Poytaxtda MChJ rahbari sudlandi
U Toshkent shahar hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi" masʼullari bilan til biriktirib, qoʻshib yozgan va hujjatlarni soxtalashtirgan.
2024 yil 25 oktabr kuni jinoyat ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tumani ochiq sud majlisida koʻrib chiqilgan ishga koʻra, “KARKAS JBI TRADE” MChJ taʼsischisi va rahbari Ch.M. Toshkent shahar hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi" DUK buyurtmasi asosida Qurilish vazirligining tanlov savdolarini tashkil etish Toshkent shahar konsalting markazi tomonidan eʼlon qilingan tender tanlovida ishtirok etib, 3,1 mlrd soʻmga bajarish sharti bilan tanlov gʻolibi deb topilishga erishgan.
Shundan soʻng buyurtmachi “Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi” DUK va "KARKAS JBI TRADE" MChJ oʻrtasida pudratchi sifatida Mirzo Ulugbek tumanidagi 421-koʻp qavatli uyning fasad qismi, kirish yoʻlaklari, umumiy oshxonasi, umumiy vanna va hojatxonasini taʼmirlash ishlarini 3,1 mlrd soʻmga 150 kunda yakunlash majburiyatini oʻz zimmasiga olgan.
Ch.M. bajarilishi koʻzda tutilayotgan taʼmirlash ishlariga haqiqatda bajarilmagan ishlarni qoʻshib yozgan holda toʻlovga taqdim etish kabi iqtisodiy yashirin jinoiy usulda, noqonuniy yoʻllar bilan boylik orttirish maqsadida jamiyat bosh hisobchisi Dj.S., “Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi" DUK tomonidan bajarilgan ishlar sifatini texnik nazorat qilish, funksional vazifasiga asosan bajarilgan ishlar hajmini tekshirish va qabul qilish uchun maʼsul R.B. va A.N. bilan oldindan jinoiy til biriktirib, haqiqatda 2,9 mlrd soʻmlik ishlar bajarilganini bila turib, mansab mavqeini suiisteʼmol qilgan holda bajarilmagan ishlar va toʻlovga ortiqcha taqdim etilgan ishlar uchun ortiqcha (54,224,786 + 2,075,838) pulni buyurtmachi hisobraqamidan MChJ hisobraqamiga tushirib, ancha miqdordagi byudjet mablagʻlarini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilgan.
Bundan tashkari Ch.M. oʻz jinoiy harakatlarini davom ettirib, jinoiy harakatlarini yashirish va muqarrar jazodan qutulib qolish uchun DUK masʼuli F.B. bilan oldindan jinoiy til biriktirgan holda, bir guruhga birlashib, yukoridagi bajarilgan ishlar tannarxi haqidagi hisob-varaqlari (forma-3) bilan toʻlovga ortiqcha taqdim etilganini yashirish maqsadida, ushbu ishlarga sarflangan qurilish materiallari va boshqa xarajatlarni tasdiqlovchi, muhim ahamiyatga ega “qilingan ish turlari va sarflangan qurilish materiallari roʻyxati” (forma-2)larni qasddan nobud qilgan.
Sudlanuvchi Ch.M. sud majlisida unga nisbatan eʼlon qilingan ayblovga toʻliq iqrorligini bildirib, zararni qoplaganini, nafaqa yoshidaligini aytib, unga nisbatan yengillik berilishini soʻragan.
Sud sudlanuvchiga nisbatan jazo turi va miqdorini tayinlashda sodir etilgan jinoyatlarning ijtimoiy xavflilik darajasi va xususiyatini, uning shaxsini eʼtiborga olib, jinoyatni gʻaraz va past niyatlarda sodir etgani jazoni ogʻirlashtiruvchi holat deb hisoblab, shu bilan birga aybiga qisman iqrorligi, qilmishidan pushaymonligi, moddiy zararni toʻliq qoplagani, fuqaroviy daʼvogarning daʼvosi yoʻqligi, 60 yoshdan oshgani, yurak-qon tomirlariga sunʼiy moslamalar oʻrnatilganini jazoni yengillashtiruvchi xolatlar deb eʼtirof etdi. Shu boisdan unga nisbatan JKning 57-moddasini qoʻllab, shu bilan birga moddiy zarar qoplangani hamda nafaqa yoshida ekanini ham eʼtiborga olib, axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash, ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlash qonunga zid ekani uchun ayblanayotgan moddalar sanksiyasida nazarda tutilgan jarima jazosining eng kam miqdorda tayinlashni maqsadga muvofiq deb hisobladi.
Shu tariqa sud Ch.M.ga JKning 167-moddasi 2-qismi “b,v,g" bandlari bilan unga nisbatan JKning 57-moddasini qoʻllab, bazaviy hisoblash miqdorining 55 baravari, yaʼni 18,1 million soʻm jarima jazosini tayinladi.
Sud hujjati Oliy sud ochiq portalidan olindi.