Fargʻonada 4 fuqaro ovqatdan zaharlandi
Surishtiruvga koʻra ular xot-dog mahsuloti isteʼmol qilgani aniqlangan. Bemorlarning holati qoniqarli ekani aytilmoqda.

Fargʻona viloyatida 4 kishi fastfuddan zaharlandi.
Canepidqoʻmita Fargʻona viloyati boshqarmasi Oʻzbekiston tumani boʻlimiga 6 noyabr kuni tuman Tibbiyot birlashmasiga qarashli Yuqumli kasalliklar boʻlimiga 4 nafar bemorni oshqozon-ichak faoliyatining funksiyasini buzilishi tashxisi bilan yotqizilganligi yuzasidan xabarnoma berilgan.
Ushbu xabarnomaga asosan Canepidqoʻmita xodimlari tomonidan sanitariya-epidemiologik surishtiruv ishlari olib borilgan.
Surishtiruv davomida bemorlarning 2 nafari 2024 yil 5 noyabr kuni tushlik vaqtida Oʻzbekiston tumani "Yaypanbozorbosh" MFY, Ibn Sino koʻchasida faoliyat olib borayotgan fastfud mahsuloti tayyorlab sotish shoxobchasida xot-dog mahsulotini isteʼmol qilganligi, yana 2 nafar bemor esa ushbu tumanning "Oqtepa" MFY, "Turkiston" koʻchasida faoliyat olib borayotgan “OQTEPA MINI FOOD” nomli fastfud mahsuloti tayyorlab, sotish shoxobchasida xot-dog mahsulotini isteʼmol qilganligi maʼlum boʻldi.
Bemorlar shifoxonada shifokorlar tomonidan tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, “Oshqozon-ichak faoliyatining funksiyasini buzilishi” tashxisi bilan boʻlimga yotqizildi. Bemorlarning umumiy holati qoniqarli.
Ushbu holat Sanepidqoʻmita mutaxassislari tomonidan toʻliq nazoratga olingan. Oʻrganish ishlari davom ettirilmoqda.