilinmoqda.
Joriy yilning oʻtgan davri mobaynida jami 2205 ta oʻrganish oʻtkazilgan. Shundan, 328 ta reklama qonunchiligiga nomuvofiqlik holatlari aniqlanib, tegishli koʻrsatmalar natijasida ixtiyoriy bartaraf etilgan.
Shuningdek, qonunbuzilish holatlarini ixtiyoriy bartaraf etmagan xoʻjalik yurituvchi subʼektlarga nisbatan ish qoʻzgʻatilgan.
Jumladan, Andijon viloyatida faoliyat yurituvchi “Taraqqiyot TV” telekanali orqali “Qomus qapsulalari” biologik faol qoʻshimchasi reklamasi chalgʻituvchi va boʻrttiruvchi iboralar bilan berilganligi kuzatilgan.
“Reklama toʻgʻrisida”gi qonunning 16, 34 va 35-moddalari talablari buzilishi alomatlari yuzasidan hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan “Taraqqiyot TV” teleradiokompaniyasiga nisbatan ish qoʻzgʻatilib bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar berilgan va mahsulotining reklamasi efirdan olib tashlangan.
Toshkent shahrida “Jit Zdorovo” gazetasida chop etilgan “Neofleks” BFQ reklamasi tekshiruvdan oʻtkazilganda qonunbuzarlik holatlari aniqlandi. Hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan “PAKSTAMPA” MChJga nisbatan jarima belgilandi va masʼullarga nisbatan maʼmuriy choralar koʻrildi.
Namangan viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan “Mahalla” telekanali orqali “Fito-Plyus” hamda “Gemorroid” mahsulotlari reklamasi boʻrttiruvchi va chalgʻituvchi iboralar asosida efirga uzatilganligi aniqlanib, hududiy boshqarmaning tegishli koʻrsatmasiga asosan “HERBAL MED” MChJ tomonidan qonun talablariga zid boʻlgan holatlar bartaraf etilgan hamda “Mahalla” telekanali orqali “Fito-Plyus” va “Gemorroid” mahsulotlarining yangilangan reklama roligi va aksilreklama* berilgan.
Aksilreklama — notoʻgʻri (insofsiz, bila turib yolgʻon) reklama keltirib chiqargan yoki keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan oqibatlarni tugatish maqsadida tarqatiladigan raddiya (Reklama toʻgʻrisida”gi qonunning 4 moddasi)
Samarqand va Sirdaryo viloyatlari hududida ham turli telegram kanallari (“Sirdaryo moshina bozor”, “Gulistonliklar Rasmiy”, “Guliston Olx Sirdaryo”, “Samarqandliklar_Samarqand24”, “Samarqand100”, “Nurobod OLX” ) orqali biologik faol qoʻshimchalarning (“Gemoroydan xalos etuvchi”, “Disaar”, “Stop diabet-No diabet”) qonunga zid reklamalari tarqatilgan holatlar aniqlanib, kanal adminlariga tushuntirish va ogohlantirish berildi va reklama materiallari kanallardan olib tashlandi.
Eslatma. Biologik faol qoʻshimchalar kasalliklarni davolovchi vosita emas.
Biologik faol va oziq-ovqat qoʻshimchalari ishlab chiqaruvchilari, muvofiqligini baholovchi hamda reklama bilan shugʻullanuvchi tashkilotlardan mahsulotlar haqidagi maʼlumotlarni qonunchilik talablariga toʻliq muvofiq holda taqdim etish, shu bilan birga, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoidalariga qatʼiy amal qilish talab qilinadi.
Bugungi kunda Qoʻmita tomonidan “Reklama toʻgʻrisida”gi qonun talablari yuzasidan oʻrganish ishlari davom etmoqda.