platina.uz

Rus jinoyat olamining “choʻqintirgan otasi” – Yaponchik

Nosogʻlom oilaviy muhitda oʻsgan kasalmand bolaning, buning ustiga gʻirt ruhiy nosogʻlom oʻgʻrining payti kelib butun sovet, keyin esa rus jinoyat olamining “choʻqintirgan otasi”ga aylanishi, shuncha taqdir toshlaridan omon qolib, 69 yoshga kirishi kamyob hodisa emas. Ammo...

Maqola
7-noyabr, 19:28
Rus jinoyat olamining “choʻqintirgan otasi” – Yaponchik
Fotokollaj: Platina.uz

Bebosh oʻtgan yoshlik

Boʻlajak “qonun oʻgʻrisi” Vyacheslav Ivankov 1940 yil 2 yanvarda Moskva shahrida tugʻilgan. Uning otasi piyonista boʻlgan va keyinchalik oilasini butunlay tashlab ketgan. Slavaning onasi kam uchraydigan ruhiy kasallik bilan ogʻrigan.

Slava yoshligida zaif va kasal bola boʻlgan. Tengdoshlari uning ustidan kulib, masxara qilib yurishgan. Ammo Slava qatʼiyatli va jangovar ruhga ega bola edi. U yoshligidan jiu-jitsu yakkakurash sporti bilan mustaqil shugʻullana boshlagan va uni xafa qilgan bolalardan oʻch olgan. Boshqa, ishonchli maʼlumotlarga koʻra, bola boks yoki erkin kurashni yaxshi koʻrgan. Taxminan shu davrlarda oʻsmir oʻzining dastlabki oʻgʻirliklariga qoʻl urgan.

Toʻqqizinchi sinfni tugatgandan soʻng, Ivankov Davlat sirk sanʼati bilim yurtiga (DSSBYu) oʻqishga kirishga va havo gimnasti boʻlishga qaror qildi. Ivankov mashgʻulotlardan birida trapetsiyadan yiqilib, boshidan jiddiy jarohat oldi. Biroz vaqt oʻtgach, endigina oʻzini tiklay boshlagan Vyacheslavni mashina urib yubordi. Bularning barchasi shizofreniyaning rivojlanishiga olib keldi, Ivankov butun umri davomida shu xastalikdan azob chekdi va hatto nogironlik maqomini oldi.

Keyinchalik u mexanik boʻlib ishga kirdi va bir vaqtning oʻzida kechki maktabga oʻqishga kirdi. Ivankovda pulga muhtojlik juda kuchli edi. U nafaqat keksa onasiga yordam berishga, balki oʻz oilasini ham boqishga majbur edi. 1960 yilda qadimgi Ossuriya xalqi vakili Lidiya Ayvazovaga uylandi. Shu sababli, Vyacheslavni koʻpincha jinoyatchilar davrasida "Ossuriya kuyovi" deb atashgan.

Koʻzi qisiqligi bois Yaponchik laqabini olgan Vyacheslav butunlay jinoyat yoʻliga kirib, choʻntakkesar-talonchiga aylandi (koʻplab “obroʻli qonun oʻgʻrilari” jinoyatchilik karerasini shu “kasb”dan boshlagan). .

1965 yilda Ivankov birinchi marta jinoyat ustida ushlangan. Uni qiyinchilik bilan hibsga olishgan.

Yaponchik oʻzini gʻalati tutishi bois, militsionerlar uni psixiatrik tekshiruvga yuborishdi. Shifokorlar unga shizofreniya tashxisini qoʻyishdi, buning natijasida mahbus qamoqxonadan qutulib qoldi. Buning oʻrniga unga majburiy davolanish buyurildi.

Ivankov 1967 yilda ruhiy kasalxonani tark etdi va tezda yana eski hunarini boshladi.

Ustozing kim boʻlsa...

