platina.uz
Jamiyat

Savdo shoxobchalarida sotilayotgan sifatsiz mahsulotlar yuzasidan chora koʻrildi

Samarqandda AI-80 markali avtobenzin sifatsiz deb topilgan, Surxondaryoda sotilayotgan osh tuzida yod koʻrsatkichi talabga javob bermasligi aniqlandi. 

Savdo shoxobchalarida sotilayotgan sifatsiz mahsulotlar yuzasidan chora koʻrildi

Raqobat qoʻmitasi boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda mamlakat aholisini asosiy turdagi isteʼmol tovarlari sifati va xavfsizligini taʼminlash yuzasidan tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturiga asosan muntazam ravishda nazorat xaridi tadbirlarini tashkil etib bormoqda.

Surxondaryo viloyati misolida hududiy boshqarma tomonidan 2024 yil 9 oyi davomida 10 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari va salqin ichimliklar boʻyicha viloyat Sanitariya va osoyishtalik markazi hamda Texnik jixatdan nazorat qilish inspeksiyasi bilan hamkorlikda nazorat tadbirlari oʻtkazildi.

Sinov natijalari “Oygul” savdo belgisi ostida ishlab chiqarilgan 700 gr qadoqdagi birinchi navli osh tuzi yod elementi koʻrsatgichi boʻyicha amaldagi (San QM №0366-2019 yil) meʼyoriy hujjat talabiga javob bermasligi maʼlum boʻldi. Mazkur birinchi navli osh tuzlarning 230 kg qoldigʻini savdo rastalaridan olib tashlandi.

Qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish boʻyicha YaTT “Muhiddinova Feruza”ga kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan koʻrsatma berildi.

Sirdaryo viloyatida hududiy boshqarma tomonidan gazli salqin ichimliklar (jumladan, energetik ichimlik), bolalar sharbati, elektron sigaret, un mahsuloti hamda antiperspirant mahsulotlari boʻyicha nazorat xaridi tadbiri oʻtkazildi. Laboratoriya tahlillarida deyarli barcha mahsulotlarning sifat va qadoqlash koʻrsatkichlari belgilangan normativ hujjatlarga mosligi, ammo “BOYOVUT MAX PROFIT” MChJ (Oʻzbekiston Respublikasi) tomonidan 25 kg miqdorda propilen qoplarda qadoqlangan un mahsuloti tamgʻalanishida qonunbuzilishlarga yoʻl qoʻyilganligi aniqlandi.

"Oziq-ovqat mahsulotini tamgʻalash yuzasidan uning xavfsizligi toʻgʻrisida"gi umumiy texnik reglamentining 8 va 58-bandi talablariga nomuvofiq ekanligi maʼlum boʻldi. Shunga asosan ushbu holatlarni bartaraf etish boʻyicha ishlab chiqaruvchiga xat yuborildi.

Samarqand viloyatida hududiy boshqarma tomonidan AYoQShdan AI-80 va AI-92 rusumli avtobenzin mahsulotining nazorat xaridi oʻtkazildi. Olingan namunalar “O‘ZENERGOINSPEKSIYA” Toshkent markaziy nazorat-kimyo laboratoriyasi orqali tekshirish oʻkazilganda, AI-80 markali avtobenzin sifatsiz deb topildi.

Hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan “Xoji Axmad Bobo” MChJ avtomobillarga yoqilgʻi quyish shoxobchasiga nisbatan belgilangan tartibda ish qoʻzgʻatilgan. Isteʼmolchilarga 693 litr AI-80 markali sifatsiz avtobenzinni sotganligi sababli 5,1 mln soʻm miqdorida isteʼmolchilarga zarar yetkazilgan deb topildi. Ushbu subʼektga qonunda belgilangan taʼsir choralari qoʻllanildi.

Namanganda hududiy boshqarma tomonidan Namangan shahridagi “Sardoba” bozorida nazorat xaridlari uchun paxta yogʻi va kolbasa mahsulotlari namunalar sotib olindi va “Oʻzbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” davlat muassasasi (Uztest DM)ga yuborildi.

Laboratoriya natijalarida “Aziya gold” paxta yogʻi “Yogʻ-moy mahsulotlarining xavfsizligi toʻgʻrisida”gi umumiy texnik reglament talablarida belgilangan rangda emasligi aniqlandi.

Shuningdek, “Chimkentskaya” kolbasa maxsuloti “Oziq–ovqat maxsulotlarini tamgʻalash yuzasidan uning xavfsizligi toʻgʻrisida”gi umumiy texnik reglament asosida yorliqlanmaganligi maʼlum boʻldi.

Hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan “ALI ABDULLO BRAND” MChJ sifatsiz paxta yogʻini sotib, 4 mln soʻmga yaqin asossiz daromad olgani hamda “ANKABUD SANOAT SAVDO” MChJ tamgʻalanishi amaldagi meʼyoriy hujjatlarga nomuvofiq boʻlgan kolbasa mahsulotini sotib 3 mln soʻmga yaqin asossiz daromad olib, Oʻzbekiston Respublikasining “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 9-11-13-20-moddalari talablarini buzgan deb topilib, belgilangan tartibda ish qoʻzgʻatildi va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatma berildi.

Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha hududiy boshqarmaning Maxsus komissiyasi tomonidan tadbirkorlik subʼektlariga tegishli koʻrsatmalar berildi.

Navoiy viloyatida hududiy boshqarma tomonidan Navoiy shahridagi dehqon bozoridan “Bekajon” oliy navli paxta yogʻi hamda “Black Garlic shampun” soch yuvish vositasidan tegishli tartibda namunalar xarid qilinib, laboratoriya sinovlaridan oʻtkazildi.

Mahsulotlar “Oʻzbekiston ilmiy va sifat nazorati markazi” davlat muassasasi “UzTest” sinov laboratoriyasi tomonidan oʻtkazilgan tahlillarda “Zamin agro oil” MChJ tomonidan ishlab chiqarilgan “Bekajon” oliy navli ikki litrlik idishda qadoqlangan paxta yogʻida rangi qizillik darajasi oshib ketganligi aniqlangan. Ushbu mahsulotni isteʼmolga yaroqliligi yoki yaroqsizligi boʻyicha tekshiruv oʻtkazish yuzasidan Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi Navoiy viloyati boʻlimiga yuborildi.

Hududiy boshqarma tomonidan Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi Jizzax viloyati boʻlimi bilan hamkorlikda Jizzax shahar “Markaziy dehqon bozori” AJ hududidagi savdo rastalaridan 5 turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining nazorat xaridi oʻtkazildi.

Jumladan, YaTT “R.Y.O” tomonidan sotilayotgan osh tuzlarining yaroqlilik muddati 12 oy etib belgilangan boʻlsa-da, ishlab chiqarilgan sanasi koʻrsatilmagan, “UZ TEST” markazi xulosalariga koʻra, 2 turdagi tuz mahsulotlari isteʼmolga yaroqsiz ekanligi aniqlandi. Mazkur sifatsiz mahsulotlar qonunchilikda belgilangan tartibda savdodan olindi va chora koʻrish yuzasidan vakolatli organ Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi Jizzax viloyati boʻlimiga hujjatlar taqdim etildi.

Shuningdek, “UZ TEST” markaziga topshirilgan boshqa tadbirkorlik subʼektlari tomonidan sotilayotgan kolbasa, gazli “Mors” va bolalar yaxna ichimliklari va “Musaffo” yogurt mahsulotlari sifati va tarkibi Davlat standarti talablariga mos keldi.

Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan “O‘zenergoinspeksiya” viloyat hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda benzin mahsulotining sifati va narxini barqarorlashtirish maqsadida viloyatda faoliyat olib borayotgan avtomobillarga yoqilgʻi quyish shoxobchalarida nazorat xaridi oʻtkazildi.

Tadbirni oʻtkazishdan asosiy maqsad AYoQShda sotilayotgan AI-80 rusumli benzinning chakana savdoda asossiz yuqori narxlarda sotilishi, mahsulotning sifati hamda noqonuniy sotilishining oldini olishga qaratilgan.

Bugungi kunda savdoda boʻlgan hamda isteʼmolchilarga taqdim qilinayotgan avtobenzin mahsulotidan belgilangan tartibda namunalar olindi va sifat tahlillarini oʻtkazish uchun kimyo-nazorat laboratoriyalariga yuborildi.

Fargʻona viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan joriy yilning avgust-sentabr oylari davomida 8 ta (bolalar uchun salqin ichimlik mahsulotlari (3 turdagi), idish yuvish gel mahsulotlari (3 turdagi), bolalar uchun ozuqalar va qandolat mahsulotlari boʻyicha nazorat xaridi oʻtkazildi.

Jumladan, “Asl Choy”, “Severon” va “Aqlvoy” salqin ichimlik mahsulotlari “UzTest” DMdan sinovdan oʻtganda mikrobiologik koʻrsatkichlar talablariga koʻra nomuvofiq deb topilgan.

Shuningdek, “Woom” idish yuvish vositasi mahsulotlari boʻyicha Fargʻona filiali sinov laboratoriyasi bergan tahliliga koʻra, vodorod ionlarining koʻrsatkichlari boʻyicha nomuvofiq deb topilgan.

Mazkur holat yuzasidan hududiy boshqarmaning Maxsus komissiyasi tomonidan mazkur toʻrtta ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 4-6-11-12-20-moddalari talablari buzilgan deb topilib, belgilangan tartibda ish qoʻzgʻatildi hamda korxonalarga nisbatan bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar berildi. Sifatsiz mahsulotlarni ishlab chiqarilishi toʻxtatildi.

Maʼlumot oʻrnida. “Bolalar ozuqalari” va qandolat mahsulotlari mahsulotlar namunalari boʻyicha laboratoriya tahlil ishlari davom etmoqda.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid