platina.uz

Trampning saylanishi urushlarga qanday taʼsir qiladi?

Uning prezidentlikdagi raqibi Kamala Xarris saylovoldi tashviqotida NATO birligini saqlab qolish va Ukraina suvereniteti tiklanmaguncha uni qoʻllab-quvvatlash muhimligini taʼkidlagan boʻlsa, Tramp “cheksiz yordam”dan voz kechish rejasini ilgari surdi.

Tahlil
6-noyabr, 19:00
Trampning saylanishi urushlarga qanday taʼsir qiladi?
Kollaj: Platina.uz

Dunyoda tinchlik oʻrnatilishini taʼkidlagan respublikachi Rossiya-Ukraina va Yaqin Sharqdagi nizolarni hal qilishda qanchalik muhim inson?

Joriy yilning 5 noyabr kuni oʻtkazilgan prezident saylovlarida AQShni keyingi 4 yil mobaynida boshqaradigan, dunyo siyosatiga taʼsir qila oladigan navbatdagi prezident nomi aniq boʻldi. Tadbirkor, shoumen va AQShning 45-(sobiq) prezidenti (2017 yil 20 yanvardan – 2021 yil 20 yanvargacha) Donald Tramp koʻpchilik ovoz bilan gʻolib chiqdi.

AQSh prezidenti aniqlandi, Ukraina taqdiri mavhumlashdi

Deyarli butun dunyo bu saylovlarga qiziqish bildirgan boʻlsa-da, Rossiya va Ukraina, ayniqsa, Ukraina rahbariyati kuchliroq hayajonda va xavotirda boʻldi, desak mubolagʻa emas. Zero Rossiyadagi istilochilik urushi qanday yakun topishi yoki qanday oʻzanga burilishi AQSh va NATOning Ukrainaga qanday yordam berishiga bevosita bogʻliq.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy birinchilardan boʻlib Trampni gʻalaba bilan tabrikladi. “Yaqinda oʻtkazilgan suhbatlari maroqli boʻlganini” eslatdi.

Maʼlumki, ushbu suhbatda Zelenskiy Trampga yoki Ukraina yadroviy qurolga ega boʻlishi, yoki NATOga qoʻshilishini aytgan. Zelenskiy Tramp bilan suhbatda unga 1994 yilgi Budapesht memorandumini eslatib oʻtganini bildirdi. Ushbu hujjatga koʻra, yadroviy quroldan voz kechish evaziga Ukrainaga hududiy yaxlitligi va suverenitetini himoya qilish vaʼda berilgan edi. Zelenskiyning qoʻshimcha qilishicha, Ukraina yadro quroliga ega boʻlishdan koʻra NATOni tanlaydi va Tramp uning fikrlarini eshitgan.

Nima boʻlganda ham, Trampning saylanishi AQShning Ukrainaga nisbatan kelajakdagi siyosati va Rossiya bilan davom etayotgan mojaroga nisbatan sezilarli noaniqlik paydo boʻldi.

Avvalo, Tramp har ikki tomon bilan muzokaralar olib borish orqali “24 soat ichida urushni toʻxtatish” niyatida ekanini bir necha bor aytgan boʻlsa-da, Ukraina gʻalabasini qoʻllab-quvvatlashi borasida aniq javob berishdan qochgan, asosiysi urushni tugatish ekanini takrorlagan.

Tramp, shuningdek, Ukrainaga yuborilgan katta miqdordagi harbiy va iqtisodiy yordamni bir necha bor tanqid qilgan va agar u AQSh prezidentlik lavozimiga qaytsa, bu yordam tekin emas, qarzga, yaʼni qaytarish sharti bilan taqdim etilishiga ishora qilgan. Bunday bayonot Ukraina tomoni va uning tarafdorlarini sarosimaga solgan. Zero Tramp bu vaʼdasida tursa, Ukrainaga koʻrsatilayotgan yordam miqdori sezilarli darajada kamayib ketishi mumkin.