Vyacheslav 60-yillarning oxiri yoki 70-yillarning boshlarida, kechagina psixiatriya klinikasi bemori, Moskvada faoliyat yuritgan “Moʻgʻul” laqabli Gennadiy Karkovning toʻdasiga aʼzo boʻldi. Baʼzi maʼlumotlarga koʻra, guruhda 30 dan 60 kishigacha boʻlgan. Aytilishicha, Ivankovga Yaponchik laqabini Karkov bergan.

“Moʻgʻul” boshliq toʻda SSSRda birinchilardan boʻlib jinoyatning yangi turini – keyinchalik reket deb ataladigan tovlamachilik turini hayotga tatbiq etgan. Uyushgan jinoiy guruhning nishoni noqonuniy savdogarlar va maxfiy sex egalari, davlatmand kolleksionerlar boʻlgan – oʻsha paytdagi sotsialistik davlat qonunlarida xususiy tadbirkorlik qatʼiy taqiqlangani va qamoqqa tushish xavfi mavjudligi bois, maxfiy tadbirkorlar militsiyaga murojaat qilishdan qoʻrqishgan. Banditlar tunab, talab, kaltaklab ketishsa ham dardlarini ichga yutishga majbur boʻlishgan.

Yaponchik ushbu jinoiy guruhning miya markazlaridan biri edi. Uning tashabbusi bilan “Moʻgʻul” toʻdasi boylardan pul undirishning “tozaroq va madaniyroq” usulini oʻzlashtirdi. Ular militsiya formasini kiyib, oʻzlarini huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari sifatida koʻrsatib, noqonuniy tadbirkorlardan pul undirishgan.

1972 yil boshida tergovchilar nihoyat “Moʻgʻul” toʻdasi aʼzolarini hibsga olishga muvaffaq boʻlishdi. Karkov 14 yil qamoq jazosiga hukm qilindi, uning sheriklari ham uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Shunga qaramasdan, Yaponchik qamoqqa olinmagan – bir versiyaga koʻra, moʻgʻul oʻz jinoiy sheriklariga ozodlikda yurgan holda foydali boʻlishi mumkinligi sababidan, Karkov oʻz odamlariga Yaponchikni himoya qilib yurishni topshirgan boʻlishi mumkin. Karkov toʻdasi magʻlubiyatga uchraganidan koʻp oʻtmay, Yaponchik oʻz toʻdasini yaratishga qaror qildi.

Yangi “qonun oʻgʻrisi”

Yaponchik Karkov boshliq uyushgan jinoiy guruh va uning shotirlari boshlagan ishni davom ettirdi. Jinoyatchilar sinovdan oʻtgan sxemalar boʻyicha harakat qilishdi: ular boylarni va mehnatsiz daromad bilan yashayotganlarni talashda davom etishdi. Hatto qiynoqqa solish usullari va militsiya formasini kiyib firibgarlik qilish ham oʻzgarishsiz qoldi.

Shu bilan birga, toʻda oʻzining "operatsiyalari" geografiyasini sezilarli darajada kengaytirdi – Yaponchik va uning jamoasi Riga, Qozon, Sverdlovsk va maxfiy millionerlar yashaydigan boshqa yirik shaharlarga gastrolga borishardi.

1974 yil mart oyida u Moskva yaqinidagi Saltikovkadagi mashhur “Rus” restoranida boʻlib oʻtgan shov-shuvli mushtlashuv va qonli “razborka”ga aralashib qoldi.

Tez orada toʻpolonning barcha ishtirokchilari qoʻlga olindi. Ishtirokchilar raqiblariga qarshi koʻrsatma bermagani uchun, bu safar ham “Yaponchik” qamoqdan qutulib qolishi mumkin edi. Ammo hibsga olish vaqtida politsiya xodimlari Ivankovning yonidan soxta pasport va haydovchilik guvohnomasini topdilar.

Buning uchun u qamoqqa olindi, ammo unga berilgan jazo muddati uning tergov izolyatorida oʻtkazgan muddati (7 oy 15 kun) bilan yoʻqqa chiqdi. “Butirka” hibsxonasidagi qisqa muddatli qamoq paytida Yaponchikka “toj kiydirilgan”, yaʼni "qonun oʻgʻrilari" safiga qabul qilingan.

