platina.uz

Prezident Navoiydagi investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi

Davlat rahbari Navoiy shahridagi maktabga bordi, Navbahordagi texnikumni borib koʻrdi,  ziyolilar va nuroniylar bilan suhbatlashdi. 

Jamiyat
1-noyabr, 9:16
Prezident Navoiydagi investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi

Shavkat Mirziyoyev Navoiydagi investitsiya loyihalari taqdimotlari bilan tanishdi, maktab va mahallaga bordi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Navoiy shahridagi sanoat zonasida “Universal filter” brendi ostidagi mahalliy mahsulotlarni koʻzdan kechirdi. Bu yerda transportlar uchun havo va moy filtrlari, metallurgiya, neft-gaz va kimyo sanoati korxonalari uchun buyumlar - jami 600 turdan ortiq mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.

Oʻz faoliyatini 2007 yilda qurilish materiallari tarmogʻidan boshlagan tadbirkor 2020-2023 yillarda 20 million dollarlik loyihalarni amalga oshirgan. Bugungi kunda uch gektar maydonda 6 ta yoʻnalish yoʻlga qoʻyilgan. Korxonalarga Rossiya, Xitoy, Slovakiya kabi davlatlardan zamonaviy texnologiyalar keltirib oʻrnatilgan.

Tadbirkorning aylanma mablagʻi bundan yetti-sakkiz yil oldin atigi 1 milliard soʻm edi. Endilikda joriy yil yakuniga qadar 200 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqariladi. 250 kishining doimiy bandligi taʼminlangani esa ijtimoiy muhim jihat.

Davlat rahbari bu yerdagi ish jarayoni va mahsulotlar bilan tanishdi.

Mamlakatda atmosfera havosiga taʼsiri boʻlgan 3 mingdan ziyod sanoat korxonasi mavjud. Ulardagi chang-gaz tozalash uskunalarining koʻpi eskirgan. Ilgari bu yoʻnalish faqat chet elga bogʻlanib qolgani uchun filtrlarni yangilash yillab choʻzilgan. Endi bu sohada ham importga raqobatdosh oʻz mahsulotlarimiz va xizmat koʻrsatish paydo boʻlmoqda. Joriy yilning toʻqqiz oyida yuzdan ortiq korxonaning chang-gaz tozalash uskunalari yangilandi.

Bunday ishlarda mazkur korxonaning ham oʻrni bor. Ishlab chiqarish hajmi yildan-yilga ortmoqda. Mahsulotlar mahalliylashtirilishi natijasida sifatni yoʻqotmagan holda tannarxni tushirishga erishilmoqda.

Korxona mahsulotlari Rossiya, Qozogʻiston, Tojikiston va Ozarbayjonga ham joʻnatilmoqda. Joriy yil yakuni boʻyicha eksport hajmi 1 million dollarga yetishi kutilmoqda. Kelgusida bu geografiyani va miqdorni oshirish maqsad qilingan.

Davlat rahbari Navoiy viloyatida rejalashtirilgan yangi investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

Keyingi yetti yilda viloyatga 3 milliard 500 million dollardan ortiq investitsiyalar jalb etilgan. Ularning natijasida 64 ming 700 ta ish oʻrni va yiliga 1 milliard 200 million dollarlik eksport imkoniyati yaratilgan. Bu yil 2 milliard 100 million dollarlik 577 ta loyiha amalga oshirilmoqda.

Bu ishlar izchil davom ettirilib, xorijiy investor va mahalliy tadbirkorlar tomonidan umumiy qiymati 26 milliard 800 million dollarlik yuzdan ortiq strategik va yirik loyiha shakllantirilgan.

Prezidentga ularning 12 tasi taqdimot qilindi.

Loyihalarga AQSh, Fransiya, Germaniya, Avstriya, Rossiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Xitoy, Yaponiya, Koreya, Turkiya kabi mamlakatlar kompaniyalari investitsiya kiritmoqda. Bu tashabbuslar kimyo, energetika, togʻ-kon, elektrotexnika, tibbiyot, qurilish industriyasi, tekstil va toʻqimachilik kabi tarmoqlarni qamrab olgan.

