platina.uz

DXX bir qator narkokurerlarni qoʻlga tushirdi

Qonunbuzarlarga Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

Jamiyat
2-noyabr, 14:49
DXX bir qator narkokurerlarni qoʻlga tushirdi

Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari bojxona hamda ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda bir nechta tezkor tadbirlarda narkokurerlarni qoʻlga oldilar.

Jumladan, tojikistonlik narkokurerlar tomonidan aylanma yoʻllar orqali olib kelinib, Quyichirchiq tumanidagi xufiya joyga qoldirib ketilgan 1 kg 834 gr "gashish" moddasini qabul qilib olgan vaqtlarida 2 fuqaro ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Boshqa holatda esa "Surxondaryo-Toshkent" yoʻnalishida harakatlanayotgan "Neksiya" avtomashinasi Oʻrtachirchiq tumani hududida muqaddam sudlangan shaxs 1 kg "gashish" moddasi yashirib qoʻyilganligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Aniqlanishicha, ular Tojikistondan keltirilgan ajal ogʻusini Surxondaryoda qabul qilib olishgan va uni sotib moʻmay daromad topishni rejalashtirishgan.

Navbatdagi holatda Denov hamda Sariosiyo tumanlarida yashovchi 3 fuqaro 985 gr "gashish" moddasini "Neksiya" mashinasida Toshkent shahriga olib ketayotgan vaqtlarida Zangiota tumanida toʻxtatib qolindi.

Ohangaron tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, 3 nafar fuqaro Qoʻqon shahriga borib, hozirda shaxsiga aniqlik kiritilayotgan narkosavdogardan 168 gr "gashish" hamda 722 dona "Regapen" kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini 43 mln soʻmga sotib olib, uyiga qaytib kelayotgan vaqtlarida qoʻlga olindi. Aniqlanishicha, ushbu giyohvandlik vositalari Qirgʻizistondan olib kelingan.

Yana bir holatda esa "Fargʻona-Toshkent" yoʻnalishida harakatlanayotgan "Lasetti" avtomashinasi Ohangaron shahri hududida 2 nafar yoʻlovchiga tegishli 826 dona "Regapen" kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Maʼlum boʻlishicha, ular Qirgʻiz Respublikasidan aylanma yoʻllar orqali olib kelingan ushbu dori vositalarini Qoʻqon shahrida yashovchi fuqarodan 22 mln 500 ming soʻmga sotib olishgan.

Hozirda barcha holatlar boʻyicha qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+