Yaponchikning qoʻlga olinishi

Restorandagi toʻqnashuvdan soʻng sovet huquq-tartibot idoralari nihoyat Yaponchikni uzoq muddatga qamoqqa tashlashga bel bogʻladi.

1975 yil iyun oyida Yaponchik yana bir otishmani uyushtirdi. Bu safar militsiya xodimlari bilan naqd Moskva markazida, Ruminiya hukumati delegatsiyasi va SSSR Mudofaa vaziri Andrey Grechko koʻz oʻngida otishma roʻy berdi.

“Qonun oʻgʻrisi”ni qoʻlga olish uchun 1981 yil 14 mayda keng koʻlamli maxsus operatsiya tashkil etildi. Oʻsha kuni Moskva jinoyat qidiruv boshqarmasining barcha xodimlari uni qoʻlga olishga safarbar etildi. Ivankov yana mashinasida tergovchilardan qochib qutulib qoldi, ammo bu safar omad unga kulib boqmadi. Chunki sovet “gangsteri”ni ovlashga juda koʻplab kuchlar jalb qilingandi. Nihoyat uning qoʻliga kishan taqildi. Yaponchikni himoya qilishni advokat Genrix Padva oʻz zimmasiga oldi. Undan juda “hurmatli” odamlar Yaponchikni himoya qilishni soʻrashgan. Padvaning soʻzlariga koʻra, Ivankov oʻz aybini qatʼiyan rad etgan va gap qarzlarni undirish haqida ketayotganini taʼkidlagan. (Keyinchalik Padva mashhur va qimmat advokatga aylandi. Alisher Usmonov-Aleksey Navalniy mojarosida Usmonovning advokati sifatida qatnashdi.)

1982 yil aprel oyining oxirida sud Yaponchikni qoʻyilgan jinoyatlarda aybdor deb topdi va 14 yilga qattiq tartibli koloniyaga hukm qildi. Keyinchalik, mahkumning hududiy maʼmuriyat vakili va boshqa mahkum bilan mushtlashgani bois ikki marta yana muddat qoʻshib berilgan.

Amerikaning zabt etilishi

Garchi Yaponchik 90-yillarning ikkinchi yarmida qamoqdan ozod qilinishi kerak boʻlsa-da, aslida bundan avvalroq ozodlikka chiqdi. “Qonun oʻgʻrisini” qoʻllab-quvvatlash maqsadida uning yaqinlari tomonidan uyushtirilgan keng koʻlamli aksiya boshlandi. Hatto keyinchalik 1996 yilgi prezident saylovida ishtirok etadigan qoʻshiqchi Iosif Kobzon va oftalmolog Svyatoslav Fedorov kabi taniqli shaxslar ham bu ishni qayta koʻrib chiqishni soʻrashgan. Natijada mashhur mahbusning jazo muddati qisqartirildi va 1991 yil noyabrida u ozodlikka chiqdi.

Yaponchik Rossiyada uzoq qolmadi va keyingi yiliyoq AQShga joʻnab ketdi. Bir versiyaga koʻra, chechen jinoiy guruhlari bilan toʻqnashuv uni Rossiyani tark etishga majbur qilgan, boshqa maʼlumotga koʻra, Ivankov siyosiy sabablarga koʻra Amerikaga koʻchib oʻtishga qaror qilgan.

Nima boʻlganda ham, 1992 yilda Yaponchik AQShga koʻchib oʻtdi va Nyu-Yorkka joylashdi. Bu Rossiya huquq-tartibot idoralari uchun kutilmagan hol boʻldi, ular jinoyat olami qirolini koʻzda qochirib qoʻyishdi. Tabiiyki, Yaponchik pasport va vizani unchalik aql, tanish va pul talab qilmaydigan usullarda qoʻlga kiritgan.

