Oʻzbekiston Turkiy davlatlar abadiy doʻstligi va qardoshligi toʻgʻrisidagi shartnomani qabul qilishni taklif etdi
Mirziyoyev iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq muammolarga yechimlar topish maqsadida vazirlar darajasidagi Turkiy ekologik kengashni tezroq tuzish zarurligini taʼkidladi.

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar majlisida qator takliflar bilan chiqdi.
Prezidentga koʻra, "yetakchi davlatlar oʻrtasidagi raqobat va ishonchsizlik muhiti keskin kuchaymoqda, ziddiyat va urush oʻchoqlari koʻpayib, turli xavf-xatarlar yanada ortmoqda".
Oʻzbekiston prezidenti quyidagi tashabbuslari ilgari surdi:
"Birinchidan, davlatlarimiz oʻrtasidagi ikki va koʻp tomonlama hamkorlikning bugungi yuqori darajasidan kelib chiqib, Tashkilotimizning asosiy shartnomaviy-huquqiy bazasini kengaytirish va mustahakamlash tarafdorimiz.
Biz Turkiy davlatlarning strategik sheriklik, abadiy doʻstlik va qardoshligi toʻgʻrisidagi shartnomani qabul qilishni taklif etamiz. Oʻylaymanki, ushbu keng qamrovli xujjatning ishlab chiqilishi tuzilmamiz faoliyatini yanada yuksak siyosiy pogʻonaga koʻtaradi.
Ikkinchidan, Tashkilotimiz doirasida yangi iqtisodiy imkoniyatlar makonini yaratish boʻyicha niyatimiz qatʼiydir.
Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, bugungi kunda davlatlarimizning tashqi tovar aylanmasida oʻzaro savdomiz ulushi ancha past darajada qolmoqda. Importimizning salmoqli qismi uchinchi davlatlar hissasiga toʻgʻri kelmoqda. Bu borada vaziyatni keskin oʻzgartirish vaqti keldi.
Eng avvalo, tarif va notarif toʻsiqlarni bartaraf etish, savdo-bojxona tartib-qoidalarini yengillashtirish, elektron tijorat platformalarini rivojlantirish boʻyicha aniq bitim va kelishuvlar ishlab chiqish lozim.
Savdo sohasidagi salohiyatimizni kengaytirishga qaratilgan chuqur tadqiqotlar olib borish uchun yaqin istiqbolda Toshkentda yetakchi milliy tahlil markazlarimizning anjumanini oʻtkazish ayni muddao boʻlar edi.
Kelgusi yil uchun iqtisodiy forum, savdo va sanoat koʻrgazmalari, mintaqa va viloyatlarimizning oʻzaro tashrif rejalarini, davlat xaridlarida ishtirok etish, kooperatsiya va lokalizatsiya qoʻshma dasturini qabul qilishimiz kerak. Bu ustuvor vazifalarni mamlakatlarimizning Bosh vazir oʻrinbosarlari zimmasiga yuklasak, albatta natijasi tezda koʻrinadi", deydi davlat rahbari.
Davlat rahbariga koʻra, uchinchidan, bugungi ogʻir global iqtisodiy sharoitda eng dolzarb muammo – bu investitsiya jarayonlarining uzluksizligini taʼminlashdir.
Jahon moliya bozorida kapitalga boʻlgan talab va uning narxi tobora oshib bormoqda. Rivojlanayotgan davlatlar uchun uzoq muddatli va “yashil” kreditlar ajratish shartlari qiyinlashmoqda.
"Biz Tashkilotimiz doirasida moliyaviy instrumentlarni joriy etishga jiddiy eʼtibor qaratishimiz kerak. Turkiy investitsiya jamgʻarmasi ishini faollashtirish, bizning tashabbusimiz boʻlgan Turkiy rivojlanish bankini tashkil etish masalalarini koʻrib chiqishimiz zarur, deb hisoblaymiz.
Mintaqaviy ahamiyatga ega loyihalarga xalqaro moliya institutlari va chet el investitsiya kompaniyalarini keng jalb etish ham dolzarb vazifadir. Bu borada Turkiy investitsiya forumini tashkil etishni taklif qilamiz va uning ilk tadbirini Oʻzbekistonda oʻtkazishga tayyormiz.
Toʻrtinchidan, yana bir ustuvor masala – bu transport koridorlaridan samarali foydalanishdir.
Oʻrta koridor boʻylab tranzit tariflarini maqbullashtirish, chegaralardan oʻtish jarayonlarini soddalashtirish, zamonaviy logistika tizimlari va qoʻshma operatorlarni yaratish umumiy manfaatlarimizga toʻla javob beradi.
Tashkilotimiz doirasidagi tashuvlarda elektron hujjatlar aylanmasiga oʻtish va ularni oʻzaro tan olish boʻyicha koʻp tomonlama bitimni imzolashga chaqiramiz.
Bunday dolzarb masalalarni biznes vakillari ishtirokida atroflicha muhokama qilish maqsadida Turkiy davlatlar logistika markazlari va yuk tashuvchilari alyansi bilan hamkorlikda Xalqaro logistika konferensiyasini oʻtkazishni taklif etamiz.
Beshinchidan, kelajak iqtisodiyotini keng joriy etishga qaratilgan Raqamli turkiy dunyo konsepsiyasini ishlab chiqish tashabbusini ilgari suramiz.
Mazkur konsepsiya mamlakatlarimizda toʻplangan ilgʻor tajriba va IT sohasidagi yutuqlarni oʻzaro almashish, innovatsiya, infratuzilma va ilm-fan boʻyicha raqamli tizimlarni, yirik data-markazlarini yaratishga xizmat qiladi", deya taʼkidladi Oʻzbekiston yetakchisi.
Shavkat Mirziyoyev Iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq oʻtkir ekologik muammolarga yechimlar topish maqsadida vazirlar darajasidagi Turkiy ekologik kengashni tezroq tuzish zarurligini taʼkidlab, uning birinchi uchrashuvini kelgusi yili Oʻzbekistonda oʻtkazishga tayyorligini bildirdi.
"Qardosh xalqlarimizni bir-biriga yanada yaqinlashtirish, yoshlarimizni ajdodlarimizga munosib ruhda tarbiyalash maqsadida turkiy ellar folklorining koʻp jildli majmuasini aʼzo mamlakatlar tillarida nashr etsak, manzur ish boʻlar edi.
Bu borada “Turkiy mamlakatlar tarixi” kabi fundamental tadqiqotlarni birgalikda yaratish dolzarb vazifamizdir. Shu bilan birga, turkiy tillardan bevosita tarjima qilishni ragʻbatlantirish, maktablarimizda turkiy xalqlar va ularning tarixi, etnografiyasi, madaniyati va sanʼati haqida fakultativ darslarni yoʻlga qoʻyish lozim, deb oʻylayman", dedi prezident.
Shu oʻrinda prezident Oʻzbekistonning Turkiy madaniyat va meros jamgʻarmasiga toʻlaqonli aʼzo boʻlishga tayyorligini bildirdi.




