MIB mansabdorlari jami 202,9 mlrd soʻmlik ishlarda qonunbuzilishiga yoʻl qoʻygani aniqlandi
Ular xizmat vazifalariga loqaydlik bilan munosabatda boʻlib, ish yurituvidagi ijro hujjatlarini asossiz tamomlashi oqibatida fuqaro, jamiyat va davlat manfaatlariga juda koʻp miqdorda moddiy zarar yetgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mansabdor shaxslar tomonidan jamiyat va davlat manfaatlariga juda koʻp miqdorda moddiy zarar yetkazilgani haqida xabar berdi.
Agentlik tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishda Majburiy ijro byurosining Shayxontohur tuman boʻlimi mansabdor shaxslari tomonidan oʻz mansabiga sovuqqonlik bilan qarash, xizmat vazifalariga loqaydlik bilan munosabatda boʻlish, ish yurituvidagi ijro hujjatlarini asossiz tamomlash oqibatida fuqaro, jamiyat va davlat manfaatlariga juda koʻp miqdorda moddiy zarar yetkazilgani aniqlandi.
Xususan, 202,9 mlrd soʻmlik 200 ta ijro ishida qonunbuzilishi holatlariga yoʻl qoʻyilgan.
Jumladan, Byuroning tuman boʻlimi ish yurituvida boʻlgan "S.B" MChJdan davlat foydasiga 19 mlrd soʻmlik, "P.P" MChJdan 179,2 mln soʻm soliq qarzdorligini undirish toʻgʻrisidagi ijro ishlari qonunchilik talablariga zid ravishda asossiz tugatilganligi natijasida ushbu soliq qarzdorliklari bugungi kunga qadar undirilmagan.
Shuningdek, "SCG" MChJ dan 26,3 mlrd soʻm, "R.F.P." MChJdan 19,4 mlrd soʻm va "Ya.M.S.E.T" MChJdan 1,7 mlrd soʻm davlat foydasiga soliq qarzdorliklarini undirish toʻgʻrisidagi ijro ishlari mazkur korxonalar faoliyat yuritib kelayotgan manzili aniq boʻla turib, asossiz tamomlangan.
Shu kabi "P.E.E.S" MChJdan undiruvchi "B.P.T" MChJning foydasiga jami 1,9 mlrd soʻm, "M.S." MChJdan undiruvchi "S." AJning foydasiga 1,1 mlrd soʻm qarzdorlikarni, qarzdor B.P.dan undiruvchi N.G.ning foydasiga 332 mln soʻm jinoyat natijasida yetkazilgan zararni, qarzdor "M.T" MChJdan davlat foydasiga 6,3 mlrd soʻm va 331 mln soʻm soliq qarzdorligini undirish toʻgʻrisidagi ijro ishlari qarzdorning nomiga rasmiylashtirilgan mol-mulklar mavjud boʻla turib, asossiz yakunlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan oʻrganish mobaynida toʻplangan hujjatlar asosida Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.