Koʻp oʻtmay, Yaponchik AQSh Sharqiy qirgʻogʻida “muammolarni hal qila boshladi”. Bunday vaziyatda tergovchilar qoʻlidan keladigan yagona ish Ivankov haqidagi maʼlumotlarni FQBdagi amerikalik hamkasblariga yetkazish edi. Natijada Amerika huquq tartibot idoralari yangi muhojirning faoliyatini yaqindan kuzata boshladilar.

Nyu-Yorkda Yaponchik slavyan va kavkaz jinoiy guruhlari oʻrtasida vositachilik qildi. Bundan tashqari, Ivankovning kokain va geroin savdosi bilan shugʻullangani haqida mish-mishlar tarqaldi, garchi uning oʻzi buni qatʼiyan rad etib, bunday biznes uning axloqiy tamoyillariga mos kelmasligini taʼkidlagan boʻlsa-da.

AQSh hukumati “qonundagi oʻgʻri”ni kelganidan bir necha yil oʻtib qoʻlga olishga muvaffaq boʻldi. 1993 yilda (boshqa manbalarga koʻra, bir yil oʻtgach) Summit International investitsion firmasi prezidenti Aleksandr Volkov AQSh Federal Qidiruv Byurosiga (FQB) murojaat etgan. Tadbirkorning shikoyat qilishicha, Ivankovning yordamchilari undan pul taʼma qilishgan.

Gap Volkov va uning hamkori Vladimir Voloshin Moskvadagi “Chara” bankidan qarz olgan taxminan 2,7 million dollarlik mablagʻ haqida ketayotgandi. Bank bu pullarni qaytib koʻrmagan. Summit International rahbariyati mablagʻlarni aql bilan tasarruf etmagan va uning katta qismini shubhali investitsiyalarga sarflab boy bergan. “Chara” vakillari Ivankovga murojaat qilishgan va Yaponchik bu qarzni undirishga kirishgan.

Volkovning arizasi FQBning “qoʻllarini yechib yubordi” va 1995 yil iyun oyida Yaponchik hibsga olindi. U oʻz aybini qatʼiyan rad etdi. Ivankov tovlamachilikdan tashqari, taniqli qoʻshiqchi Villi Tokarevning pianinochisi boʻlgan AQSh fuqarosi Irina Ola bilan soxta nikohdan oʻtishda ham ayblangan. Natijada, 1997 yilda jinoyatchi ikkita ayblov bilan jami 9 yil 7 oy qamoq jazosiga hukm qilingan.

2004 yilda Rossiya tomoni Yaponchikni ekstraditsiya qilishni soʻragan. Huquqni muhofaza qilish organlari uni 1992 yil boshida Moskvadagi “Fidan” turk restoranida sodir etilgan qotillikda gumon qilishdi.

Amerika qamoqxonasini shartli ravishda tark etgach, “qonun oʻgʻrisi” oʻzini “rus adliya mashinasi” qoʻliga topshirdi. U Rossiyaga qaytarilgach, boshlangan tergov va sud jarayonlari alal-oqibat chippakka chiqdi. “Fidan”da roʻy bergan janjaldan keyin ancha vaqt oʻtgani bois Yaponchikning aybi isbotlanmadi. 2005 yil iyul oyida hakamlar hayʼati Ivankovni aybsiz deb topdi.

Oʻtmishdan kelgan qotil

Oqlanganidan keyin Yaponchik nafaqaga chiqishga qaror qildi (yoki hech boʻlmaganda u endi jinoyatlarga aloqasi yoʻqligini koʻrsatishga urindi). Uning 2005-2009 yillardagi faoliyati haqida deyarli hech narsa maʼlum emas. 2009 yil 28 iyul kuni kechqurun “qonun oʻgʻrisi” hayotiga uyushtirilgan suiiqasd yanada kutilmaganda roʻy berdi.

Shu kuni Ivankov ikki qoʻriqchi bilan birga Moskvadagi Xoroshevskoye shossedagi "Tailand fili" restoranida tushlik qildi. Muassasadan chiqishda qonun oʻgʻrisiga qarata oʻt ochilgan. Yaponchik qornidan ogʻir yaralangan. Qotil jinoyat joyidan qochishga muvaffaq boʻlgan.

