platina.uz
Jamiyat

Dehqonobod tumani hokimi oʻrinbosari qoʻlga olindi

May oyida ushlangan Xovos tumani hokimi oʻrinbosari esa Sardoba tuman sudining hukmiga muvofiq 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. 

Dehqonobod tumani hokimi oʻrinbosari qoʻlga olindi

DXX Qashqadaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazilgan.

Unda Dehqonobod tumani hokimining oʻrinbosari tumandagi Qorashina shaharchasini obodonlashtirish doirasida qurilgan obʼektni foydalanishga qabul qilish dalolatnomasiga imzo qoʻyish evaziga tuman hokimligining maʼmuriy binosi yonida 5 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur obʼektdagi kamchiliklarni solishtirma dalolatnoma rasmiylashtirish yoʻli bilan bartaraf etib berish evaziga 15 mln. soʻm olgan vaqtida Qashqadaryo viloyati hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi” davlat unitar korxonasi yetakchi mutaxassisi ham qoʻlga olindi.

Hozirda hokim oʻrinbosari hamda davlat unitar korxonasining yetakchi mutaxassisiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

Davlat xavfsizlik xizmatining Navoiy viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Navoiy shahrida faoliyat yurituvchi MChJ rahbari fuqaroga Xatirchi tumanidagi mahalla fuqarolar yigʻinlaridan birining hokim yordamchisi tavsiyanomasi asosida bankdan 100 mln. soʻm miqdorida imtiyozli kredit mablagʻi olib berish evaziga 20 mln. soʻm olgan vaqtida ushlandi.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, muqaddam sudlangan hokim yordamchisi oʻz xizmati uchun 10 mln. soʻm hamda Xatirchi tumanidagi aksiyadorlik tijorat banki mutaxassisi esa tegishli hujjatlarni tayyorlab, kredit mablagʻi ajratib berish evaziga 2 mln. soʻm olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168 va 211-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Shahrixon tumanidagi mahalla fuqarolar yigʻinlaridan birining hokim yordamchisi oʻz xizmat mavqeidan foydalangan holda, tadbirkorlik bilan shugʻullanmoqchi boʻlgan fuqaroga bankdan 100 mln. soʻm miqdorida imtiyozli kredit mablagʻi ajratilishida yordam berish evaziga 9 mln. soʻm olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda hokim yordamchisiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168 va 214-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

Joriy yilning may oyida Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda viloyat prokuraturasi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Xovos tumani hokimining oʻrinbosari oʻz xizmat mavqeidan foydalanib, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish va eksport qilish bilan shugʻullanuvchi MChJga tegishli yerlarni hokimlik zaxirasiga olmaslik, aksincha, sugʻorish ishlariga sharoit yaratib berish hamda faoliyatiga hech kim aralashmasligini taʼminlash evaziga 20 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 1000 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan edi.

Hovos tumani hokimi oʻrinbosariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasi 4-qismi “a” bandi hamda 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borildi.

Jinoyat ishlari boʻyicha Sardoba tuman sudining hukmiga muvofiq, mazkur mansabdor shaxs 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid