Poytaxtda “Yashil shahar” kuni oʻtkaziladi
Daraxtlarni har kim oʻzi xohlagan joyda — uy hovlisida, korxona hududida yoki hokimiyat tavsiya etgan boshqa maqbul joylarda ekishi mumkin.

Toshkent shahar hokimligining xabar berishicha, 9 noyabr kuni poytaxtda “Yashil shahar” kuni oʻtkaziladi.
Hokimlik barcha tashkilotlar, korxonalar hamda faol fuqarolarni daraxt ekish tashabbusiga qoʻshilishga chorlamoqda.
Poytaxtning iqlim sharoiti va mavsumiy xususiyatlarini inobatga olgan holda, yagona ekotizimni saqlash maqsadida, mutaxassislar daraxtlarning yaxshi ildiz otishi uchun qalamchalar oʻrniga 2 yoshdan katta koʻchatlarni ekishni va sugʻorish tizimi mavjud joylarni tanlashni tavsiya etmoqda.
Shuningdek, manzarali daraxtlardan chinor, lola daraxti, lipa, katalpa, zarang, qayragʻoch, eman, oq/pushti akatsiya kabi turlariga eʼtibor qaratish lozimligi taʼkidlangan.




