Yevropa Tramp saylansa AQSh bilan "munosabatlardagi uzilish"ga tayyorlanmoqda
Eng katta tashvish Trampning yuqori import bojlarini joriy etish haqidagi vaʼdasidir. Bundan tashqari u Ukrainani ham yon berishga majburlashi mumkin.

Yevropa davlatlari AQSh prezidentligiga nomzod Donald Tramp saylovda gʻalaba qozonsa, Qoʻshma Shtatlar bilan "transatlantik munosabatlarni uzish ehtimoli"ga tayyorlanmoqda.
Shu bilan birga, The Washington Post nashriga intervyu bergan siyosatchilarning qayd etishicha, mintaqani Amerika prezidenti kim boʻlishidan qatʼi nazar, katta sinov kutmoqda.
Materialda qayd etilishicha, eng katta tashvish Trampning yuqori import bojlarini joriy etish haqidagi vaʼdasidir. "Trampni tinchlantirish" uchun Yevropa javob yechimlari roʻyxatini tuza boshladi va muzokaralar strategiyasini belgiladi. Shu bilan birga, Germaniya iqtisodiyoti bojlarning oshishiga eng zaif boʻlgani aytiladi.
"Tramp bilan savdo urushi ehtimoli retsessiya qoʻrquvini kuchaytiradi. Nemis iqtisodiyot instituti Trampning tariflari nemis kompaniyalari uchun 162 milliard dollar yoʻqotishga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
Yevropani tashvishga solayotgan yana bir mavzu Donald Trampning NATO va Ukrainadagi mojaro haqidagi pozitsiyasidir. Sobiq prezident harbiy blok mamlakatlarini mudofaa uchun yetarli mablagʻ ajratmayotgani uchun tanqid qildi. WP maʼlumotlariga koʻra, agar u saylovda gʻalaba qozonsa, respublikachi Ukrainani hududini berishga majburlamoqchi va Rossiya bilan tinchlik kelishuviga rozi boʻlmoqchi. Vashington pozitsiyasi oʻzgarishi oqibatlarini oldini olish uchun NATO Kiyevga yordam koʻrsatish boʻyicha AQSh masʼuliyatining bir qismini oʻz zimmasiga oldi va Yevropa davlatlari oʻz xarajatlarini oshirdi. Biroq Yevropa rasmiylari AQShning qoʻllab-quvvatlashidan mahrum boʻlish" halokatli zarba" boʻlishini tan olishadi.
AQShda saylovlar 5 noyabr, seshanba kuni boʻlib oʻtadi. 70 milliondan ortiq amerikaliklar allaqachon prezidentlik saylovlarida muddatidan oldin ovoz berishgan.