Baxtsiz hodisa sabab vafot etgan elektr korxonasi ishchisi oilasiga 213 mln soʻm undirib berildi
Dangʻara tuman elektr taʼminoti korxonasida ishlovchi A.T transformatordagi baxtsiz hodisa sabab ogʻir jarohat olib, Qoʻqon shahar shoshilinch tibbiy yordam boʻlimida olamdan oʻtgan.

Baxtsiz hodisa sabab vafot etgan elektr tarmoqlari xodimi uchun 200 mlndan oshiq mablagʻ undirib berildi. Bu haqda Kasaba uyushmalari federatsiyasi xabar berdi.
Oʻzbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashiga Fargʻona viloyati, Dangʻara tumanida yashovchi fuqaro Z.T. oʻzining marhum turmush oʻrtogʻi, 1991 yilda tugʻilgan A.Tursunboyev “Fargʻona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJning Dangʻara tuman elektr taʼminoti korxonasida yuz bergan baxtsiz hodisa tufayli vafot etgani haqida maʼlum qilgan.
Fuqaro oqibati oʻlim bilan yakunlangan mazkur holat yuzasidan bir yoʻla toʻlanishi zarur boʻlgan zarar toʻlovlari va oyma-oy toʻlanishi lozim boʻlgan toʻlovlar toʻlab berilmayotganligidan norozi boʻlib, mazkur toʻlovlarni undirishda amaliy yordam koʻrsatilishini soʻrab murojaat qildi.
Maʼlum boʻlishicha, elektromontyor vazifasida ishlagan A.T. bilan 2024 yil 28 mart kuni “Fargʻona HETK” AJ Dangʻara tuman elektr taʼminoti korxonasining “Maʼrifat” uzatmasi “Chodaklik” shoxobchasining 26-sonli transformatorida baxtsiz hodisa sodir boʻlgan. Qoʻqon shahar shoshilinch tibbiy yordam boʻlimida koʻrsatilgan yordamlarga qaramasdan A.Tursunboyev 2024 yil 4 aprel kuni vafot etgan.
Marhumning turmush oʻrtogʻi va ikki nafar farzandiga baxtsiz hodisa yuzasidan toʻlanishi shart boʻlgan toʻlovlar toʻlanmasdan kelinayotganligi aniqlangan.
Mazkur murojaat boʻyicha Oʻzbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining Mehnat inspeksiyasi tomonidan “Fargʻona HETK” AJga 2024 yil 25 iyun kuni yozma koʻrsatma xati yuborilganiga qaramasdan, sugʻurta kompaniyasi marhum A.Tursunboyev bilan fuqarolik huquqiy tusdagi shartnoma imzolanganligi vaji bilan zarar toʻlovlarini toʻlab bermayotganligi sababli “Fargʻona HETK” AJ tomonidan mazkur koʻrsatma xatining ijrosi taʼminlanmadi.
Shundan soʻng, tarmoq kasaba uyushmasi Respublika Kengashi tomonidan Fuqarolik ishlari boʻyicha Fargʻona tumanlararo sudiga “Mehnat vazifalarini bajarish bilan bogʻliq holda mehnat jarohati tufayli vafot etgan xodimning oila aʼzolariga yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararni undirish hamda Fuqarolik huquqiy tusdagi shartnoma asosida yuzaga kelgan munosabatlar mehnatga oid munosabatlar deb eʼtirof etilishi toʻgʻrisida” daʼvo arizasi kiritilgan.
Natijada, javobgarga nisbatan marhum A.Tursunboyevning qonuniy vakillariga yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararni undirish hamda Fuqarolik huquqiy tusdagi shartnoma asosida yuzaga kelgan munosabatlar mehnatga oid munosabatlar deb eʼtirof etilishi toʻgʻrisida Fuqarolik ishlari boʻyicha Fargʻona tumanlararo sudining 2024 yil 23 sentabrdagi hal qiluv qarori chiqarilib, marhumning turmush oʻrtogʻi va ikki nafar farzandiga boquvchisi vafot etganligi munosabati bilan 208 mln. soʻmga yaqin bir yoʻla beriladigan bir martalik nafaqa undirib berildi.
Shuningdek, 5 mln. soʻm maʼnaviy zarar toʻlovlari toʻlab berilishiga hamda boquvchisining yoʻqotilgan ish xaqi oʻrnini qoplash uchun amalga oshiriladigan xar oylik toʻlovlarni oyma-oy toʻlash majburiyati yuklatilishiga erishildi.