Shavkat Mirziyoyev Yaqin Sharqdagi nizoni hal qilish yoʻlini aytdi
Oʻzbekiston rahbari bu haqda Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlari kengashi majlisidagi nutqida soʻzladi.

Yaqin Sharqdagi koʻp yillik nizoning yagona yechimi – xalqaro meʼyoriy hujjatlar va rezolyutsiyalarga muvofiq, 1967 yildagi chegaralar asosida, poytaxti Sharqiy Quddus boʻlgan mustaqil Falastin davlatini tuzishdir, dedi Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlari kengashi majlisida.
"Tashkilotimiz doirasida siyosiy va xavfsizlik masalalarida muloqotlarni tizimli davom ettirish, umumiy manfaatlarimizdan kelib chiqib, xalqaro muammolar boʻyicha yakdil va aniq pozitsiyamizni faol ilgari surish maqsadga muvofiqdir.
Bu oʻrinda gap, eng avvalo, Yaqin Sharqda davom etayotgan adolatsiz urush va kuzatilayotgan ikki yoqlama standartlar haqida bormoqda. Gʻazo sektori va Livandagi misli koʻrilmagan gumanitar fojiani, tinch aholiga qarshi vayronkor hujumlarni, ayniqsa, begunoh bolalar, keksalar va ayollar qurbon boʻlayotganini hech narsa bilan oqlab boʻlmaydi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Falastin qochoqlariga yordam berish boʻyicha maxsus agentligi faoliyatini cheklashga qaratilgan harakatlarni ham keskin qoralaymiz", dedi Oʻzbekiston rahbari.
Shavkat Mirziyoyev keyingi hafta Ar-Riyod shahrida oʻtadigan arab-musulmon davlatlari sammitida bu muammoga aniq siyosiy yechim topilishiga umid bildirdi.