Qolaversa, yaqinda Tramp “men saylansam, 4 yil dunyoda urushlar toʻxtaydi” deya bayonot berdi. Urush toʻxtashi yaxshi, biroq kimning gʻalabasi bilan tugashi muhimi. Rossiya ham, Ukraina ham magʻlub boʻlishni istamaydi. Biroq Tramp oʻzining yana bir chiqishida aytishicha, u Putin bilan gaplashganida, “agar Ukrainaga nisbatan yana biror yomon harakat qilsa, naqd laʼnati Moskvaning markaziga zarba berish” bilan tahdid qilgan. Trampning aytishicha, Putin “hech qachon” degan, ammo ogohlantirishni tushungan. “Chunki mening jinni ekanimni biladi” degan Tramp. Biroq Putin Trampning bunday gapni aytganini eslolmasligini maʼlum qildi.

Rossiyaning “kuni tugʻadimi?

Rossiya rahbariyati odatda Tramp tarafdori boʻlgan. Hatto 2016 yilgi AQSh prezidentlik saylovlariga aralashib, Tramp uchun harakat qilgan, qabilidagi shubhalar ham mavjud. Trampning yana saylanishi Putin “lagerini” shod etgan boʻlsa ehtimol. Biroq Tramp jilovni qoʻlga olsa, urushni toʻxtatish uchun Rossiya va Ukrainani muzokaralarga majburlashi (!), oʻrta bir maqbul yechim topilsa, sulhga ham majburlashi mumkin. Rossiya prezidenti esa bunga rozi boʻlishga majbur. Aks holda Tramp demokratlar kabi maydalashib, istihola qilib oʻtirmaydi: Zelenskiy anchadan beri soʻrab, ruxsat ololmayotgan imkoniyat – uzoqqa – Rossiya ichki hududlariga, demakki Moskvaga ham zarba bera oladigan qurollar hamda bu qurollarni istagan masofaga qoʻllashga ruxsat berib yuborishi mumkin. Tramp Ukrainaga yordamni Bayden maʼmuriyati taqdim etganidan-da oshirib yuborishi va Rossiyani burchakka taqab qoʻyishi turgan gap. Chunki avvalo Tramp avtoritar va choʻrtkesar rahbar, ikkinchidan, Senatda ham Trampning siyosiy maslakdoshlari – respublikachilar koʻpchilik oʻrinni qoʻlga kiritdi. Bu degani, AQSh elitasida Trampning istaklariga qarshi chiqa oladigan kuch yoʻq degani, Tramp reja qiladigan yordam loyihalarini senat oson tasdiqlab berishi mumkin, deganidir.

Biroq Rossiya tomoni bu jihatni inobatga olgan koʻrinadi: oxirgi paytlarda Rossiya armiyasi imkon qadar Ukrainaning koʻproq yerlarini egallab olishga urinmoqda. Chunki Tramp saylanganidan keyin vaziyat kutilmagan tomonga oʻzgarib ketishi va istilochilikka chek qoʻyilishi mumkin.

Biroq Putin koʻchasida bayramga sabab boʻlishi mumkin boʻlgan bir jihat bor: Tramp saylangan kunining ertasigayoq Putinga qoʻngʻiroq qilmoqchi. Avvalroq u Putinni ham “toʻgʻri tushunish”, Rossiyaga qoʻyilgan sanksiyalarni bekor qilish kerakligini aytgan edi.

NATO va Yevropa bilan munosabatlar sovuqlashadi

Biroq Trampning saylanishi natijasida yana bir oʻzgarish kutilmoqdaki, u ham Ukrainaning foydasiga boʻlmaydi.

Trampning prezidentlikdagi raqibi Kamala Xarris saylovoldi tashviqotida NATO birligini saqlab qolish va Ukraina suvereniteti tiklanmaguncha uni qoʻllab-quvvatlash muhimligini taʼkidlagan boʻlsa, Tramp “cheksiz yordam”dan voz kechish rejasini ilgari surdi.

