Amanbay Orinbayev Joʻqorgʻi Kenges raisi lavozimiga saylandi
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi lavozimiga esa Farhod Ermanov nomzodi tasdiqlandi.

Amanbayev Orinbay Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi etib saylandi.
Bugun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining birinchi sessiyasi boshlandi.
Aytish joiz, 30 oktabr kuni eʼlon qilingan Joʻqorgʻi Kengesga saylov natijalariga koʻra, deputatlar tarkibi 63 foizga yangilandi.
Kun tartibida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarini roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqildi. Deputatlar bu boʻyicha tegishli qaror qabul qildi.
Bundan soʻng Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisini saylash toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqildi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining birinchi sessiyasida saylangan Oqsoqollar kengashining majlisi oʻtkazilib, unda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining Raisi lavozimiga 57-sonli "Berdaq" saylov okrugidan deputat Orinbayev Amanbay Tleubayevich nomzodi tavsiya etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining roziligi bilan sessiyada yashirin ovoz berish yoʻli bilan 57-sonli "Berdaq" saylov okrugidan deputat Orinbayev Amanbay Tleubayevich Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining Raisi etib saylandi.
Deputatlar bu boʻyicha tegishli qaror qabul qildi.
Bundan soʻng Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqildi.
Sessiyada Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi lavozimiga Farhod Ermanov nomzodi taqdim etildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda sessiyada F.Ermanov Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi etib tayinlandi.

Deputatlar bu boʻyicha tegishli qaror qabul qildi.