Yaponchik kasalxonaga yotqizildi. 2009 yil 13 sentabrdan 14 sentabrga oʻtar kechasi u klinik oʻlimni boshdan kechirdi. Qornidagi oʻq jarohati peritonitni keltirib chiqardi va bu 9 oktabr kuni jinoyat olami afsonasining oʻlimiga sabab boʻldi. Yaponchik Vagankovskiy qabristoniga, onasining qabri yoniga dafn etildi.

Tergov bu qotillik tashkilotchisi – Yaponchik bilan uzoq vaqtdan beri nizolashib kelgan “qonun oʻgʻrisi” Ilya Simoniya (Maxo) deb hisoblaydi. Maʼlum boʻlishicha, 80-yillarning oxirlarida, Ivankov Tulun koloniyasiga oʻtkazilganida, u oʻsha paytda Irkutsk viloyatining “nazoratchisi” boʻlgan Maho hokimiyatini tan olishdan bosh tortgan.

Yaponchikning demarshiga Simoniyaning oʻtmishi sabab boʻlgan – u komsomolchi boʻlgan va oʻgʻri maqomiga toʻgʻri kelmaydigan qotillik uchun qamalgan. Ivankovning, shu bilan birga mashhur Aslan Usoyan (Ded Xasan) kabi boshqa “hurmatli” oʻgʻrilarning tashabbusi bilan Maxo “toj”dan mosuvo qilingan. Keyinchalik u avvalgi maqomini tiklashga uringan. Ammo birinchi navbatda u Yaponchikni yoʻldan olib tashlashi kerak edi. Buning uchun Simoniya jinoiy guruh tuzib, qotillik aybdorlariga bir necha oʻn million rubl toʻlashni vaʼda qilgan.

Biroq bu ham gumon xolos. Yaponchikni oʻldirishga buyurgan haqiqiy aybdorlar hamon nomaʼlum qolmoqda.

Soʻnggi manzil

Yaponchikning sargardon hayoti 2009 yilda nihoyasiga yetdi. Uning dafn marosimida nafaqat jinoyat olami vakillari, balki “yorugʻ dunyo”ning ham mashhur insonlari, mahalliy va xalqaro jurnalistlar ishtirok etishdi. Dafn marosimiga kimsan Ded Hasanning oʻzi rahbarlik qildi. Yaponchik jasadini juda qimmat va hashamatli, elektr chiroq va konditsioner oʻrnatilgan tobutda dafn etishdi. Marosimda hatto Rossiya bayroqlari ham koʻrinish bergan.

Ikki yildan keyin uning qabri ustida muhtasham yodgorlik oʻrnatildi. Unda Yaponchik qamoqxonalarda boʻladigan standart va oddiy yogʻoch kursichada oʻtirgan holda tasivrlangan. Butun umr qamoqxonani qadrdon uyi deb bilgan, politsiya doim qamatishga uringan Yaponchik, endi qabri ustida abadiy “oʻtirish”ga mahkum.

Nosogʻlom oilaviy muhitda oʻsgan kasalmand bolaning, buning ustiga gʻirt ruhiy nosogʻlom oʻgʻrining payti kelib butun sovet, keyin esa rus jinoyat olamining “choʻqintirgan otasi”ga aylanishi, shuncha taqdir toshlaridan omon qolib, 69 yoshga kirishi kamyob hodisa emas. Tarixda bunday misollar koʻp. Biroq Yaponchik oʻgʻri, beshafqat yoki aqlliligi uchun mashhur boʻlmagan. Undan turli siyosiy nizolar, ijtimoiy muammolarda ham foydalanishgani, hatto Rossiya hukumati (yoki uning egalarining shaxsiy manfaatlari) yoʻlida foydalangani haqida gumonlar koʻp. Chunki obroʻ va mashhurlik ham xuddi pulga oʻxshaydi – qanday va qayerda orttirilganining ahamiyati yoʻq, muammongni hal qilsa boʻldi!..

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+