Aslida Tramp avvalgi prezidentlik davrida ham, oktabr oyidagi saylovoldi tashviqotida ham Yevropa hamda NATO bilan munosabatlarni qayta koʻrib chiqishni, NATOga pul ajratishni kamaytirishini aytgan. Tramp kollektivizimdan koʻra AQSh manfaatlarini ustun qoʻyadigan rahbar. Bunday nuqtai-nazar Yevropa Ittifoqi va NATO aʼzolari orasiga parokandalik solishi, Ukrainaga yordam borasida kelishmovchilik kuchayishi va yordamni taqdim etish sekinlashuviga olib kelishi mumkin. Ekspertlarning fikricha, Trampning bunday pozitsiyasi Ukrainaga harbiy yordamni kamaytirishi va uning harbiy harakatlarni davom ettirish qobiliyatiga toʻsqinlik qilishi mumkin.

Qolaversa, Yevropa diplomatlari taxmin qilishicha ham, Tramp saylovda gʻalaba qozonsa, Ukrainaga koʻrsatilayotgan yordamni keskin toʻxtatishi mumkin, bundan esa Putin foydalanishga urinishi ehtimoli bor.

Fransiyaning Yevropa ishlari boʻyicha vaziri Benjamen Haddad, agar AQSh Ukrainaga yordamni toʻxtatishga qaror qilsa, Yevropa mamlakatlarini Ukrainani mustaqil ravishda qoʻllab-quvvatlashni davom ettirishga chaqirgan. Shuningdek, u Yevropa davlatlarini oʻz mudofaa qobiliyatini oshirish ustida ishlashga ham daʼvat etdi.

Isroil ham bor

Albatta, AQShning Ukrainadan tashqari tashvishlari koʻp. Shulardan biri – Yaqin Sharq, xususan Isroilga yordam muammosi.

Sir emas, Isroil Bosh vaziri Netanyaxu va uning hukumati Trampning Oy Uyga qaytganidan oʻzlarini ancha qulayroq his qilishadi. Zero, Tramp avvalgi prezidentlik davrida Isroilning, jumladan, Netanyahuning yaqin ittifoqdoshi deya eʼtirof etilgan.

Bir eshakka ikki odamning yuki koʻplik qiladi. Tramp Ukraina yoki Isroilga yordam berish masalalari orasida tanlov qilish kerak boʻlsa, katta ehtimol bilan Isroilni tanlaydi.

Xoʻsh, nima boʻladi?

Siyosatshunos va ekspertlar Trampning prezident etib saylanishi dunyo siyosatida katta oʻzgarishlar yasashi borasida yakdil fikrda. Biroq bu oʻzgarishlarning sifati hamda ehtimoliy oqibatlari haqida turli fikrda.

Baʼzilarning fikricha, Tramp vositachiligidagi muzokaralar mojaroning “muzlatilishi”ga yoki Ukrainaning oʻz hududlarining bir qismi ustidan nazoratini qisman yoʻqotishiga sabab boʻladigan muzokaralarga olib kelishi mumkin.

Boshqalar esa Amerika qoʻllab-quvvatlashidan voz kechish Ukrainaning ruhiyati va xalqaro obroʻsiga salbiy taʼsir koʻrsatishidan qoʻrqishadi. Bunday vaziyat Rossiyani Ukrainani zaiflashtirish umidida harbiy saʼy-harakatlarini kuchaytirishga undashi mumkin.

Umuman olganda, Trampning hokimiyat tepasiga kelishi, katta ehtimol bilan, AQShning Ukrainaga nisbatan siyosati “kamroq aralashuv” rejimiga oʻtishiga, Ukraina manfaatlariga tahdid kuchayishiga va xalqaro hamjamiyatning Rossiya agressiyasini toʻxtatishga qaratilgan saʼy-harakatlari borasida oʻzgarishlarga olib kelishi mumkin.

Abulfayz Sayidasqarov sharhladi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+