Masalan, Xitoy bilan hamkorlikda Karmana tumanida yiliga 2 milliard 500 million soʻmlik yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar tayyorlaydigan loyihalar amalga oshiriladi. Kimyo hamda qurilish materiallariga ixtisoslashgan sanoat parkini tashkil etish, shamol generatorlari uchun parraklar ishlab chiqarish korxonasi shular sirasiga kiradi.

Shu tumanda Rossiya bilan yana bir investitsion tashabbus – oziq-ovqat sanoati uchun alyumin qadoqlar yasash yoʻlga qoʻyiladi. Turkiya bilan hamkorlikda Konimex tumanida yiliga 370 ming tonna fosforit qazib olish, qayta ishlash hamda fosfor kislotasi va mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarish tashkil etiladi. Avstriya bilan esa Navoiy shahrida yiliga 170 ming tonna sianit natriy tuzlari va kaustik soda olish loyihasi rejalashtirilgan.

Mazkur loyihalar natijasida 17 ming 800 nafardan ortiq aholi ish bilan taʼminlanadi.

Prezident tashabbuskorlarga tashkiliy-moliyaviy masalalarda koʻmaklashib, loyihalarni tezlashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Davlat rahbari “Yangi Navoiy” shaharchasi qurilish maydonida boʻlib, nuroniylar va ziyolilar bilan suhbatlashdi.

- Bugun bu yerga Navoiy viloyatidagi 8 ta tuman, 3 ta shaharning ertangi kuni qanday boʻladi, degan savolga javob topish uchun keldik. Aslida, bitta roʻzgʻorni tebratishning oʻzi boʻlmaydi. Xudoga shukur, aholimiz 38 millionga yaqinlashayapti. Buning uchun xalqimizga munosib mustahkam zamin yaratib borishimiz kerak. Bunday yangi shaharchalarni nima uchun qurayapmiz? Yoshlarimiz oʻsib kelayapti. Ular oʻzi tugʻilib oʻsgan joyida ishlab, yaxshi yashashi uchun hamma hududlarda sharoit yaratamiz, - dedi Prezident.

Loyiha uchun 1 ming 100 gektar yer Karmana tumanidan Navoiy shahriga oʻtkazilgan. Birinchi bosqichda 450 gektar maydonda qurilish rejalashtirilgan.

Shaharchada 7-22 qavatli uy-joylar, 4 ming 170 oʻrinli umumtaʼlim maktablari, 1 ming 620 oʻrinli bogʻchalar, poliklinika barpo etiladi. “Yangi Oʻzbekiston” bogʻi, Navoiy davlat pedagogika institutining yangi kampusi ham shu yerda boʻladi.

Bugun Navoiy shahrida bunyodkorlik jadal. Farovon - yangi tashkil topgan mahallalardan biri. Bu yerdagi 50 dan ortiq koʻp qavatli uyda 15 ming nafardan ziyod aholi yashaydi. Hududda koʻplab savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalari, teatr va mehmonxonalar, bogʻcha va maktablar barpo etilgan.

Davlat rahbari shu yerdagi 22-umumtaʼlim maktabida boʻldi.

Mamlakatimizda maktab taʼlimi umummilliy harakatga aylanmoqda. “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida ham taʼlim sohasi eng birinchi vazifa sifatida belgilangan.

1 ming 800 nafarga yaqin oʻquvchi taʼlim-tarbiya olayotgan bu muassasa oʻtgan yili qurilib, foydalanishga topshirilgan. Barcha sinfxonalar, laboratoriya, kompyuter va xorijiy til xonalari, sport zali, futbol maydoni, oshxonada zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Kutubxona 3 mingdan ortiq kitoblar bilan taʼminlanib, Alisher Navoiy nomidagi milliy kutubxona tizimiga ham ulangan.

Davlatimiz rahbari tomonidan taʼlim sifatini Prezident va ixtisoslashtirilgan maktablarga yaqinlashtirish vazifasi qoʻyilgan. Shu maqsadda muassasaga 104 nafar oʻqituvchi bilimi va pedagogik mahorati boʻyicha saralab ishga qabul qilingan. Darslar ham ilgʻor maktablar dasturi asosida olib borilmoqda.

