Chirchiq shahar hokimi oʻrinbosari 1 mln dollar bilan ushlandi
U 20 gektar yerni auksionga chiqarib, yutib berishni vaʼda qilgan.
Chirchiq shahar hokimining oʻrinbosari 1 mln AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi. Bu haqda DXX xabar berdi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Toshkent viloyati Chirchiq shahar hokimining oʻrinbosari xizmat mavqeidan foydalangan holda, klaster shaklidagi savdo majmuasi tashkil etish uchun 40 mln AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritish sharti bilan, shahar hokimligi zaxirasidagi 20 gektar yer maydonini auksion savdoga chiqartirib, yutib berish va 49 yil muddatga yerga egalik qilish huquqini rasmiylashtirishda koʻmaklashish evaziga 2 mln AQSh dollari talab qilib, oldindan 1 mln. AQSh dollarini oʻzining haydovchisi orqali olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda xizmat mavqeidan foydalanib, juda koʻp miqdorda pora olgan hokim oʻrinbosariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi va qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.