Qoʻqonda xalqaro terroristik tashkilot tarafdorlari 12 yilgacha qamaldi
“Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkilotining 11 nafar tarafdorlari choyxonalarda “shanbalik oshlar” niqobi ostida yigʻinlar tashkil etib, ekstremistik ruhdagi maʼruzalarni eshitib kelishgan.
Qoʻqonda “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkiloti tarafdorlari ozodlikdan mahrum etildi.
DXX xodimlari tomonidan tezkor-qidiruv tadbirlari oʻtkazilgan. Unda Qoʻqon shahrida faoliyat olib borgan “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkiloti tarafdorlaridan iborat jamoat fosh etildi.
Jamoatning 11 nafar aʼzosi Qoʻqon shahri hamda Oʻzbekiston tumanida yashovchi, 1980-2000 yillar oraligʻida tugʻilgan fuqarolar boʻlib, ular orasida farmatsevtika sohasida faoliyat yurituvchi masʼuliyati cheklangan jamiyatda menedjer, gaz quyish shoxobchasida bosh mexanik boʻlib ishlagan, shuningdek, xususiy tadbirkorlik, oshpazlik, ustachilik, kirakashlik bilan shugʻullangan shaxslar bor.
2021-2023 yillar davomida noqonuniy guruh aʼzolari Qoʻqon shahrida joylashgan choyxonalarda “shanbalik oshlar” niqobi ostida yigʻinlar tashkil etib, unda Abdulloh Zufar, Sodiq Samarqandiy, Yaxyo Turkistoniy va boshqalarning jihod hamda shahidlikka, islom davlati qurishga chorlovchi, diniy ekstremizm va aqidaparastlik gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan maʼruzalarini eshitishlari natijasida dinga mutaassiblarcha berilib, ekstremistik gʻoyalarni qoʻllab-quvvatlab kelishgan.
Shuningdek, mamlakatda amalda boʻlgan davlat tuzumini Konstitutsiyaga xilof tarzda oʻzgartirishga va “Halifalik” davlati qurishga qaratilgan gʻoyalarni oʻzaro muhokama qilishgan.
Eng achinarlisi, jamoat aʼzolarining ayrimlari Suriyaga hijrat qilish masalasini ham muhokama qilishgan.
Bundan tashqari, ulardan 2 nafari oʻzaro til biriktirib, hozirda Suriyadagi “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkiloti faoliyatida ishtirok etib kelayotgan qoʻqonlik Jasur ismli shaxsga moddiy yordam berish maqsadida 2023 yilning iyul va avgust oylarida jami 3000 AQSh dollari miqdorida pul mablagʻi yuborishgan.
Jamoat aʼzolari oʻz saflarini kengaytirish uchun yigʻinlarga boshqa fuqarolarni ham jalb qilib, ularning ongiga ekstremistik gʻoyalarni singdirishgan.
“Telegram” messenjerida tashkil etilgan guruhda oʻzaro maʼlumotlar almashinib, navbatdagi yigʻin vaqti va joyi eʼlon qilib borilgan.
Shuningdek, ular har 15 kun, 1 oy ichida nima ishlarni amalga oshirganliklari boʻyicha guruh yetakchisiga hisobot berishgan.
Jinoyat ishlari boʻyicha Qoʻqon shahar sudining hukmiga koʻra, mazkur noqonuniy guruh aʼzolari tegishliligi boʻyicha Jinoyat Kodeksining 155-3, 159, 244-1 va 244-2-moddalari bilan aybli deb topilib, ularga nisbatan 6 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.