Yoshlarga kamida ikkita chet tili va bitta zamonaviy hunar oʻrgatish jarayoni bu yerda ham izchil amalga oshirilmoqda. Buning uchun maktabda amaliy sanʼat, mehmonxona xizmati, rassomchilik, suratkashlik, IT yoʻnalishi, robototexnika kabi kasb-hunarlar boʻyicha oʻndan ortiq toʻgaraklar tashkil etilgan.

Mudofaa vazirligi bilan hamkorlikda “Vatan tayanchi” harbiy vatanparvarlik guruhi tashkil etilgan. Unda Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi buyuk sarkardalar jasorati haqida muloqotlar boʻladi. Vatanparvarlik tadbirlari, sport musobaqalari tez-tez oʻtkaziladi.

- Ilmli boʻlish, kasb-hunar egallash yaxshi. Qalbingizda vatanparvarlik kuchli boʻlsa, shijoatingiz yanada baland boʻladi, - dedi Prezident.

Maktabda “Iqtidor” klubi ham tashkil etilgan. Unda ijodkor oʻquvchilar musiqa, teatr va sanʼat yoʻnalishida turli mashgʻulotlarda ishtirok etadi.

Prezidentimiz maktab faoliyati bilan tanishib, oʻqituvchi va oʻquvchilar bilan suhbatlashdi.

- Mening eng katta tashvishim, maqsadim - yoshlar tarbiyasi. Biz olgan marralar uchun bilimli avlod kerak. Buning uchun hamma sharoitlarni yaratishga harakat qilayapmiz. Sizlar esa vaqtning qadriga yetib, bor imkoniyatni ishga solib, oʻqishingiz kerak. Olgan bilimingiz, oʻrgangan kasb-hunaringiz kelajakda sizlarga qanot boʻladi, - dedi Prezident bolalarga.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyati Navbahor tumanidagi politexnikumda boʻldi.

Mamlakatimizda eng asosiy masalalardan biri - bandlik. Aholiga talab yuqori kasblarni oʻrgatish maqsadida texnikumlar tarmogʻi rivojlantirilmoqda.

Bugungi kunda Navoiy viloyatida 25 ta professional taʼlim muassasasi bor. Ularda 12 ming fuqaro oʻqimoqda. Ularga malakali pedagoglar, 234 nafar ishlab chiqarish ustalari biriktirilgan.

2-son politexnikumda 41 ta oʻquv va laboratoriya xonasi, 350 oʻrinli faollar va sport zallari, 100 oʻrinli yotoqxona va oshxona mavjud. Maktab bitiruvchilari va turli yoshdagi fuqarolar uchun kunduzgi, sirtqi, kechki va dual taʼlim yoʻlga qoʻyilgan.

Kasblarni amaliyot bilan bogʻlashda viloyatdagi yirik sanoat korxonalari katta oʻrin tutmoqda.
Masalan, Navoiy kon-metallurgiya kombinati oʻzi uchun zarur payvandlovchi va chilangar, “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyati kimyoviy texnologiya laboranti, Navoiy issiqlik elektr stansiyasi elektr montajchi kasblariga yoshlarni maqsadli tayyorlaydi. Buning uchun sanoat korxonalari texnikumda oʻz boʻlimlarini ochgan. Oʻquvchilar bir vaqtning oʻzida ham kasb oʻrganadi va bajargan ishiga yarasha maosh oladi.

Mahallalar bilan birgalikda ishsiz fuqarolar, malakasi yetarli boʻlmaganlar, ishlash istagidagi ayollar ham oʻqishga jalb etilmoqda. Kasblarni yaxshi egallaganlar shu korxonalarga ishga olinadi.

Prezident bu yerda oʻqiyotgan xotin-qizlar bilan suhbatlashdi.

- Sizlarda ishonch va intilish paydo boʻlganidan xursandman. Kasbni mahkam tutib, hayotda oʻz oʻrningizni toping. Mehnatingizdan baxt topishingiz uchun sizlarni qoʻllab-quvvatlaymiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, “Mengi tekstil grup” va “Navbahor Qorajon” tekstil korxonalari bilan dual va qisqa muddatli oʻquv kurslari tashkil etilgan. Xotin-qizlar yetarli koʻnikmaga ega boʻlgach, tikuvchilik sexlariga ishga qabul qilinadi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+