Ikki viloyatda 8 noyabrdan isitish mavsumi boshlanadi
Jizzaxda 8 noyabrdan ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlmagan hamda mavsumiy tabiiy gaz isteʼmolchilariga gaz yetkazib berish toʻxtatiladi.

Toshkent va Jizzax viloyatlarida 8 noyabrdan isitish mavsumiga start beriladi. Bu haqda har ikkala viloyat hokimlarining qarorlari eʼlon qilingan.
Jumladan, Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev qaroriga koʻra, 8 noyabr soat 10:00 issiqlik energiyasining aylanma harakati yoʻlga qoʻyiladi.
Shaxar va tuman hokimlari barcha ijtimoiy soha xodimlari bilan birgalikda bir hafta muddatda qoʻshimcha ravishda barcha ijtimoiy soha obʼektlaridagi isitishi qozonlarini xatlovdan oʻtkazadi.
Qaror ijrosini nazorat qilish viloyat hokimi oʻrinbosari Sh.Mahmudov zimmasiga yuklangan.
Jizzax viloyati hokim Ergash Saliyev imzolagan qarorga koʻra, 8 noyabrdan viloyatda ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlmagan hamda mavsumiy tabiiy gaz isteʼmolchilariga gaz yetkazib berish toʻxtatiladi. Elektr va tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganlarga nisbatan keskin choralar koʻrilishi belgilangan.
Bugundan Navoiy, Toshkent shahri va Namanganda isitish mavsumi boshlanishi belgilangan.